Yamandagi nizolashayotgan tomonlar 2-oktyabrda yakunlanadigan yarashuv rejimini uzaytirishga kelisha olmadi. Bu haqda bmt maxsus vakili Xans Grundberg maʼlum qildi.
Yarashuv shartlaridan biri xusiylarning BAA va Saudiya Arabistoni neft obyektlariga hujum qilishdan oʻzini tiyishi hisoblanadi. Ammo ular bunga rozi boʻlmagan.
“Agar Saudiya Arabistoni va Amirliklar Yaman xalqini tabiiy boyliklaridan mahrum qilishda davom etsa, bizning qurolli kuchlar ham bu davlatlarni boyliklardan mahrum qilishga qodir. Hamma narsa boʻlishi mumkin”, — deyiladi xusiylar bayonotida.
BMT maxsus vakili yarashuv yana olti oyga uzaytirilmaganidan afsus bildirdi. U bunga erishish uchun barcha tomonlar bilan ishlashni davom ettirishini taʼkidlagan.
Yamanda yarashuvga 2-aprel kuni erishilgandi. Unga koʻra, xalqaro koalitsiya xusiylarga zarba berishdan, xusiylar oʻz navbatida BAA va Saudiya Arabistoni hududiga hujum uyushtirishdan tiyilishga kelishib olgandi. Xusiylar mamlakat hududining 20 foizini nazorat qilsa-da, bu yerda 80 foiz aholi yashaydi.
Yamanda fuqarolar urushi 2014-yildan buyon davom etadi. Bu dunyodagi eng yirik gumanitar halokatni keltirib chiqardi.