Yangi o‘quv yiliga 400 o‘rinli yotoqxona hozirlanmoqda

    Bugun Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vaziri Ibrohim Abdurahmonov Qashqadaryo viloyatida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi.

    Safar dasturiga muvofiq, dastlab Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida davlat-xususiy sheriklik asosida qurilayotgan talabalar turar joyi ko‘zdan kechirildi.

    Yotoqxona 400 o‘rinli bo‘lib, hozirgi kunda binoning tashqi fasadlarini pardozlash va ichki xonalarni jihozlash ishlari davom etmoqda.

    Jarayonlar bilan tanishishar ekan vazir yangi o‘quv yili boshlanishiga qadar bu yerdagi qurilish ishlarini sifatli va puxta yakunlash choralarini ko‘rishligini ta’kidladi.

    Shuningdek, vazir yangi yotoqxona hududini yashil makonga aylantirish uchun obodonlashtirish ishlariga jiddiy e’tibor qaratish hamda suv ta’minoti va elektr energiyani tejash maqsadida quyosh panellari bilan jihozlash bo‘yicha tegishli taklif va tavsiyalarini berdi.