Sababi, aynan shu kuni ular jonajon maktabi, qadrdon oʻqituvchi va murabbiylari, sinfdoshlari bilan xayrlashib, mustaqil hayotga yoʻl oladi. Taʼlimning keyingi bosqichini oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarida davom ettiradi.
Bu yil yurtimizdagi 10 mingdan ziyod umumtaʼlim maktabini 390 ming nafardan ortiq bitiruvchi tamomlamoqda.
Mamlakatimizning barcha taʼlim maskanlaridagi “soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbirlari davlatimiz rahbarining bitiruvchi oʻgʻil-qizlarga yoʻllagan tabrigini oʻquvchilarga yetkazish bilan boshlandi.
Prezidentimizning: “Hech shubhasiz, oʻz bilim va isteʼdodini Vatanimiz va xalqimizga munosib farzand boʻlishdek olijanob maqsadlarga sarflashga chogʻlanib turgan sizdek tirishqoq va intiluvchan farzandlarimiz — bizning ishonchimiz va tayanchimiz, yangi Oʻzbekistonning oltin fondi, bebaho xazinasidir”, degan soʻzlari minglab yuraklarda aks-sado berib, qalblarni toʻlqinlantirdi. Oʻgʻil-qizlarni ilm-fan choʻqqilarini, ijtimoiy hayotning muhim jabhalarini zabt etishga undovchi xitob boʻlib yangradi.
Mana, ikkinchi yildirki, davlatimiz rahbari mustaqil hayotga yoʻl olayotgan oʻgʻil-qizlarni qutlab, tabrik yoʻllamoqda. Bu ham taʼlimga, yurtimiz ertasi boʻlgan yoshlar kelajagiga tikilgan minglab nigohlar umid va ishonchga toʻla ekanidan darak berayotir.
Oʻgʻil-qizlarga qaratilayotgan eʼtiborni ilgʻash uchun mamlakatimizning kelgusi besh yillik rivojlanish yoʻlini belgilab bergan Taraqqiyot strategiyasiga nazar tashlash kifoya. Uning adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish yoʻnalishida belgilangan vazifalar ijrosi koʻlami va hajmiga koʻra avvalgi yillardan mutlaqo farq qiladi.
Soʻnggi yillarda “Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi” degan ulugʻvor gʻoya asosida taʼlimni isloh qilish, maktab infratuzilmasini takomillashtirish, taʼlim sifatini oshirishga katta eʼtibor qaratildi. Bu borada mustahkam normativ-huquqiy baza yaratilib, soha rivojida yangi ufqlar ochildi. Asosiy maqsad mamlakatimizda yangi Uygʻonish davri — Uchinchi Renessansning poydevorini shakllantirishga qaratilmoqda. Bu vazifa taʼlim sohasida keng koʻlamli islohotlar oʻtkazish orqali amalga oshiriladi.
Keyingi yillarda Prezident maktablari, ijod va ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari tashkil etilib, ularga eng malakali mutaxassislar jalb etildi. Mavjud umumtaʼlim maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, barcha hududda zamonaviy oʻquv maskanlari barpo etish uchun tarixda kuzatilmagan miqdorda mablagʻ ajratilmoqda. Birgina oʻtgan yili 789 ta maktabda 3,3 trillion soʻmlik qurilish va taʼmirlash ishlari bajarilgani fikrimiz dalilidir.
Jamiyatda oʻqituvchi mavqei, kasbi nufuzini oshirish, mehnatini munosib ragʻbatlantirish, yashash va turmush sharoitini yaxshilashga katta eʼtibor qaratilayotir. Jumladan, chekka hududlarga borib dars berayotgan oʻqituvchilar maoshiga sezilarli darajada ustamalar qoʻshilayotgani yashayotgan joyidan qatʼi nazar, farzandlarimizning shaharnikidan kam boʻlmagan darajada bilim olishiga imkon bermoqda.
Shuningdek, fan darsliklari mazmun-mohiyatida ham qator oʻzgarishlarga erishilgani eʼtiborga molik. Bu jarayonda xorijning ilgʻor tajribasidan keng foydalanildi. Izchil saʼy-harakatlar tufayli umumtaʼlim maktablari uchun 326 nomda oʻquv-metodik majmualar, oʻqituvchilar kitobi hamda mashq daftarlari yaratildi.
Davlatimiz rahbarining tabrigida qayd etilganidek, hozir yurtimizda 10 mingdan ziyod davlat umumtaʼlim maktabi bilan birga koʻplab nodavlat, davlat-xususiy sheriklik shaklidagi maktablar, Prezident, ixtisoslashtirilgan va ijod maktablari faoliyat yurityapti. Bu saʼy-harakatlar ushbu tizimda qisqa muddatda chuqur tarkibiy va sifat oʻzgarishlari yuz berganini koʻrsatadi.
Taʼlim tizimidagi yangilanishlar, oʻqitish sifati va samaradorligiga qaratilayotgan eʼtibor, yoshlar orasidan isteʼdodlilarini saralab olish jarayoni toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani oʻz samarasini berayotir. Jumladan, xalqaro fan olimpiadalarida oʻquvchilarimiz qoʻlga kiritgan medallar soni 3 barobar, mintaqaviy olimpiadalarda esa qariyb 2 barobar koʻpaygani, “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 900 mingdan ziyod oʻquvchi dasturlash asoslarini oʻrganib, sertifikatga ega boʻlgani fikrimizni tasdiqlaydi.
Ilgari maktabni tugatgan yoshlarning muayyan qismigina oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan boʻlsa, keyingi yillarda talabalar safiga qoʻshilayotganlar soni tobora oshmoqda. Buni bir soʻz bilan oliy taʼlim muassasalariga qamrov darajasi kengayayotgani bilan izohlash mumkin. Masalan, 2016-yilda oliy taʼlimga qamrov 9 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilda 25, 2021-yilda 28 foizga yetdi. Bu yil 38 foizga yetkaziladi.
Shu kuni mamlakatimizdagi barcha maktablar qatori Prezident taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabda ham “soʻnggi qoʻngʻiroq” tadbiri oʻzgacha shukuhda oʻtdi. Bir yuz ellikdan ortiq oʻquvchi tahsil olayotgan taʼlim muassasasining 60 oʻquvchisi bu yil 11-sinfni tamomlab, katta hayotga qadam qoʻymoqda. Ularning 20 nafari allaqachon nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalari grantini yutib, talabalikka bir qadam qolgan. Yana 6 nafari esa xalqaro olimpiadalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan va imtiyozli tarzda talabalar safiga qoʻshilish arafasida turibdi.
Yaqinda yurtimizda kimyo boʻyicha boʻlib oʻtgan Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida ushbu maktabdan yetti oʻquvchi ishtirok etib, 6 nafari turli medallar sohibi boʻldi.
— Prezidentimiz tabrigi bizni juda ruhlantirdi. Kelgusida bundan ham katta marralarga erishishga harakat qilamiz, — deydi Abu Ali ibn Sino nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab oʻquvchisi, oltin medal sohibi Azimjon Jamolov. — Yaqinda Xalqaro Mendeleyev olimpiadasida erishgan natijalarimiz ham mamlakatimizda taʼlim sohasiga qaratilgan eʼtiborning samarasi, deb bilaman. Men shu olimpiada yakunlariga koʻra, Moskvadagi nufuzli oliy oʻquv yurtining kimyo fakultetiga imtiyozli tarzda qabul qilindim. Shu bilan birga, “Yangi Oʻzbekiston” universitetida taʼlim olish huquqiga ega boʻldim. Hozircha qaysi universitetni tanlash borasida bir qarorga kelganim yoʻq. Qarorim qanday boʻlishidan qatʼi nazar, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshish, shu yoʻlda tinmay oʻqish, izlanish oliy maqsadim boʻlib qoladi.
Shu taʼlim muassasasi oʻquvchisi, 56-Xalqaro Mendeleyev olimpiadasi kumush medal sovrindori Maftuna Badalova ham bugun bitiruvchilar safida. “Prezidentimizning biz, bitiruvchi yoshlarga yoʻllagan tabrigini katta hayajon bilan tingladim. Bizga bildirilgan umid va ishonch, kelajagimiz haqida aytilgan iliq gaplarni eshitib, juda quvondim. Bu yutuqlar bilan cheklanmay, joriy yil 10-18-iyul kunlari oʻtkazilishi rejalashtirilayotgan 54-Xalqaro kimyo olimpiadasida ham yurtimiz shaʼnini munosib himoya qilamiz”, — deydi u.
Tadbir doirasida yil davomida namunali xulq va aʼlo baholarga oʻqib, eng yuqori koʻrsatkichlarga erishgan iqtidorli bitiruvchilar ragʻbatlantirildi. 2021-2022 oʻquv yilida fan olimpiadalari, koʻrik-tanlov va sport musobaqalarida ishtirok etib, faxrli oʻrinlarni egallagan hamda ijodkor oʻquvchilar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandi.
Mirobod tumanidagi 154-maktabda ham “Soʻnggi qoʻngʻiroq” tantanalari oʻziga xos tarzda oʻtkazildi. Ota-onalar farzandlarining boʻyiga, qoshu koʻzlariga qarab, yorugʻ rejalarini tinglab, ularni ilk bora jajji qoʻlidan tutib maktabga boshlab kelgan onlarni eslagan boʻlsa, ajab emas. Oʻqituvchilar esa shogirdlari bilan oʻtgan pallalardagi eng muhim voqealarni goh kulib, goh koʻzda yosh bilan soʻzlab berdi.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyidning maktab kutubxonasiga tuhfa etgan kitoblar jamlanmasi va qutlovini oʻquvchilar katta quvonch bilan qabul qildi.
Ha, bitiruvchi yoshlarimiz qalbida katta orzu-umidlar bilan oʻzlariga ishongan holda mustaqil hayotga qadam qoʻymoqda. Xalqimiz esa davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, ular timsolida mamlakatimizning oltin fondini, bebaho xazinasini koʻrayotir. Bu xazina hali Oʻzbekiston nomini dunyoga yanada keng taratishi, mamlakatimizning rivojlangan davlatlar qatoriga tezroq kirishiga xizmat qilishi shubhasiz.
Risolat MADIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri