Toshkent viloyati ekologiya boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Angren IES bilan bogʻliq aks etgan murojaat boʻyicha oʻrganganini maʼlum qildi.

Taʼkidlanishicha, tekshirish davomida atmosfera havosiga tashlanayotgan zararli moddalar belgilangan meʼyorlarga nisbatan yuqori ekanligi aniqlandi. Shu bilan birga, chang gaz tozalash uskunalari (filtirlari) samaradorligi 80 foizga tushib ketgan.

Mazkur holat boʻyicha atmosfera havosini zararli moddalar bilan ifloslantirganligi uchun 887 million, sanoat chiqindilarini belgilanmagan joyga joylashtirganligi uchun 116 million, jami 1 milliard 3 million soʻm kompensatsiya toʻlovlari hisoblandi.

Bundan tashqari 11 nafar mansabdorga nisbatan tegishli choralar koʻrish yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlariga murojaat qilindi. Shuningdek, atmosfera havosini ifloslanishini oldini olish boʻyicha chang gaz tozalash uskunalarini ishlash samaradorligini oshirish boʻyicha kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.