Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiqoʻrgʻon tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro N.X. va Sh.A.lar oʻzaro til biriktirib, “A.T.C.” korxonasiga aʼzo qilish va “elektron doʻkon” sotib olish evaziga fuqaro O.Yu.dan 920 ming soʻm va fuqaro G.D.dan 300 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlanganlar.

Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv jarayonida fuqaro N.X. va Sh.A.ning yana bir jinoyati fosh etildi.

Fuqaro N.X. va Sh.A.lar tomonidan fuqarolarni “A.T.C.” saytiga aʼzo boʻlish, boshqa fuqarolarni mazkur saytga aʼzolikka taklif qilishni va shu orqali ularga bonus pullari berilishi hamda fuqarolar tomonidan kiritilgan aʼzolik badallari miqdoriga qarab kelgusida mulkiy manfaat olishlariga ishontirib, haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan yolgʻon maʼlumotlar tarqatib, aldash yoʻli bilan jami 53 nafar fuqarolarning 33,6 ming AQSH dollari va 3 mln soʻm mablagʻlarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritishib, Sh.A.ning nomiga ochilgan xalqaro plastik (VISA) kartasiga oʻtkazib olganliklari aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan fuqaro N.X. va Sh.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.