баннер
24 Apr 2025
20:32

    “Yangi Oʻzbekiston — Yangi Renessans” ekspozitsiyasi markazning tashrif qogʻozi boʻlishi kutilmoqda

    Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida Rossiyaning “Sila sveta” kompaniyasi va hamkor tashkilotlar, olimlar hamda mutaxassislar ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Qayd etilishicha, unda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Otabek Hasanov yigʻilganlarga markazning “Yangi Oʻzbekiston –Yangi Renessans” boʻlimini yaratishda jiddiy eʼtibor qaratish lozimligi haqida gapirdi.

    — “Yangi Oʻzbekiston –Yangi Renessans” boʻlimi markazning tashrif qogʻozi boʻladi. Shuning uchun ham mahalliy mutaxassislardan sohalariga sidqidildan yondashishlari soʻralib, hamkor tashkilot vakillariga oʻzlarining loyihalarini puxta va mukammal shaklda taqdim etilishida eʼtibor qaratishlari lozim.

    Shuningdek, uchrashuvda “Sila sveta” kompaniyasi asoschisi Aleksandr Us, kompaniya ijodiy direktori Boris Kislitsin yigʻilganlarga oʻz taqdimotlarini namoyish etdi. Nufuzli kompaniya vakillari ishtirokchilar tomonidan berilgan savollarga javob berdi.

    Markaz katta ilmiy xodimi Obidjon Tangirov har bir eksponatni muzeylashtirish va bu jarayonlarni hujjatlashtirish boʻyicha texnik topshiriqlar, loyihalarni moliyalashtirish tartiblari haqida maʼlumot berib oʻtdi.

    “Sila sveta” kompaniyasi “Yangi Oʻzbekiston – Yangi Renessans” ekspozitsiyasi uchun immersiv shou loyihasini taklif qilmoqda. Ushbu shou orqali Yangi Oʻzbekistondagi ilmiy va madaniy taraqqiyot, zamonaviy islohotlar va bunyodkorlik ishlari innovatsion usullarda namoyish etiladi. Shou orqali Oʻzbekistonning ilmiy yutuqlari va mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar aks ettirilishi koʻzda tutilgan.

    Uchrashuv davomida loyihalarning bajarilish tartiblari, unda ahamiyat qaratilishi kerak boʻlgan mazmun, mohiyat va texnik yechimlar muhokama qilindi. Markazni mazmunan boyitish boʻyicha zarur taklif va mulohazalar bildirildi.


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech