“Oʻzbekiston — 2030” strategiyasida belgilab berilgan yuksak samarali yondashuv doirasida boshqaruv tuzilmalarini chuqur modernizatsiya qilish hamda demokratik jarayonlarda aholining faol ishtirokini taʼminlashga qaratilgan ijtimoiy-siyosiy va konstitutsiyaviy islohotlar tufayli tub oʻzgarishlar sari dadil qadam tashlandi.

Bunday strategik rejalar asosidagi tizimli saʼy-harakatlar tufayli soʻnggi yillarda iqtisodiyotimiz ikki karra oʻsdi. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad uch ming dollarga yetdi. Kambagʻallik darajasi 23 foizdan 8,9 foizgacha pasaydi. Maktabgacha taʼlimda qamrov 76 foizga yetkazildi, oliy taʼlimda esa 40 foizdan oshdi. Bularning bari, hech shubhasiz, mehnatkash, olijanob va bagʻrikeng xalqimiz erishgan ulkan tarixiy muvaffaqiyatdir.

Adolatli va qonun ustuvor davlat strategiyasi

2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda mohiyat-mazmuniga koʻra har tomonlama pishiq-puxta oʻylangan va umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlar talablariga javob beradigan Bosh qonunimizning yangilanishi nafaqat jamiyatimiz hayotidagi noyob siyosiy, ijtimoiy-huquqiy voqea, balki ulkan olamshumul hodisa boʻldi. Yangilangan Konstitutsiyada mamlakatimizda davlat boshqaruvi tizimini yanada demokratlashtirish yoʻliga asos solindi. Davlat va uning organlari ijtimoiy roli va majburiyatlari kengaytirildi, inson huquq va erkinliklarini samarali muhofaza qilish mexanizmlari yanada mustahkamlandi.

Bunday tarixiy sharoitda yangilangan Konstitutsiyamizning xalqchil tamoyil va normalarini hayotga izchil tatbiq etish boʻyicha tizimli tadbirlar boshlab yuborildi. Jamiyat va davlatni modernizatsiya qilish, hayotning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy negizlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, konstitutsiyaviy qonuniylikni mustahkamlash boʻyicha ishlar faol davom ettirilmoqda.

Avvalo, 2023-yil 8-may kuni davlatimiz rahbarining “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi va 89 banddan iborat muhim chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bosh qonunimizning ustuvor gʻoyalarini roʻyobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish boʻyicha davlat komissiyasi hamda suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplarini amalga oshirish boʻyicha beshta ekspertlik kengashi tuzildi. Bular Konstitutsiya talablarini amalga oshirishda tizimli yondashuvni taʼminlashga xizmat qilyapti.

Ikkinchidan, birgina 2024-yilning oʻzida yangilangan Konstitutsiya asosida joriy etilgan hokimiyatlarning boʻlinishi prinsipi hamda oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy yangi konsepsiyasidan kelib chiqib, qator davlat organlari, xususan, Konstitutsiyaviy sud, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi hamda mahalliy organlar faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari Konstitutsiyaga muvofiqlashtirildi. Ularning faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyildi.

Uchinchidan, inson huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatiga bevosita daxldor hujjatlar qabul qilindi. Jumladan, 2024-yil 20-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan Konstitutsiyada mustahkamlangan inson huquq va erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmati daxlsizligi, shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligiga oid kafolatlar kuchaytirildi. Xususan, qarindoshining sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilish va uni oʻtash chogʻida fuqarolar huquqlarini cheklash uchun asos boʻlmasligi belgilandi.

Toʻrtinchidan, Oʻzbekiston Prezidentining 2024-yil 10-maydagi “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatishni takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan xotin-qizlarning huquqlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza etish tizimi takomillashtirildi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga himoya orderi talab etmagan holda ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmat koʻrsatish tartibi yoʻlga qoʻyildi.

Beshinchidan, 2024-yil 21-oktyabrdagi “Oilaviy (maishiy) zoʻravonlikdan himoya qilish choralari kuchaytirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritish toʻgʻrisida”gi qonun bilan bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan oilaviy zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlik kuchaytirildi. Shuningdek, 2024-yil 14-noyabrdagi “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi. Bular bilan bolaning Konstitutsiyamizda belgilangan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish boʻyicha davlatning zimmasidagi majburiyatlar belgilab berildi.

Oltinchidan, Konstitutsiyada mustahkamlangan davlatning kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrish boʻyicha majburiyati doirasida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi farmoni hamda 2024-yil 4-oktyabrdagi qarori bilan har bir fuqaroni oʻzi va farzandlari kelajagi uchun masʼuliyat bilan yondashishga undaydigan va salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun imkoniyat yaratishga qaratilgan “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosi yoʻlga qoʻyildi. Kambagʻal oilalar reyestriga kiritilgan oila aʼzosi uchun ijtimoiy soliq 3-yil bir foiz stavkada toʻlanishi belgilandi.

Yettinchidan, umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan Konstitutsiya normalarini toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllash amaliyotining keng yoʻlga qoʻyilishiga Oliy sud plenumining 2023-yil 23-iyundagi “Odil sudlovni amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllashning ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilinishi muhim sharoit yaratdi.

Bunday ulugʻvor oʻzgarishlar negizida “Inson qadri uchun” gʻoyasi hamda islohotlarning “Inson — jamiyat — davlat” bosh tamoyilini Konstitutsiyamiz mazmuniga chuqur singdirib, hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishdek ezgu ishlar mujassam.

Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash — oliy maqsad

Konstitutsiyaviy islohotlar samarasida mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudi vakolatiga taalluqli masalalar doirasi va mexanizmlarini kengaytirish konstitutsiyaviy odil sudlovni amalga oshirishdagi faoliyat kafolatlarini yanada kuchaytirishda muhim omil boʻlmoqda.

Birinchidan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Konstitutsiyaviy sud ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlar Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar ularning Konstitutsiyamizga muvofiqligini aniqlashi belgilandi. Avval Konstitutsiyaviy sud faqat xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish toʻgʻrisidagi qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlashi nazarda tutilgan edi.

Ikkinchidan, Konstitutsiyaviy sud referendumga chiqarilayotgan masalalarning Konstitutsiyamizga muvofiqligi toʻgʻrisida xulosa beradigan boʻldi.

Uchinchidan, Bosh qonunimizda Konstitutsiyaviy sud sudyalari qayta saylanish huquqisiz oʻn yillik muddatga saylanishi mustahkamlandi. Konstitutsiyaviy sudlar sudyasining qayta saylanish imkoniyatisiz davomiy vakolat muddati qator xorijiy konstitutsiyalarda mustahkamlangan. Masalan, Bolgariya, Fransiya, Italiya, Litva, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Sloveniya, Ukrainada 9-yillik, Gruziyada 10-yillik, Germaniya va Rossiyada esa 12-yillik muddat amal qiladi.

Konstitutsiyaviy sudning faoliyati, asosan, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlar qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlar, mahalliy organlar qarorlarining Bosh qonunimizga mosligini oʻrganish va tahlil qilish, jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlarini koʻrib chiqish va boshqalardan iborat.

Mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudining 2024-yilda oʻtkazilgan sud majlislarida koʻrilgan toʻrtta ish yuzasidan qaror va ajrimlari qabul qilindi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy sud tomonidan 411 ta normativ-huquqiy hujjat, shundan 109 ta qonun (10 xalqaro shartnoma), Oʻzbekiston Prezidentining oʻnlab farmon va qarorlari, farmoyishlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining tegishli qarorlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasining qator qonunlari, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, Bosh prokuror buyruqlarining Konstitutsiyamizga mosligi oʻrganilib, tahlil qilindi. Konstitutsiyaviy sudga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari yuzasidan oʻttizdan ortiq taklif berildi.

Keyingi yillarda anʼanaga aylanib borayotgan amaliyot ham faoliyatimizda yaxshi natijalar bermoqda. Oʻtgan yil nihoyasida Konstitutsiyaviy sud konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oliy Majlis palatalariga va Oʻzbekiston Prezidentiga taqdim etadigan mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati toʻgʻrisida axborotni ikkinchi marotaba ochiq sud majlisida koʻrib chiqdi. Axborotda qonuniylikni kuchaytirish boʻyicha aniqlangan oʻn beshta yoʻnalishda oʻn oltita taklif va tavsiya yuborildi.

Mazkur axborot kelib tushgan murojaatlarni chuqur oʻrganish asosida, shu jumladan, Konstitutsiyaviy sudga bevosita Oʻzbekiston Prezidentining Xalq qabulxonalari va Virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan murojaatlar tahlili asosida tayyorlandi. Chunki fuqarolarimiz Konstitutsiyaviy sudning vakolatiga kirmaydigan, ammo boshqa davlat idoralari vakolatidagi muhim konstitutsiyaviy huquqlariga oid muammolar, qarorlardan norozi yoki lozim darajada bajarilmasligi toʻgʻrisida shikoyatlar qilgan. Bunday muammolar Konstitutsiyaviy sudning har yilgi axborotida muhokamaga qoʻyish yoʻli bilan hal etilmoqda. Bu kabi konstitutsiyaviy mexanizmlar tom maʼnoda insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha davlatning oliy maqsadiga erishishda, xalqimizni rozi etish borasida birga harakat qilishga undamoqda.

Oʻrganishlarga koʻra, 2024-yil davomida Konstitutsiyaviy sudga jami 1858 ta murojaat kelib tushgan. Shundan olti yuzga yaqini Konstitutsiyaviy sudga bevosita yuborilgan. Yuzdan ortiq fuqaro va yuridik shaxs vakillarining Konstitutsiyaviy sud sudya va ekspertlari shaxsiy qabuli uyushtirilgan.

Murojaatlarning tahlili koʻrsatmoqdaki, Konstitutsiyaviy sudga murojaatlar koʻp hollarda Konstitutsiya, qonunlar normalaridan tashqari qonunosti hujjatlar yuzasidan, shuningdek, umumiy yurisdiksiya sudlaridagi ishlar boʻyicha qarorlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi, qonuniyligi yuzasidan kelgan.

Keyingi yillarda Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga zamonaviy axborot texnologiyalari keng joriy etilishi ham yaxshi samara bermoqda. Jumladan, Konstitutsiyaviy sudning rasmiy saytida yoʻlga qoʻyilgan “Fuqarolarning onlayn qabuli” telegram messenjeri orqali oldindan muddatlari aniq haftalik va oylik jadvallar asosida fuqarolar bevosita sudya va ekspertlarga videoqoʻngʻiroq qilib, onlayn tarzda murojaatlariga kerakli tushuntirishlar olmoqda. Konstitutsiyaviy sud saytida onlayn qabulning yoʻlga qoʻyilishi fuqarolarga respublikamizning istalgan hududidan bevosita murojaat qilib, oʻzlarini qiziqtirgan savollarga sudya, ekspert va mutaxassislardan toʻlaqonli javob olishni taʼminlashga xizmat qilyapti.

Yurtimizdagi islohotlardan koʻzlangan asosiy maqsad xalqimizni rozi qilishdir. Shu bois, har bir davlat organi oʻz zimmasidagi vazifani sidqidildan bajarishi, jamiyat rivoji, aholi yaxshi yashashi uchun zarur sharoitlarni yaratishi eng ustuvor vazifa etib belgilandi.

Milliy va ilgʻor xorijiy tajriba uygʻunligi

Zamonaviy Oʻzbekiston davlati ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotda, xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashda ulkan yutuqlarga erishdi.

Milliy manfaatlarimizni taʼminlash yoʻlida xalqaro maydonda yuritilayotgan ochiq va faol tashqi siyosat oʻz samarasini bermoqda. Siyosiy muloqot va uchrashuvlar natijasida imzolangan hujjatlar va muvaffaqiyatli amalga oshirilgan qoʻshma loyihalar bunga yorqin misol boʻla oladi.

Shu oʻrinda Konstitutsiyaviy sudning xalqaro munosabatlari va xorijiy mamlakatlar konstitutsiyaviy nazorat organlari bilan hamkorligiga alohida toʻxtalib oʻtish lozim. Konstitutsiyaviy sudning inson huquqlarini himoya qilishga ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar konstitutsiyaviy sud organlari bilan, shuningdek, konstitutsiyaviy sud va unga tenglashtirilgan sud organlari manfaatlarini birlashtiruvchi mintaqaviy tashkilotlar bilan aloqalari faol yoʻlga qoʻyilgan. Ayniqsa, Yevropa, Osiyo va MDH davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlari konstitutsiyaviy sudlari bilan yaqin aloqa va hamkorlik har qachongidan yuqori darajaga chiqdi.

Bunda oʻzaro tajriba almashish, inson huquqlarini himoya qilishda konstitutsiyaviy odil sudlov mexanizmlarini takomillashtirish, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, konstitutsiyaviy protsessual qonunchilikni, shuningdek, individual konstitutsiyaviy shikoyat institutini rivojlantirish kabi yoʻnalish va mavzular boʻyicha tashkil etilayotgan xalqaro konferensiya va seminar-treninglar alohida ahamiyat kasb etyapti. Eng muhimi, bunday tadbirlar Venetsiya komissiyasi, YEXHTning Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, “Mintaqaviy muloqot” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti dasturi, Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi, Islom dunyosi konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi, Turkiy dunyo Konstitutsiyaviy sudlari konferensiyasi, Yevroosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi kabi nufuzli tashkilotlar moliyaviy koʻmagida xorijiy hamkorlar ishtirokida oʻtkazilmoqda.

Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi taʼsischilaridan biri hisoblanadi. Mazkur assotsiatsiya 2010-yil 12-iyulda Jakarta shahrida Indoneziya, Janubiy Koreya, Malayziya, Moʻgʻuliston, Filippin, Tailand va Oʻzbekiston tomonidan tashkil etilgan.

Hozirgi kunda assotsiatsiyaga Osiyodagi 20 ta davlat aʼzo boʻlgan. Uning asosiy maqsadi Osiyo mamlakatlari konstitutsiyaviy sudlari tomonidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirish, inson huquqlarini himoya qilish, demokratiya kafolatlari, qonun ustuvorligi sohalarida tashkilot aʼzolari oʻrtasida hamkorlik oʻrnatish va rivojlantirishdan iborat.

Oʻtgan yilning 17-21-sentyabr kunlari Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining Tailandning Bangkok shahrida boʻlib oʻtgan VI kongressida assotsiatsiyaning faoliyati va kelgusidagi rejalari haqida axborot berildi. Tadbirda 2025-2027-yillarda Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasiga raislik qilish Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga oʻtishi eʼlon qilindi.

Nufuzli mintaqaviy forum tomonidan ushbu masʼuliyatli vazifaning bizga ishonib topshirilishi, avvalo, Prezidentimiz yuritayotgan adolatli va oqilona siyosatning xalqaro miqyosdagi yana bir eʼtirofidir. Yangi Oʻzbekistondagi keng koʻlamli islohotlarga ishonch va davlatimizning jahon miqyosida nufuzi yuksalgani, jumladan, samarali sud-huquq sohasini shakllantirish va konstitutsiyaviy odil sudlovni taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston tajribasiga qiziqish ortib borayotganining yorqin dalilidir.

Oʻzbekiston Konstitutsiyaviy sudi vakillari keyingi uch yil davomida oʻzaro tajriba almashish va ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish maqsadida Germaniya Federal Konstitutsiyaviy sudi hamda Baden-Vyurtemberg federal yeri Konstitutsiyaviy sudi, Janubiy Koreya, Turkiya, Tailand, Indoneziya, Rossiya, Sloveniya, Belarus, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston Konstitutsiyaviy sudlari, Fransiyaning Strasburg shahrida joylashgan Inson huquqlari boʻyicha Yevropa sudi, shuningdek, AQSH va Yevropaning bir qator yetakchi universitetlari va ilmiy muassasalarida konstitutsiyaviy sudlar ishini tashkil etish va konstitutsiyaviy odil sudlovni yuritish amaliyoti bilan yaqindan tanishdi.

Bunda xorijiy amaliyotga oid toʻplangan bilim va tajribalar samarasida mamlakatimizda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada kuchaytirish, murojaatlar bilan ishlash samaradorligini yaxshilash, konstitutsiyaviy protsessual normalarni takomillashtirish, sudyalar daxlsizligi va ijtimoiy himoyasini oshirish, ish jarayonining barcha bosqichlariga zamonaviy axborot texnologiyalari yutuqlarini keng joriy etish, sunʼiy intellekt imkoniyatlaridan sud jarayonida foydalanish, idoralararo axborot almashuv tizimiga uygʻunlashish, Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga ega subyektlar doirasini kengaytirish kabi yoʻnalishlardagi faoliyatimizni yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Mirzo Ulugʻbek ABDUSALOMOV,

Oʻzbekiston Respublikasi

Konstitutsiyaviy sudi raisi,

Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan

yurist