Ortimizda:

  • xalqimiz yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz uchun ovoz bergan umumxalq referendumi;
  • muddatidan ilgari oʻtkazilgan Prezident saylovi;
  • qayta saylangan Prezident Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish tantanali marosimi kabi biri biridan ahamiyatli ijtimoiy-siyosiy voqealar tarix sahifalariga muhrlanmoqda.

Oldinda mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 75 yilligi tantanalariga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shuningdek, jamoatchiligimiz “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi va uni 2023-yilda amalga oshirish chora-tadbirlari loyihalarini atroflicha muhokama qilmoqda.

Shunday dolgʻali kunlarda mutolaa etish baxtiga muyassar boʻlganim gʻoyat eʼtiborli asar – “Yangi Oʻzbekiston davlati” kitobida taʼkidlanganidek, “Davrimiz shiddati tez. Islohotlar tobora keng mazmun kashf etmoqda. Yangi Oʻzbekiston tub oʻzgarishlar jarayonida butunlay yangi qiyofaga ega boʻlmoqda. Uning mamlakat ichki hayotida iqtisodiy-ijtimoiy qudrati, jahon hamjamiyatida esa umumplanetar masalalarni hal etish salohiyati oshib bormoqda”.

Dastavval ushbu iqtibos olingan kitob muallifi – muhtaram ustozimiz, donishmand va zakiy inson, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi, akademik, texnika fanlari doktori, professor Oqil Salimov haqida muxtasar toʻxtalamiz.

Davlat va jamoat arbobi Oqil Salimov nafaqat Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi aʼzosi, ayni chogʻda Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasi va Nyu-York fanlar akademiyasining ham akademigidir. Ustoz, shuningdek, Oliy maktab xalqaro fanlar akademiyasining Oʻzbekiston boʻlimi Prezidenti hamda Respublika isteʼdodli yoshlarni qoʻllab-quvvatlash “Ulugʻbek” jamgʻarmasi raisi hisoblanadi.

Oqil aka davlat va jamoat ishlaridagi koʻp yillik xizmatlari hamda taʼlim tizimidagi samarali faoliyati bilan yurtimiz ilm-fani va maʼrifati taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshgan yirik davlat va fan arbobidir. Ustozning nafaqat arbob va olim, balki yoshlar murabbiysi va isteʼdodlar homiysi sifatida amalga oshirgan beqiyos ezgu ishlari tahsinga sazovor.

Oqil Salimovning kamina singari koʻplab kitobsevar yurtdoshlarimiz uchun qadrli boʻlgan yana bir xususiyati borki, u ham boʻlsa, ijodkorlik fazilatidir. Ayniqsa, keyingi yillarda uning qalamiga mansub “Saodat yoʻli”, “Yoshlarga donolar oʻgiti”, “Qarisi bor uyning parisi bor”, “Yangi Oʻzbekistonning isteʼdodli yoshlari”, “Doʻstlik xamsasi”, “Aql innovatsiyasi” kabi qator ommaviy-siyosiy va ilmiy-maʼrifiy asarlarni oʻqib, ustozga sodiq muxlislardan biriga aylanganimdan mamnunman.

Shuning uchun Oqil Salimovning yangi kitobini ham mijja qoqmay oʻqib chiqdim. Soʻnggi varaqdan bosh koʻtarar ekanman, dastlab xayolimdan ulugʻ rus yozuvchisi Anton Chexovning mana bu hikmatli soʻzi oʻtdi: “Ilm-fan yoki umuminsoniy gʻoyalar yoʻlida xizmat qilmoq inson uchun haqiqiy baxt oʻzi shu boʻlsa kerak”.

Chindan ham, bir tomondan, Oqil Salimov butun ongli umrini ilm-fan va maʼrifat ravnaqiga bagʻishlab kelmoqda. Boshqa tomondan, ustoz  millat taqdiri, xalqimiz baxti va farovonligi, Vatanimiz barqarorligi, izchil taraqqiyoti va dunyo maydonidagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish yoʻlida sabot hamda matonat bilan xizmatda turgan tolmas, jonkuyar, fidoyi insonlar sirasiga kiradi.

Ustozning yangi kitobi butunlay yangi tarixiy sharoitlarda yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan, Uchinchi Renessansning mustahkam poydevori qoʻyilayotgan jarayonlarga bagʻishlangani ham bu fikrlarimni yaqqol tasdiqlaydi. Kitobda, muallifning oʻz taʼbiri bilan aytganda, “Yangi Oʻzbekiston davlatining fenomenal asoslari” haqidagi mulohazalar bitilgan.

Asar “Kirish”, “Xulosa” va uchta asosiy qismdan iborat. Kitobning bunday tuzilishi bir qarashda anʼanaviylikdan dalolatdek tuyuladi. Lekin mutolaaga kirishganingizdan soʻng bunday yondashuvning yuzaki va aldamchi ekaniga, aslida asar yangi Oʻzbekistondagi evrilishlar haqida mutlaqo yangicha shakl va uslubda, tom maʼnoda novatorlik ruhida yozilganiga amin boʻlasiz.

Birinchi qism “Ijtimoiy davlat odimlari” deb nomlangan boʻlib, 9 faslni qamragan. Ushbu fasllar mavzu nuqtayi nazaridan turli sohalardagi oʻzgarishlar talqiniga bagʻishlanganiga qaramay, alal-oqibat ularning barchasi yagona mavzu – yangi Oʻzbekistonning ijtimoiy davlat degan konstitutsiyaviy maqomi qanday mazmun-mohiyatga egaligini ochib berishga xizmat qiladi.

Yangi Oʻzbekiston kattalarga hurmat, kichiklarga izzat, madadga muhtoj insonlar va oilalarga chinakam koʻmak va yordam berish, mehr-oqibat koʻrsatish hayotimiz qoidasiga aylanib borayotgan ijtimoiy makondir. Ijtimoiy davlat barpo etishdan maqsad, birinchi navbatda, har bir fuqaroning munosib turmush sifati va darajasiga erishishdir.

Soʻnggi yillarda izchil ilgari surilayotgan “inson qadri” tushunchasi “ijtimoiy davlat” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliqdir. Bu tushunchaga Prezidentimiz bergan taʼrifga koʻra: “Ijtimoiy davlat – ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish boʻyicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir”.

Kitobda ayni shu taʼrifga tayangan odilona va oqilona siyosat hayotiy misollar negizida har tomonlama asosli talqin etilgani diqqatni tortadi. Muallif qayd etganidek, “Ijtimoiy davlat tushunchasi yangi Oʻzbekiston davlatining butun mohiyatini belgilaydi. Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi butun mohiyati bilan ijtimoiy davlat faoliyatini qonun bilan kafolatlaydi. Unda bevosita inson taqdiri, uning qadr-qimmati, yashash huquqi masalalariga katta eʼtibor berilgan”.

Akademik O.Salimovning fikricha, yangi Oʻzbekistonda ijtimoiy davlat barpo etish maqsadi inson omilini muqaddas qadriyat sifatida yuksaltirish, odamlarni bilimli, baxtli, erkin va farovon qiluvchi maʼrifiy jamiyat qurish gʻoyasi bilan oʻzaro uygʻunlik kasb etadi. “Mazkur jamiyatni qurish gʻoyasi 2016-yil Qashqadaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilk daʼfa jamoatchilik eʼtiboriga qoʻyilgan edi”, deb qayd etadi taniqli olim.

Shu maʼnoda, kitobning ikkinchi qismi “Maʼrifatli jamiyat sari” deb nomlangani bejiz emas. Bu qism mazmunan bir-birini toʻldiruvchi 12 fasldan tashkil topgan.

Ayni shu fasllar mohiyatiga singdirilgan hayotiy falsafaning magʻzi shuki, har qanday umummilliy taraqqiyot maqsadlar mushtarakligiga tayanadi. Binobarin, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot bosqichi xalq va Prezident, jamiyat va davlat oʻrtasidagi mushtaraklikdan, maqsadlar birligidan, istiqbolga intilishning uygʻunligidan kelib chiqmoqda.

“Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi, ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat”. Bu fikrlarni Prezidentimiz maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish masalalari boʻyicha 2021-yil 19-yanvar kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida bildirgandi.

Davlatimiz rahbari mazkur yigʻilishda soʻzlagan nutqning mazmun-mohiyati va ahamiyati keyinchalik Prezidentimizning “Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasi” nomli birinchi mualliflik fundamental kitobida oʻz aksini topdi. Taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun 100 ta maqsad”dan iborat boʻlib, shundan 8 tasi bevosita maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash masalalariga taalluqlidir.

Dastlabki vazifa “Yangi Oʻzbekiston  maʼrifatli jamiyat” konsepsiyasini amalga oshirishni nazarda tutadi. Nega deganda, biz buyuk tarix, buyuk davlat, buyuk madaniyat yaratgan, dunyo sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qoʻshgan, adolatni qadrlaydigan xalq farzandlarimiz.

Moziy shohidki, IX-XII asrlarda mintaqamizda yuz bergan va avstriyalik atoqli sharqshunos olim Adam Mes tomonidan ilk bor “Musulmon Renessansi” deb taʼriflangan Birinchi Sharq Uygʻonish davrida ham, butun dunyoda mashhur fransuz olimi Vensan Furniyo iborasi bilan “Temuriylar davri Renessansi” deya eʼtirof etilgan XIV-XVI asrlardagi Ikkinchi Sharq Uygʻonish davrida ham jamiyatda eʼtiqod mustahkam, maʼnaviyat kuchli, insonlar dunyoqarashida maʼnaviyat ustuvor, davlatchilik tuzumida maʼnaviyat va maʼrifat yetakchi boʻlgan.

Sharqning butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa boʻlgan har ikki Renessansi buyuk ajdodlarimizning ilm-maʼrifat va kuchli eʼtiqod, diniy bagʻrikenglik va insonparvarlik borasidagi ezgu gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan edi. Bu gʻoyalar bizning davrimizda, yangi Oʻzbekistonda alohida, yanada teran maʼno-mazmun kasb etib bormoqda.

Qachonki millat oʻzligini anglay boshlasa, har bir fuqaro insoniy fazilatlarini toʻliqroq namoyon etib, oʻzini oʻzi qadriyatga aylantira boshlasa, milliy Uygʻonish hodisasi yuz beradi, taraqqiyotning yangi bosqichi boshlanadi. Shu maʼnoda, kitob muallifi eʼtirof etganidek, “Yangi Oʻzbekiston oʻz tarixiy taraqqiyoti davrida yangicha tafakkurga asoslangan turmush tarzini yoʻlga qoʻymoqda. Uchinchi Renessans gʻoyasi ana shu evrilishlar, yangilanishlar oqimida yangi Uygʻonish davrining sarchashmasi boʻlmoqda”.

Kitobning uchinchi qismi “Yangi Oʻzbekiston jahon mehvarida” deb nomlangan va undan 6 salmoqli fasl joy olgan. Ayni fasllarning asl mohiyati, nazarimda, muallifning mana bu fikrlarida yorqin ochib berilgan: “Har bir davlatning tashqi siyosati muqarrar uning milliy va umuminsoniy manfaatlari asosida quriladi. Ana shu jihatdan Oʻzbekiston oʻzining qadimiy davlatchilik anʼanalariga asoslanib, har qanday muammoni muzokaralar yoʻli bilan, hissiyotlardan xoli boʻlgan va aql-idrokka, sharqona bilimlar saviyasiga yoʻgʻrilgan muloqotlar orqali yechimini topish tarafdori boʻlib maydonga chiqdi”.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston Prezidentining xalqparvar va insonparvar siyosati, samimiyatga toʻla qarashlari, inson manfaatlari, qadr-qimmati va shaʼni bilan bogʻliq boʻlgan islohotlari jahon hamjamiyati tomonidan qizgʻin eʼtirof etilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning, kitob muallifi taʼbiri bilan aytganda, “bir qator umumplanetar muammolarga, tinchlik va barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan takliflari Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan maʼqullandi va uning maxsus rezolyutsiyalari qabul qilindi. Aytish mumkinki, bu yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini koʻrsatadi”.

Shunday qilib, akademik Oqil Salimovning yangi kitobida yangi Oʻzbekistonning:

birinchidan, ijtimoiy davlat sifatidagi yangicha konstitutsiyaviy maqomi;

ikkinchidan, maʼrifatli jamiyat barpo etish yoʻlidagi samarali saʼy-harakatlari;

uchinchidan, dunyo maydonida obroʻ-eʼtibori yuksalishi va imiji koʻtarilib borayotgani bilan bogʻliq ijobiy voqeliklar yorqin falsafiy xulosalar hamda aniq hayotiy dalillar asosida ifoda etilgan.

Oqil Salimovning yangi kitobi munosabati bilan qogʻozga tushgan fikrlarimga nuqta qoʻyar ekanman, ustozning “Yangi Oʻzbekiston” gazetasining 2023-yil 3-avgust sonida eʼlon qilingan “Siyosiy axloq va axloqiy siyosat” maqolasini oʻqib qoldim. Xulosa oʻrnida ushbu maqoladan quyidagi iqtibosni keltirishga jazm etdim:

“Yangi Oʻzbekiston ijtimoiy davlati har bir fuqaro qadru qimmati bilan, shaʼni, uning baxtli, saodatli hayoti bilan bogʻliq boʻlgan maʼnaviy barkamol, gʻoyaviy yetuk, siyosiy axloqning axloqiy siyosat bilan sintezlashib borayotgani uning davlat sifatidagi fenomenidir. Zotan, bizning, jamiyatimizning, davlatimizning yagona va birdan-bir xaloskori axloq! Unga kuch, ragʻbat, iroda va tashabbuskorlik tuygʻusini baxsh etadigan yagona va birdan-bir manba – maʼnaviyat!”.

Akmal SAIDOV,

akademik