Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan norasmiy sammitidagi nutqini tinglab, shaxsan men boy tarixiy va maʼnaviy oʻzanlarga ega shunday yurtim, davlatimizning ana shu oʻzanlar qudrati va mehridan toʻyingan qalb sohibi, tarixi va maʼnaviyatini teran qadrlovchi oqil va mustahkam siyosiy irodaga ega rahbari borligidan faxr tuydim.
Darvoqe, Prezident Shavkat Mirziyoyevning barcha olamshumul anjumanlarda, xalqaro sammitlarda ilgari surilgan taklif va tashabbuslari jahon hamjamiyati tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda va amaliyotga tatbiq etilmoqda. Yuqorida aytganimiz – 2020-yil sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surilgan Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari toʻgʻrisidagi xalqaro kodeks loyihasining Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan qabul qilinishi ham fikrimizning isboti boʻla oladi.
Buning asosiy sababi shundaki, Yangi Oʻzbekiston rahbari faqat oʻz mamlakati xalqining emas, dunyo xalqlarining tinch-totuv, sogʻlom va baxtli hayotiga xizmat qiladigan tashabbuslarni ilgari surishi bilan farovon kelajak uchun uzoqni koʻzlab xalqaro koʻlamda fikrlovchi dunyoviy shaxs ekani bilan shuhrat qozonmoqda.
Kuni kecha oʻtgan sammitda ilgari surilgan iqtisodiy aloqalarni kuchaytirish, Turkiy Kengashning oʻz Investitsiyaviy jamgʻarmasi hamda Taraqqiyot bankini tashkil etish, mintaqaning transport va tranzit salohiyatini oshirish, Kengash doirasida Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturini qabul qilish kabi taklif va tashabbuslar ham kelgusi rivojlanish va har tomonlama kuch-qudratga ega boʻlish uchun koʻplab davlatlarning kun tartibida birgalashib amalga oshirishni taqazo etadigan vazifalar boʻlib kelayotgan edi. Shubhasiz, umumiy manfaatlarga toʻla mos keladigan ushbu yoʻnalishdagi ishlar ham tez fursatlarda oʻzining samarali yechimini topadi.
Sammit doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev shu yil sentyabr oyida Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda oʻtkazish rejalashtirilayotgan “Markaziy Osiyo jahon sivilizatsiyalari chorrahasida” mavzusidagi xalqaro forum haqida toʻxtalib, ushbu anjumanga Kengashga aʼzo davlatlar rahbarlarini taklif qildi.
Shuningdek, butun Oʻzbekiston xalqiga gʻurur va sharaf baxsh etuvchi yana bir tashabbusning eʼtirofi bayon etildiki, bu – Turkiy Kengashning ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalarini, shuningdek, turkiy dunyo birligini rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan atoqli shaxslarni ragʻbatlantirish maqsadida xalqaro mukofot taʼsis etilishi va uning Mir Alisher Navoiy nomi bilan atalishidir.
“Biz buni barcha turkiy xalqlarning faxru iftixori boʻlgan, ulugʻ zot – Alisher Navoiyga yuksak ehtirom ifodasi, deb qabul qilamiz. Bu nufuzli mukofotning taʼsis etilishi turkiy birlik ruhini mustahkamlashga xizmat qilishi shubhasiz”, dedi davlatimiz rahbari.
Darhaqiqat, Navoiy – turkiy millat, Navoiy – maʼnaviyat, Navoiy – ilm-fan va madaniyat, odob-axloqdir!
Ulugʻ shoir, jahonshumul merosga ega olim, yuzlab avlodlarning ustozi boʻlgan mutafakkir va buyuk zot nomidagi xalqaro mukofot xalqlarimizning ilm-fan, taʼlim, madaniyat va sanʼat sohalari vakillari oʻrtasidagi aloqalari va hamkorligining yana-da kengayishiga xizmat qiladi.
Ha, Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan Turkiy Kengashning videokonferensiya shaklida oʻtkazilgan norasmiy sammitida ilgari surilgan tashabbuslar nafaqat xalqlarimizni iqtisodiy, transport-logistika hamda xalqaro taraqqiyotning boshqa yoʻnalishlarida, balki maʼnaviy jihatdan va ruhan jipslashishga ham chorlaydi.
Bektemir PIRNAFASOV,
jurnalist,
Navoiy viloyati.