Beshinchi qavatdan tushgan sumalak oyogʻing ostida chil-chil boʻladi. Sirpanib ketmaslik uchun ehtiyotkorona qadam bosib, kelgan yoʻlingdan qaytishda koʻlmakchalarni bir-bir hatlab bemalol odimlaysan. Qishki kiyimlar doʻkoni peshtoqidagi “50 foiz chegirma” yozuvini koʻrib beixtiyor ichkariga kirasan.
Doʻkonni uch marta aylanib, narx-navoni ham soʻramay qaytib chiqasan. Kelganingda ajablanib qaragan sotuvchi erib bitayotgan qorni eslatuvchi horgʻin nigohlari bilan kuzatib qoʻyadi. Uning nigohi qancha horgʻin boʻlmasin, koʻzlari tub-tubida hayotga tashnalik, bahor sogʻinchini payqab olish mumkin. Ammo u oʻjar boladay buni tan olgisi kelmaydi. Ha, inson qanday oʻyda yurmasin, nimalarni orzu qilmasin, bahor yoʻl topib uning qalbiga kirib boradi. Shu bois, odamlar yangilanishni bahorga mengzaydi.
Quyoshning ona zaminga koʻproq issiqlik berishi tuproq isishiga sabab boʻladi. Avval maysalar, keyin buta hamda daraxtlar ildizi bu iliqlikni his etadi va beixtiyor oʻzgara boradi. Tuproq ostidagi hayot nafasi daraxtning eng tepa novdalarida kurtak urishiga sabab boʻladi. Mitti maysalar nozik jussasi bilan zilday tuproqni yorib chiqadi. Ha, bahor yangi kuch-quvvat va u orqali erishiladigan yangi hayot, degani.
Jamiyat ham shunga oʻxshaydi. Yaʼni, avvalo, quyosh taftiday imkoniyatlar eshigi ochiladi. Tabiatda boʻlgani kabi jamiyatda ham jonlanish, oʻsishga intilish seziladi. Bora-bora oʻzgarishlar odatiy turmush tarziga aylanadi. Bu xuddi qishki kiyimlarni uyga tashlagach, bir-ikki kun yengil libosga moslasha olmay, ust-boshingga qarayverishday gap. Soʻng qachondir qalin libosdagi suratingni koʻrib, oʻsha kunlarni yashab oʻtganingni eslaysan. Xuddi bahorning ilk chechagidan hayratlanganing kabi nim tabassum qilasan.
Jamiyatdagi oʻzgarish bahorning ilk chechaklaridir. Vaqt oʻtishi bilan odamlar uni koʻp yodga olavermaydi. Ayni dam daraxtlar oʻsha chechaklar sabab hosil berganini yaxshi anglaysan. Yoki uyingga kelgan mehmon bexosdan bahorning ilk kunlaridagi xotiralarni uygʻotib yuboradi.
«Agar adashmayotgan boʻlsam, 2016-yilda Oʻzbekistonda kambagʻallik darajasi 42 foiz boʻlgan, savdo koʻrsatkichi ham past edi. Bugun kambagʻallik darajasi 8 foizga tushdi, investitsiyalar hajmi esa 30 milliardga yetdi. Shuning oʻzi katta moʻjiza emasmi?! — deydi Pokiston Islom Respublikasi Bosh vaziri Shahboz Sharif. — Bu rostdan ham moʻjiza. Chunki bunday natijalarga balandparvoz gaplar orqali erishilmaydi yoki yaxshi bir kengashni tashkil etish bilan hal boʻlib qolmaydi. Moʻjizalar aniq qarashlar, yuqori dinamika, tinimsiz mehnat va yakdil maqsad sari dadil intilish orqali paydo boʻladi».
Ha, oʻzgarishlar dinamikasiga tabiatda ham, jamiyatda ham doim bir-biriga oʻxshaydi! Masalan, bahorda oʻsimliklar biologik tuzilishiga qarab asta-sekin gullaydi. Jamiyatdagi oʻzgarishlarning ham barchasini birdan bajarib boʻlmaydi. Sohalar, tarmoqlar kesimi, sharoitidan kelib chiqib ish tutiladi. Deylik, dastlab soliqlar adolatli qilinadi, moliyaviy munosabatlarda ochiqlik va tenglik muhiti yaratiladi. Shu tariqa tadbirkorlik osonlashadi. Ish oʻrinlari koʻpayadi, odamlarning ogʻiri yengil boʻladi. Kambagʻallik degan darddan shu zayil uzoqlashib borilaveradi. Faqat bu ishlar samara berishi uchun jamiyat ham tabiat kabi bir butunlikka erishishi kerak boʻladi.
Eskilarda gap bor, bahorning avvali seryogʻin kelsa, yilda baraka boʻladi. Ayni dam yangi qadalgan urugʻlar bexato unishi uchun vaqti-vaqti bilan quyosh ham chiqib turishi kerak. Soddaroq ifoda etsak, haqiqiy bahor namlik va issiq havo qorishmasidan iborat boʻlishi zarur. Xuddi xalq va hukumatning uygʻunligi kabi! Jamiyatning tabiat kabi yakdilligi degani shu...
Darvoqe, oʻzgarishlar haqida. Bahor darakchilaridan biri boʻlgan bodom guli kuzga borib hosil beradi. Undan soʻng gullagan oʻriklar koʻklamning adogʻidan to yozning yarmidan oʻtguncha mevasi bilan siylaydi. Islohotlar bir vaqtda boshlanib, natijasi turfa vaqtlarda koʻrinishiga misolda bu ham. Yangi Oʻzbekistonning sportchilarini qarang, birdan xalqaro maydonda boʻy koʻrsata boshladi. Hatto ogʻriqli nuqtamiz boʻlgan futbolda ham yaxshi natijalarga erishdik. Oʻzbek oʻgʻlonlari dunyoning yetakchi jamoalarida toʻp surmoqda. Yoki taʼlimdagi oʻzgarishlarni oling. Bugun mamlakatimiz yoshlari xalqaro maydonda tengdoshlari bilan bemalol raqobatlasha olyapti. Hatto eng nufuzli taʼlim dargohlarining grantlarini yutib olgani-chi! Bu oʻzgarishlar bahor faslining ilk nishonasi, uning barakali kelayotganidan darak. Eh-he, hali oldinda gulga kirganu, hosili kutilayotgan yana qanchadan-qancha sohalar bor, sanayversak, sanoq yetmas...
Xalqimiz bahorni ilik uzildi deb ham ataydi. Bu tabiiy, chunki oʻsish va oʻzgarish odatdagidan koʻra, koʻproq quvvat talab etadi. Katta quvvat boʻlmasa, mitti maysa ham ildiz ota olmaydi. Tuproqni yorib chiqqan taqdirda ham uzoq yashashi gumon. Shu bois, bahorda sumalak, halim kabi quvvatga boy taomlar pishiriladi. Vaholanki, sumalakni yil davomida tayyorlash mumkin, ammo u bahordagi kabi totli boʻlmaydi. Nega? Chunki undagi quvvatga oʻsha vaqtdagina ehtiyoj seziladi.
Jamiyatdagi dastlabki oʻzgarishlar davrida bajarilgan ayrim ishlar, berilgan imtiyozlarning vaqt oʻtib oʻzgarishi shunga oʻxshaydi. Yangi Oʻzbekistondagi yangilanishlar ham shu yoʻsin, koʻz oʻngimizda sodir boʻlmoqda. Uni koʻrib, ilgʻab olish esa ana shu jamiyatda qanchalik faol, ijtimoiy hayotdan nechogʻliq xabardorligimiz va albatta, daxldorlik hissimizga bogʻliq. Zero, har kuni tabiat bagʻrida yurgan odam bahorni tez, boychechak nish urgandayoq ilgʻaydi. Faqat jamiyatdagi bahorning tabiatdagi fasl oʻzgarishidan bitta farqi bor. Jamiyatda toʻrt fasl barobar kechadi. Qaysidir sohalar qish — kuch yigʻish faslida, boshqa biri xirmon koʻtarish — kuzda, yana boshqalari navbatdagi bosqichga oʻtish — bahor faslida yashayotgan boʻladi. Muhimi shu, doim BAHORni yoʻqotib qoʻymaslikdir!
Bugun yangi Oʻzbekiston Uchinchi Renessans degan ulkan xirmonni moʻljal olib yoʻlga tushgan. Undagi oʻsish va oʻzgarishlarni, ilk yutuqlarni kuzata turib koʻngli tongday yorishadi — BAHOR barakali keldi!
Boboravshan GʻOZIDDINOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri