Yangi loyiha: Sirdaryoda organik qora sedana yetishtiriladi

    Qora sedana yurtimizning koʻplab hududlarida yetishtirilsa-da, uni organik usulda yetishtirish borasidagi ishlarga endi qoʻl urilmoqda.

    Gap shundaki, Qishloq xoʻjaligi vazirligi Organik ishlab chiqarish va maqbul qishloq xoʻjaligi amaliyotini rivojlantirish boshqarmasi va “Crop production organic Ltd” kompaniyasi tomonidan Sirdaryo tumanida 20 gektar yerga organik qora sedana yetishtirishga moʻljallangan ilk pilot loyiha amalga oshirilmoqda.

    Bunda qoʻl mehnati va mexanik usulda hech qanday zararli moddalardan foydalanmasdan yer tayyor holga keltirildi. Bu jarayonda, eng avvalo, maxsus sertifikatga ega qora sedana urugʻi tanlab olindi. Ayni paytda u erga ekilmoqda.

    Xoʻsh, oddiy qora sedana bilan organik usulda yetishtirilganining farqi nimada? Eng avvalo, zararli kimyoviy moddalar, pestitsidlar va meʼyoridan ortiq mineral oʻgʻitlardan holi boʻlgan yer tanlab olinib shu yerga “Organic” sertifikatiga ega urugʻ qadaladi. Uni parvarishlash va yigʻib olishgacha boʻlgan barcha jarayon esa “sogʻlom muhit”da amalga oshiriladi.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi mutasaddilarining taʼkidlashicha, ushbu loyiha yaqin kelajakda butun yurtimiz boʻylab amalga oshiriladi.

    Jahon bozorida organik sedanaga talab katta. Undan inson salomatligi uchun vitaminlar manbai boʻlgan yogʻ olinishi barobarida, dorivor vositalar va kosmetologiyada keng qoʻllaniladi.

    Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, yurtimizda yetishtirilayotgan 34 ta mahsulotga “Organic” sertifikati olingan.