Tarixiy nutqdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishimni men inson huquq va erkinliklarini, xalq manfaatini taʼminlashga qaratilgan siyosatimizning yana bir yuksak eʼtirofi sifatida qabul qilaman”, degan jumlada gʻoyat chuqur, mamlakat va xalq kelajagi uchun yuksak daxldorlik tuygʻusi mujassam.
Joriy yil 9-iyul kuni mamlakatimizda oʻtgan Prezident saylovi xalqimiz muallifligida yozilgan va qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz asosida tashkil etildi, xalqimiz oʻzining xohish-irodasini emin-erkin bildirib, yangi Oʻzbekiston uchun ovoz berdi.
“Bugun yelkamga qanday ulugʻvor masʼuliyat olayotganimni, Vatanimiz mustaqilligi, 36 milliondan ziyod aziz xalqimning tinchligi va farovonligi uchun shaxsan javobgar ekanimni yurak-yuragimdan his etib turibman”, dedi davlatimiz rahbari.
Soʻnggi yetti yilda mamlakatimizda olamshumul islohotlar amalga oshirildi. Aytishga oson, biroq ortga qarab chamalasak, qisqa muddat ichida inson qadri uchun qilingan ishlarning salmogʻi katta ekaniga guvoh boʻlamiz. Bu yangilanishlar odamlar hayotida yaqqol koʻrindi. Masalan, yurtimizda bir bola dunyoga kelar ekan, uning fuqaro sifatidagi huquqlari, shaʼni va qadr-qimmatiga eʼtibor qaratilmoqda. Tugʻilganlik haqida guvohnoma olish barobarida maktabgacha taʼlim tashkilotiga chiqish uchun elektron roʻyxatga qoʻyilmoqda. Bu farzandlarimiz kelajagi davlat nazoratida ekanini anglatadi. Maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim tizimi tubdan oʻzgargani, oʻquv dasturlari va darsliklar yangilangani, tarbiyalanuvchi va oʻquvchilarga munosabat yaxshilangani farzandlarimizning sifatli taʼlim olishini kafolatladi.
Mamlakatimiz aholisining asosiy qatlami boʻlgan yoshlar uchun yaratilayotgan sharoitlarning oʻzi bir katta mavzu. Yoshlarning taʼlim olishi, bandligiga alohida yondashuv ishlab chiqildi. Mahallalarda “Yoshlar daftari” joriy etilishi har bir yigit-qiz bilan alohida ishlash imkoniyatini yaratdi.
Yurtimizning har bir hududi obodlikka yuz tutdi. Nafaqat poytaxt yoki viloyatlar, tumanlar markazi, balki chekka-chekka qishloq va ovullarda ham zamonaviy binolar qad rostladi. Koʻp yillardan buyon uysiz yashab kelgan fuqarolar uyli boʻldi. Taʼmirtalab xonadonlar davlatimiz koʻmagi bilan yangi qiyofaga kirdi.
Bugun OAVni kuzatib, xorijdagi vatandoshlarimizning yurtimizdagi islohotlarga munosabatini koʻryapmiz, eshityapmiz. Shu kungacha birov “holing ne kechyapti”, deya soʻramagan vatandoshlar – bugungi islohotlar ishtirokchisi. Rivojlangan davlatlarda shuhrat topgan yurtdoshlarimiz Oʻzbekistonga oʻz bilimini, tajribasini olib kelyapti. Bir soʻz bilan aytganda, har sohada, har bir fuqaro hayotida islohotlar oʻz aksini topdi.
Nutqning eʼtiborli va doimiy yodda tutish kerak boʻlgan jihatini qarang: “Biz oʻtmishdan, kechagi tariximizdan, yoʻl qoʻygan xato va kamchiliklarimizdan zarur xulosalar chiqarib, Oʻzbekistonimizning dunyodagi oʻrni va nufuzini yanada yuksaltirishimiz, Vatanimiz shuhrati va shon-sharafini hamma jabhalarda munosib va mardona himoya qilishimiz kerak. Nega deganda, bugungi keskin raqobat olamida kechagi mezon va yondashuvlar bilan rivojlanib boʻlmaydi. Bugungi zamon – bu kechagi zamon emas. Shu bois, har bir imkoniyatdan oqilona foydalanib, har qanday muammoni aql bilan, ilm bilan hal qilishimiz, turli sinovlarni xalqimiz bilan bamaslahat, ogʻir-vazmin boʻlib yengib oʻtishimiz kerak”, dedi Prezidentimiz.
Bundan anglashiladiki, yangi Oʻzbekiston kelajagi xalq bilan birga barpo etiladi, rivojlantiriladi. Bu taʼkid zamirida ham xalqqa yaqinlik, xalqka eshlik bor.
Nutq davomida “Har bir kun – bu imkoniyat, har bir kun – bu kelajak poydevori”, degan shior hayot qoidasiga, har qaysi rahbarning, xalq noiblari, vazir va hokimlarning kundalik faoliyat dasturiga aylanishi shartligi aytildi.
Davlatimiz rahbari bugungi kunda xalqimizning ishonchi va suyanchi boʻlgan mahalla tizimi haqida fikrlarini davom ettirib, “Biz uchun Vatan ramzi boʻlgan mahalla tizimini barcha islohotlarimizda markaziy va hal qiluvchi boʻgʻinga aylantiramiz”, deya qayd etdi. Bu xalqimizga xizmat koʻrsatish sohasida katta islohotlar boshlanishiga ishoradir.
Ochigʻini aytganda, har gal davlatimiz rahbarining nutqida oʻzimiz faoliyat koʻrsatadigan tashkilot haqida fikrlarni hayajon bilan kutaman. Shu safar “Hech shubhasiz, biz bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot bilan birga ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyatga tayanamiz. Saylovoldi uchrashuvlarda milliy oʻzligimiz va ezgu qadriyatlarimizni asrab-avaylash, madaniyat, maʼnaviyat va maʼrifat sohalarini rivojlantirish, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash boʻyicha belgilab olgan vazifalarni sizlar bilan, keng jamoatchilik bilan birgalikda amalga oshiramiz”, deganida biz, maʼnaviyat va maʼrifat sohasi xodimlarining koʻngli togʻdek yuksaldi va oldimizda katta masʼuliyatli vazifalar borligini chuqur his etdik.
Shuningdek, nutqda vijdon erkinligi, soʻz erkinligi, axborot tarqatish huquqlarining bundan keyin ham toʻla kafolatlanishi katta ishonch bilan aytildi.
Xususan, Oʻzbekiston fuqarolari dunyoning qaysi oʻlkasi yoki mintaqasida boʻlmasin, qonunlarimiz himoyasida boʻlishi, chet eldagi vatandoshlarimiz bilan aloqalar yanada mustahkamlanishi yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda aks ettirilgani, uning amaliy ijrosini taʼminlash muhim masalaga aylanishi taʼkidlandi.
Barcha darajadagi rahbarlarga alohida ogohlantirish sifatida aytilgan “Barcha boʻgʻindagi rahbarlarga chiroyli, balandparvoz gapiga qarab emas, faoliyatining aniq natijasiga qarab baho beramiz. Qonunlarni, odamlarni mensimaydigan, ularga qoʻpol munosabatda boʻladigan, byurokratiya va korrupsiya balosiga berilgan har qanday rahbar bilan – u vazir yoki hokim boʻladimi, boshqa masʼul vazifadagi amaldor boʻladimi – salbiy harakatlari bilan davlat obroʻsiga putur yetkazayotgan bunday kishilar bilan uzil-kesil xayrlashamiz. Ularning oʻrniga bilimli, Vatan va xalq tashvishi bilan yashaydigan yosh-yosh yigit-qizlarni qoʻyamiz”, degan gap davlat xizmatchilari uchun dasturilamal boʻlishi kerak.
Nutqning yana bir ahamiyatga molik jihati — yoshlarga qilingan murojaat. Davlatimiz rahbarining “Sizlar Oʻzbekiston tarixiga oltin harflar bilan yoziladigan buyuk ishlarni amalga oshirishga qodirsiz. Yoshlik – gʻanimat, vaqt – gʻanimat, fursat borida otni qamchilang! Davlatimiz, xalqimiz yaratib berayotgan imkoniyatlarning qadriga yeting! Dunyoga oʻz soʻzingizni ayting! Izlanish va intilishdan aslo toʻxtamang! Baxt va omad doimo sizlarga yor boʻlsin!” degan ishonchi, oʻylaymizki, yoshlarga juda katta motivatsiya beradi.
“Biz mamlakatimizdagi 130 dan ortiq millat va elat vakillariga oʻz tili, madaniyati, urf-odat va qadriyatlarini rivojlantirishlari uchun zarur sharoit yaratib berishni izchil davom ettiramiz”, deyildi bagʻrikenglik ruhi va mehrga toʻla nutqda.
Yangi Oʻzbekistonda Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan islohotlar yanada keng koʻlamda davom etadi. Bu yoʻlda biz jonajon Vatanimizning taraqqiy etishi uchun bor kuch-gʻayratimizni safarbar etamiz.
Murodjon HAYITOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
Sirdaryo viloyati boʻlimi rahbari,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.