Oʻzbekiston soʻnggi yillarda tashqi siyosatdagi ochiqlik, oʻzaro manfaat va ishonch tamoyillariga tayangan yangi diplomatiya modeli orqali xalqaro nufuzini sezilarli darajada oshiryapti. Oqilona siyosat yangi Oʻzbekistonni jahon hamjamiyatida faol, teng huquqli, ishonchli hamkor sifatida tanitmoqda.
Ayniqsa, yetakchi davlatlar, xususan, AQSH bilan munosabatlarning yangi bosqichga koʻtarilishi mamlakatimiz tashqi siyosatining izchil va pragmatik yoʻnalishini yaqqol namoyon etadi. Ilgari amalga oshirilgan rasmiy tashriflar va oʻtkazilgan muloqotlar Oʻzbekiston — AQSH hamkorligi uchun mustahkam asos yaratib berdi. Bu jarayon tufayli ikki davlat oʻrtasida iqtisodiyot, innovatsiya va taʼlim sohalarida qator yirik loyihalar yoʻlga qoʻyildi, strategik sheriklikning mazmuni yanada boyidi.
Prezidentimizning yaqinda AQSHga amaliy tashrifi ana shu izchil siyosatning mantiqiy davomi sifatida ikki mamlakat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqqani bilan diqqatga sazovor boʻldi. Yaʼni mazkur tashrif nafaqat iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, balki raqamli iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, transport va taʼlim sohalaridagi aloqalarni yanada rivojlantirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi. Shu tariqa davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi Oʻzbekistonning xalqaro siyosiy jarayonlardagi faol ishtirokini, ochiq va pragmatik tashqi siyosatini yana bir bor amalda namoyon etdi.
Oʻzbekiston uchun strategik burilish nuqtasi
Davlatimiz rahbarining “C5+1” formatidagi sammitda ishtirok etishi bugungi yangi Oʻzbekiston tashqi siyosatining strategik yoʻnalishlarini yaqqol namoyon etgan muhim voqeadir. Mazkur format 2015-yilda yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, Markaziy Osiyo mamlakatlari — Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan ushbu davlat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi hamkorlikni chuqurlashtirishni koʻzda tutadi. Bugun esa u mintaqaviy integratsiya va global sheriklikning eng samarali diplomatik maydonlaridan biriga aylandi.
Shuningdek, sammit Oʻzbekistonning mintaqada faqat ishtirokchi emas, balki yangi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surayotgan davlat sifatida tanilishiga xizmat qildi. Davlatimiz rahbarining kelgusi yilda Samarqand shahrida “C5+1”ning navbatdagi sammitini oʻtkazish, doimiy kotibiyatlar tashkil etish, investitsiya va savdo sohasida muvofiqlashtiruvchi kengash tuzish hamda “Markaziy Osiyo investitsiyaviy sherikligi” jamgʻarmasini tashkil etish kabi dolzarb takliflari bu platformaning mazmunan yangi bosqichga koʻtarilishini anglatadi.
Muzokaralar asosan mintaqaviy iqtisodiy barqarorlik, energetika xavfsizligi, transport va savdo yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, shuningdek, ekologiya va suv resurslaridan oqilona foydalanishga qaratildi. Bu yoʻnalishlarda AQSH bilan hamkorlik nafaqat investitsiya jalb qilish, balki yangi texnologiyalar va innovasiyalarning mintaqamizga kirib kelishiga zamin hozirlaydi.
Oʻzbekiston bu jarayonda barqaror iqtisodiy rivojlanish, transport infratuzilmasini yangilash va “yashil” energiya sohasidagi hamkorlikni ustuvor vazifa qilib olgan. Masalan, qayta tiklanuvchi manbalar ulushini oshirish boʻyicha AQSH texnologiyalarini jalb etish rejasi mintaqaviy barqarorlikka katta hissa qoʻshadi. Shu jihatdan “C5+1” formati nafaqat siyosiy muloqot maydoni, balki amaliyotga qaratilgan iqtisodiy loyihalarni muvofiqlashtiruvchi platforma sifatida ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bundan tashqari, sammitda inson kapitalini rivojlantirish va taʼlim sohasida hamkorlikni kuchaytirish masalasiga ham katta eʼtibor qaratildi. Bu tashabbuslar, ayniqsa, yosh avlodni innovatsiya va raqamli texnologiyalarga yoʻnaltirish, taʼlim tizimini global standartlarga yaqinlashtirish nuqtayi nazaridan muhim. Prezidentimizning bu boradagi fikrlari Markaziy Osiyodagi barqaror taraqqiyotning asosiy omili inson salohiyati ekaniga oid strategik qarashni ifoda etadi.
“C5+1” sammitining yana bir muhim jihati mintaqaviy xavfsizlik va geosiyosiy barqarorlik masalalaridagi birdamlikdir. Bugun Markaziy Osiyo Afgʻonistondagi vaziyat, suv-energetika resurslari va transport yoʻlaklarining geosiyosiy ahamiyati nuqtayi nazaridan strategik hududdir. Bu sharoitda Oʻzbekistonning konstruktiv va ochiq tashqi siyosati mintaqa davlatlarini yaqinlashtirish, hamkorlik orqali muammolarni hal qilish gʻoyasini ilgari surmoqda.
Tashrif natijalari mamlakatimiz mintaqada umumiy barqarorlik va iqtisodiy oʻsishni taʼminlashga qaratilgan yondashuvni qoʻllab-quvvatlayotganini koʻrsatdi. Bu siyosat nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham yuqori baholanmoqda. Shuning uchun ham Prezidentimizning 2026-yilda Samarqandda “C5+1” sammitini oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekistonning diplomatik nufuzi va yetakchilik salohiyatining amaldagi tasdigʻidir. AQSH yetakchisining Oʻzbekistonga taklif etilishi esa ochiqlik va ishonch muhitining amaliy ifodasi boʻldi.
Bunday sammitlar nafaqat davlat rahbarlari darajasidagi muloqotni, balki xalqlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch, doʻstlik va madaniy yaqinlikni mustahkamlaydi. Iqtisodiy hamkorlik yangi ish oʻrinlari, texnologiyalar kirib kelishiga zamin yaratsa, taʼlim va fan sohasidagi hamkorlik yosh avlodning dunyoqarashini kengaytiradi, zamonaviy bilim va innovatsiyalarga yetaklaydi.
Iqtisodiy oʻsish va strategik imkoniyatlar
Iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik Oʻzbekistonning global maydondagi nufuzini yanada mustahkamlamoqda. Buning yaqqol namunasi sifatida “Uzbekistan Airways”ning “Boeing” kompaniyasi bilan tuzgan 8 milliard dollarlik shartnomasi mamlakat aviatsiya sohasini zamonaviylashtirish yoʻlidagi katta qadam boʻldi. Yangi “Boeing 787 Dreamliner” samolyotlari yoʻlovchilar uchun qulay va xavfsiz parvoz imkonini berish bilan birga Oʻzbekistonning xalqaro turizm va transport logistikasi markaziga aylanishiga xizmat qiladi. Bu kelishuv shunchaki iqtisodiy shartnoma emas, balki jahon aviatsiya bozorida mamlakat nufuzi va raqobatbardoshligining oshganini koʻrsatadi.
AQSH bilan muzokaralar natijasida raqamli iqtisodiyot sohasida ham muhim yangiliklar kutilmoqda. Yaqin vaqtlarda “Apple Pay” va “Google Pay” toʻlov tizimlari ishga tushirilishi yurtdoshlarimiz uchun katta qulaylik yaratadi, zamonaviy moliyaviy xizmatlar rivojiga turtki beradi. Bu jarayon raqamli iqtisodiyotni kengaytirish, onlayn savdoni rivojlantirish va biznes muhitini yanada shaffoflashtirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, raqamli akademiya va startap xablarini tashkil etish orqali yoshlar uchun yangi imkoniyat eshiklari ochiladi. Ushbu loyihalar yoshlarning innovatsion tafakkuri, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishi va raqobatbardosh startaplarni yaratishi uchun mustahkam asos boʻlib xizmat qiladi.
Qishloq xoʻjaligi sohasida ham muhim kelishuvlar amalga oshirildi. “John Deere” kompaniyasidan 300 million dollarlik zamonaviy texnika xarid qilinishi dehqonlar mehnatini yengillashtirib, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, “Valmont Industries” bilan suvni tejaydigan irrigatsiya tizimlarini joriy etish boʻyicha kelishuv tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur loyihalar qishloq joylarda ishlab chiqarish madaniyatini yangilab, agrotexnologiya sohasida yangi bosqichni boshlab beradi.
Ikki mamlakat oʻrtasida uran, mis, volfram, molibden va grafit kabi strategik xomashyolarni qazib olish va qayta ishlash boʻyicha kelishuvlarga erishilganini ham aytib oʻtish joiz. Bular kelgusida mamlakatimizda yangi ishlab chiqarish tarmoqlarini yoʻlga qoʻyish, yuqori texnologiyali mahsulotni eksport qilish salohiyatini oshirish va iqtisodiyotni diversifikatsiyalashga zamin hozirlaydi.
Tashrif doirasida tuzilgan bu kelishuvlar nafaqat iqtisodiy manfaat, balki xalq farovonligini taʼminlashga qaratilgan amaliy choralardir. Yangi ish oʻrinlari ochilishi, raqamli xizmatlarning kengayishi, zamonaviy texnika va texnologiyalar kirib kelishi, ekologiya sohasidagi barqarorlik — bularning barchasi aholi turmush darajasiga toʻgʻridan toʻgʻri ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Xalqaro hamkorlikka yoʻl
Ushbu tashrif Jizzax davlat pedagogika universiteti delegatsiyasi uchun ham oʻziga xos ilhom manbai boʻldi. Sababi, delegatsiya vakillari davlatimiz rahbarining strategik tashabbuslarini oʻsha yerda kuzatish, zamonaviy oliy taʼlim muassasalaridagi ilgʻor tajribalarni bevosita koʻrish imkoniyatiga ega boʻldi. Masalan, Massachusets shtatidagi Garvard universiteti dunyodagi eng nufuzli va eng kuchli universitetlardan biri sifatida professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun zamonaviy bilim standartlari hamda innovatsion pedagogik usullar namunasi boʻldi. Massachusets texnologiya instituti vakillari bilan uchrashuv esa sunʼiy intellekt va ilmiy-texnik tadqiqotlar sohasidagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish imkonini berdi. Fikrimizcha, bu tajriba universitetimiz uchun kelajakda ilmiy va innovatsion loyihalarni amalga oshirish, professor-oʻqituvchilar va talabalarni xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlashda juda muhim.
Shuningdek, Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universiteti hamda Nyu-York shahar universitetlari bilan hamkorlik esa pedagogik innovatsiyalar va akademik almashuvning amaliy mexanizmlarini qoʻllash uchun yoʻl ochdi. Delegatsiya zamonaviy sillabuslarni muvofiqlashtirish va qoʻshma kurslar tuzish borasida aniq kelishuvlarga erishdi.
Jorjiya universitetida boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiya delegatsiya uchun ingliz tilini chet tili sifatida oʻqitishda ilgʻor metodikalarni oʻzlashtirish imkonini berdi. Bu universitetimiz uchun pedagogik innovatsiyalarni joriy qilish, talabalarning raqobatbardoshligini oshirish hamda kelgusida shu kabi xalqaro konferensiya va seminarlarni yurtimizda tashkil etish imkoniyatini beradi. Shu tariqa AQSHga safar universitetimiz uchun nafaqat ilmiy va pedagogik aloqalarni mustahkamlash, balki innovatsion yoʻnalishlar va xalqaro hamkorlikni chuqurlashtirishda ham muhim qadam boʻldi.
Davlatimiz rahbarining AQSHga tashrifi strategik sheriklikni mustahkamlash barobarida mamlakatimizdagi Jizzax davlat pedagogika universiteti kabi oliy taʼlim muassasalari uchun ham yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Pedagogik innovatsiyalar, qoʻshma kurslar, xalqaro konferensiyalar va ilmiy tadqiqot loyihalarini yoʻlga qoʻyish uchun mustahkam zamin hozirlandi. Albatta, bu hamkorlik kelgusida universitetimizning xalqaro nufuzini yuksaltirish, talabalar, professorlar salohiyatini oshirish hamda milliy taʼlimni global standartlarga muvofiq rivojlantirishda muhim qadam boʻladi.
Maqsud YOʻLDOSHEV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor








