“Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi” – iqtisodiy integratsiya imkoniyatlarining samarali platformasi

    O'zbekiston so'nggi besh yil davomida yangi xususiyatga ega tashqi iqtisodiy aloqalarni barpo etish, tashqi siyosatni faollashtirish, milliy manfaatlarga javob beradigan ochiq, pragmatik, chuqur o'ylangan faoliyatni kuchaytirish, barcha uzoq va yaqin xorijdagi davlatlar bilan sheriklik aloqalarini mustahkamlash bo'yicha keng ko'lamli ishlarni amalga oshirmoqda.

    O'zbekiston kuzatuvchi bo'lgan davrda ham Turkiy Davlatlar Tashkilotining (TDT) shakllanishi jarayonida faol ishtirok etib keldi. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar sabab, TDTga a'zo davlatlar o'rtasida o'zaro manfaatli sheriklik munosabatlari uchun avvallari foydalanilmagan imkoniyatlar yaratilmoqda.

    Ta'kidlash joizki, TDT o'z faoliyatini nafaqat turkiy davlatlarning til va din birligi, muloqot va hamkorlik, balki tarixiy va madaniy aloqalar negizida, avvalo iqtisodiy hamda barqaror rivojlanish borasida hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdordirlar.

    Shu nuqtai nazardan TDT a'zo davlatlar rahbarlari tomonidan “Turk dunyosining nigohi – 2040” konseptual hujjati qabul qilindi. Bu, o'z navbatida, TDT davlatlarida farovon jamiyatni barpo etish, mintaqaviy va global iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, shuningdek Shimol, Janub, Sharq va G'arb savdo koridorlarini bog'lovchi kuchli mintaqaviy iqtisodiy guruhni shakllantirishga xizmat qiladi.

    Hozirda o'sish tendensiyasiga ega bo'lgan O'zbekistonning tashqi iqtisodiy faoliyati TDTga a'zo davlatlari bilan tashqi savdo aloqalarni o'rnatishida muhim sanaladi.

    Bunda, O'zbekistonning TDT davlatlari bilan tashqi savdo aylanmasining tahlili, uning savdo-iqtisodiy yo'nalishda hamkorlikni yanada kengaytirishi zarurligini ko'rsatmoqda.

    2022-yilning yanvar-sentyabr oylari yakunlariga ko'ra, O'zbekistonning TDT mamlakatlari bilan tashqi savdo aylanmasi 10,2 foizga oshdi va 7,4 mlrd. dollarni tashkil etdi. eksport 3,2 mlrd. dollar (10,6% o'sish), import hajmi esa 4,2 mlrd. dollarga (9,9% o'sish) etdi. Mazkur davr oralig'ida O'zbekistonning TDT mamlakatlari bilan umumiy tashqi savdo aylanmasi 20,4 foizni tashkil qildi.

    O'zbekiston TDTni amalga oshirilmagan katta imkoniyatlar va birlashtiruvchi salohiyatga ega bo'lgan mintaqaviy hamkorlikning samarali mexanizmi deb hisoblaydi.

    Joriy yilning 11-noyabrida Samarqand shahrida bo'lib o'tgan TDT tashkilotining sammitida O'zbekiston rahbari iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish masalasiga alohida to'xtalib o'tib, “Yangi iqtisodiy imkoniyatlar hududi”ni barpo etish tashabbusini ilgari surdi.

    Xususan, Prezident o'z nutqida: “Ana shu rejamizga erishish uchun, Tashkilotga a'zo va kuzatuvchi mamlakatlar hamda dunyo yetakchi biznes vakillarini keng jalb qilgan holda, har yili “Xalqaro turkiy iqtisodiy forum”ni o'tkazishni taklif etaman”, deya e'tirof etdi.

    Shu nuqtai nazardan, TDTga a'zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvida e'lon qilingan tashabbuslar doirasida mazkur tadbirga katta e'tibor qaratishdan tashqari, forum doirasida “davlat va biznes” formatida qo'shma tadbirlar, tadbirkorlar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, innovatsion loyihalar taqdimotlari hamda ko'rgazmalarni o'tkazish zarur sanaladi. Shuningdek, sammitda tadbirlar yakunlari bo'yicha qo'shma dastur va loyihalarni birgalikda amalga oshirishga qaratilgan yillik “Yo'l xaritalari”ni qabul qilish muhim ekanligini alohida qayd qilindi.

    Bu esa, strategik yo'nalishda vaziyatni tubdan o'zgartirish, iqtisodiy integratsiya jarayonlarini yanada rivojlantirish, o'zaro savdo hajmini oshirish, qo'shilgan qiymat uzluksiz zanjirlari, yuqori texnologiyali klaster va venchur shirkatlarini tashkil etishga keng imkoniyatlar yaratadi, shuningdek savdo, investitsiya va moliya sohalarida sheriklikni yanada kengaytirish istiqbollarining belgilanishi TDTga a'zo davlatlari o'rtasida iqtisodiy integratsiya jarayonlarining yangi bosqichga ko'tarilishiga samarali vosita bo'lib xizmat qiladi, desak aslo mubolag'a bo'lmaydi.

    Avazbek Xolbekov,
    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi bo'lim boshlig'i