Yangi O'zbekiston ta'lim strategiyasi: muammo va echimlar

    Ta'lim va tarbiya qushning ikki qanoti singari bo'lib, uning bir qanotini sindirib, yuksak parvozga erishib bo'lmaydi. A. Avloniy nomidagi Xalq ta'limi muammolarini o'rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy ishlar bo'yicha direktor o'rinbosari, siyosiy fanlar doktori (DSc) Farhod Karimov ta'lim sifatini oshirish borasidagi mulohazalari bilan o'rtoqlashdi:

    Har qanday mamlakat o'z taraqqiyot yo'lini belgilar ekan, ta'lim sohasidagi islohotlarga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Mamlakatimizda bu borada e'tiborga molik ishlar amalga oshirilmoqda.

    O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 25 yanvardagi “Xalq ta'limi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo'llab-quvvatlash hamda uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori nafaqat xalq ta'limi xodimlarining malaka oshirish tizimini tubdan isloh qilish, balki umumiy o'rta ta'lim muammolarini kompleks o'rganish hamda ilmiy tahlil qilish, ilg'or xorijiy tajribalarni amaliyotga joriy etish kabi vazifalarni ham belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Bu, o'z navbatida, ta'limda o'zaro integratsiya jarayonini tezlashtirishga xizmat qiladi. Ayni vaqtda Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta'limi muammolarini o'rganish va istiqbollarini belgilash ilmiy-tadqiqot institutida xalq ta'limi tizimining turli muammolarini tahlil qilish bilan birga, O'zbekistonning xalqaro ta'lim indeksini yuqoriga ko'tarish uchun ta'lim sifatini oshirish bo'yicha ham ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

    Ilmiy tadqiqotlar

    2021–2025 yillarga mo'ljallangan ilmiy tadqiqotning ustuvor yo'nalishlaridan kelib chiqib, Finlyandiya, estoniya, Yaponiya, Janubiy Koreya davlatlari tajribasini o'rganish asosida va, tabiiyki, milliy xususiyatlarimizni inobatga olgan holda, boshlang'ich ta'lim o'quv dasturlari mazmunini takomillashtirishga ahamiyat qaratilmoqda.

    Birgina Yaponiya boshlang'ich ta'lim tizimiga nazar tashlasak, o'quvchilarda yoshlikdan jamoaviylik va mehnatsevarlik ko'nikmalarini shakllantirishga alohida ahamiyat qaratilishini ko'rish mumkin. O'quvchilarning xarakteri aynan shu davrda shakllanishini inobatga olgan holda, mustaqil qaror qabul qilish ko'nikmalari shakllantiriladi. Sport esa inson salomatligining garovi ekanligi boshlang'ich sinfdayoq singdiriladi.

    Xorijiy mamlakatlar boshlang'ich ta'limidagi muammo va yutuqlarni o'rganish bilan birga, aynan milliy xususiyatlarimizga yaqin bo'lgan tomonlarini amaliyotga joriy qilish maqsadida Yaponiya va Janubiy Koreyaning “Tarbiya” darslari mexanizmlari tahlil qilinmoqda. Shuningdek, boshlang'ich sinf o'quvchilarining moliyaviy savodxonligini oshirish borasida dasturlar ishlab chiqilyapti.

    O'quvchilarning aniq va tabiiy fanlarni o'zlashtirishiga alohida ahamiyat qaratilmoqda. Chunki bugungi zamonaviy bozor iqtisodiyoti talablariga mos kasblar aynan ushbu fanlar negizida rivojlanadi. Jumladan, zamonaviy dasturchilar, texnologlar bilan asosan Hindiston butun AQSH va BAA bozori talablarini qondirmoqda. AQSHda faoliyat olib borayotgan dasturchilarning qariyb 50 foizini aynan hind dasturchilari tashkil etishi buning yorqin misolidir. Shuningdek, gen injenerligi, nanotexnologiya, muhandislik kabi yo'nalishlar aniq va tabiiy fanlar negizida vujudga kelgan. Ushbu zamonaviy kasblar orqali o'quvchilar uchun nafaqat zamonaviy kasbga ega bo'lish, balki moddiy farovonligini oshirish imkoniga ega bo'ladi.

    XXI asrda iqtisodiyotning to'rtinchi tarmog'i — turizm rivojlanishi jahon mamlakatlarida 400 dan ortiq xizmat turlari paydo bo'lishiga olib keldi. Birgina xorij tillarini mukammal o'zlashtirish orqali gid tarjimonlar ayni vaqtda turizm mavsumida Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlarida o'rtacha bir kunda 400–500 dollargacha mablag'ga ega bo'lmoqda. Bu esa ilmni iqtisodiyotga olib kirish samaradorligining yaqqol dalilidir. Ayni paytda an'anaviy kasblar bilan birga sof ilmiy potensialni amalga oshirish orqali yuqori natijalarga erishish mumkinligi to'g'risida o'quvchilarga tushunchalar berish tizimi yo'lga qo'yilmoqda.

    Qanday loyihalar amalga oshirilmoqda?

    Respublika bo'yicha rasmiy statistikaga e'tibor qaratsak, oliy toifali o'qituvchilar 3,5, birinchi toifali o'qituvchilar 12,7, ikkinchi toifa 27,5, mutaxassis o'qituvchilar 43,4, toifasiz o'qituvchilar 12,9 foizni tashkil etadi.

    Pedagoglarning malaka toifasi borasidagi muhokamalar bu darajada ko'pligiga, avvalo, umumta'lim muassasalari pedagoglarini malaka toifasiga tayyorlash mexanizmi mavjud emasligi, toifa olishga ko'nikma shakllantirilmagani, toifa olishga undovchi mexanizm yo'qligi aniq va tabiiy fanlar o'qituvchilarini toifalash tizimini joriy etish zaruratini keltirib chiqardi. Aniq va tabiiy fanlar yo'nalishi bo'yicha oliy va birinchi toifali o'qituvchilar salmog'i boshqa fan yo'nalishlariga nisbatan kam bo'lib, mavjud muammoni bartaraf etish maqsadida oliy va birinchi toifa olishga aniq va tabiiy fanlar yo'nalishi bo'yicha tayyorlov kurslari tashkil etilmoqda. Jumladan, matematika, fizika, biologiya, kimyo fanlariga mo'ljallangan 72 soatlik onlayn kurslar amaliyotga joriy etildi. Bu orqali ta'lim sifatini ko'tarish, mavjud bo'shliqni to'ldirish imkoniyati paydo bo'ladi.

    Loyihaning ikkinchi qismi sertifikatlash jarayoni bo'lib, aniq va tabiiy fanlar o'qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimini yaratishga yo'naltirilgan. Bugungi kunda xorijda o'qituvchilarni baholash tizimiga e'tibor qaratar ekanmiz, Yaponiyada o'qituvchilar faoliyatini baholash tizimida ikkita asosiy omil hisobga olinganini ko'rish mumkin. O'qituvchining pedagogik faoliyati samaradorligining ko'rsatkichi sifatida o'quvchilarning bilish dinamikasi hamda o'qituvchining kasbiy malakasini o'lchash tizimiga asoslanadi. Ta'lim tizimidagi islohotlardan so'ng 2009 yilda Xitoyda o'qituvchilarga ish haqi to'lash o'qituvchilar bilimini baholash orqali amalga oshirila boshlandi. Biroq sertifikat va mukofotlar mavjudligi ham o'qituvchi ishining samaradorligini baholash uchun muhim ko'rsatkich hisoblanadi.

    O'zbekistonda ham baholashning 70/30 tizimi joriy etilmoqda. O'quvchilarning bilim samaradorligi 70 foizgacha baholansa, 30 foizi o'qituvchining ilmiy salohiyati hamda tajribasiga ko'ra, tizimda baholash joriy etilmoqda.

    Qanday natijalarga erishiladi?

    Avvalo, matematika, fizika, biologiya, kimyo fanlari bo'yicha pedagoglar malakasini milliy baholashning samarali, aniq va tabiiy fanlar o'qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimi yaratiladi. Metodik qo'llanma va materiallar ishlab chiqiladi.

    Raqobat muhiti shakllanishi va uzluksiz kasbiy ta'lim mustahkamlanishi ushbu tizimning samarasi deyish mumkin. SHu bilan birga, pedagoglarning fan bo'yicha salohiyati aniqlanadi. Reytingni belgilovchi yangi mexanizmlarni rag'batlantirish tizimi ishlab chiqiladi. Yuqori natijali maktablar tajribasini ko'rsatkichi past bo'lgan maktablarda qo'llash mexanizmi yaratiladi. elektron savollar bazasi ishlab chiqiladi. 4 ta fan bo'yicha pedagoglar jamoasi shakllantiriladi. Darsliklarni takomillashtirish yuzasidan ilmiytadqiqot ishlari, yuqori natijaga ega bo'lgan pedagoglar tajribasini ommalashtirish bo'yicha takliflar kiritiladi.

    Prezidentimiz soha xodimlari bilan uchrashuvlarda o'qituvchi va murabbiylarning obro'-e'tiborini ko'tarish, ularning moddiy farovonlik darajasini oshirish zarurligini bot-bot takrorlaydi. Loyiha natijasi asosida kasbiy professionallik darajasini saralash bilan o'qituvchining maoshi mexanizmlari ishlab chiqiladi. Bu orqali o'qituvchilarning nafaqat tajribasi, shuningdek, ilmiy kompetentsiyasini ham oshirish nazarda tutiladi. Yuqoridagi vazifalardan kelib chiqib, ayni vaqtda baholashni o'tkazish talablarini ishlab chiqish — Vazirlar Mahkamasining “Aniq va tabiiy fanlar o'qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimi to'g'risida”gi qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Qaror loyihasida o'qituvchilarni moddiy qo'llab-quvvatlashning yanada samarali mexanizmlari ustida ishlanmoqda.

    “Jamoatchilik nazorati”ning ta'lim tizimidagi ahamiyati

    “Jamoatchilik nazorati” ta'lim tizimida ishlasa-da, amalda ta'lim sifati yoki ta'lim sifatini oshirish masalalari emas, ko'proq o'qituvchi-o'quvchi o'rtasidagi “shaxsiy munosabatlar”, “kiyinish odobi” muhokama mavzusiga aylangan. Jamoatchilik nazoratini ko'proq ta'lim mazmuniga yo'naltirish zarur. To'g'ri, bugungi ta'lim tizimimizning eng ustuvor vazifasi sifatida ta'lim va tarbiyaning uzviyligi ko'rsatib o'tilgan bo'lsa-da, amalda o'qituvchi ko'proq ta'lim berish bilan shug'ullanish mexanizmi jamoatchilikni qiziqtirishi lozim. Maktabda o'qituvchilarning bilim berish darajasi, o'quvchilarning o'zlashtirishi hamda oliy ta'limga qamrov maktabni emas, aksincha, jamoatchilikni qiziqtirishi kerak.

    Xulosa o'rnida shuni aytish kerakki, ta'lim va tarbiya qushning ikki qanoti singari bo'lib, uning bir qanotini sindirib, yuksak parvozga erishib bo'lmaydi.