Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati maʼlum qildi.
Robot texnologiyalari — zamonaviy tibbiyotning kelajagi. Shu bois, Prezidentimiz oʻtgan yili soha xodimlari bilan boʻlgan uchrashuvda ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari oldiga ushbu ilgʻor raqamli yechimlarni amaliyotga keng tatbiq etish vazifasini qoʻygan edi.
Eʼtiborlisi, akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi davlatimiz rahbarining ana shu topshirigʻi asosida birinchilardan boʻlib robot-assistentli xirurgik tizimni yoʻlga qoʻydi.
Bu esa Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimi tarixida muhim voqea boʻldi. Shu tariqa mazkur markaz bunday zamonaviy texnologiyani amaliyotga joriy etgan navbatdagi davlat davolash muassasasiga aylandi.
Bugun ushbu muhim voqeaga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi. Unda Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari A.Boboyev ishtirok etdi.
Shuningdek, taqdimotda barcha viloyat koʻp tarmoqli shifoxonalari xirurgiya boʻlimlari xodimlari videokonferens-aloqa orqali qatnashdi.