Yangi ochilgan “Sharqiy Xatar” konidagi ikkita gaz qudugʻi ishlab chiqarishga qoʻshildi

    Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga qarashli yangi ochilgan “Sharqiy Xatar” konidagi 1-, va 2-sonli geologik qidiruv gaz quduqlaridan qazib olinadigan tabiiy gazni “Qumli” gazni dastlabki tayyorlash qurilmasiga yetkazish maqsadida uzunligi 11 km diametri 168x6 mm quvur oʻrnatilib, ishga tushirildi.

    Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” AJ Matbuot xizmati xabar qildi.

    Taʼkidlanishicha, ushbu gaz kollektor va geologik qidiruv quduqlarining ishga tushirilishi natijasida “Qumli” konlar guruhidan kunlik qoʻshimcha 100 ming kub metr tabiiy gaz qazib chiqarishga erishildi.

    Loyihani amalga oshirishda sarf xarajatlarni qisqartirish maqsadida qurilish-montaj ishlariga Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasining maxsus brigadasi jalb qilindi. Zarur boʻlagan quvurlar hamda uskunalar “Oʻzbekneftgaz” AJning ichki imkoniyatlaridan foydalangan holda yetkazib berildi. Buning natijasida quvur va uskunalarni harid qilinishi uchun sarflanishi zarur boʻlgan pul mablagʻlarini tejab qolinishiga erishildi.

    Maʼlumot uchun: “Sharqiy Xatar” gaz kondensat tuzilmasi 1997-yilda ochilgan boʻlib, Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanida joylashgan. Kondagi chuqur burgʻilash ishlari 2019-yilda boshlangan. 2 ta quduqda olib borilgan geologik qidiruv burgʻilash hamda sinov ishlaridan soʻng karbonat yotqiziqlaridan sanoat miqyosida gaz olishga muvaffaq boʻlindi va ushbu tuzilma kon deb topildi. 2020-yilning yanvar holatdagi karbonat yotqiziqlari XV-1 qatlam boʻyicha konning dastlabki operativ zahirasi (S1-kategoriya boʻyicha) 280 mln kub metr gaz va 6 ming tonna kondensatni tashkil qildi.