Konferensiya Oliy Majlis Senati, Yoshlar ishlari agentligi, Oʻzbekistondagi BMT Taraqqiyot dasturi, Jahon banki hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamkorligida tashkil etildi.
Unda asosiy maʼruzachilar sifatida taniqli olimlar, davlat va xususiy sektor, xalqaro agentliklar, idoralar va tahlil markazlari vakillari, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini hal qilish xalqaro assotsiatsiyasi (SDSN) prezidenti profesor Jeffri D.Saks, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari doktor Sodiq Safoyev, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyoti dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska, Jahon bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Saʼdullayev, Adelaida universiteti professori Richard Pomfret (Avstraliya), Dyuk universiteti professori Charls Beker (AQSH) ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Konferensiya Oʻzbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda islohotlarning ahamiyatini muhokama qilish, bilim va tajriba, ilmiy tadqiqotlar va rivojlanish strategiyalari natijalarini almashish hamda oʻzaro hamkorlik uchun yoʻl xaritalarini belgilab olish maqsadida oʻtkazilmoqda.
Shuningdek, izchil, keng qamrovli va barqaror iqtisodiy oʻsishga koʻmaklashish, barchani toʻliq va sermahsul ish bilan taʼminlash, uy-joyga ega boʻlish va “yashil iqtisodiyot”ni keng joriy etish, ekologik barqarorlikni mustahkamlash va odamlarning hayot sifatini yaxshilash bilan bogʻliq boshqa muhim masalalarga yoʻnaltirilgan.
Konferensiyaning ikkinchi qismida yoshlar vakillari “Yoshlar soʻzlari bilan aytganda milliy Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish: ijtimoiy va innovatsion loyihalar” mavzusida oʻz taqdimotlari bilan ishtirok etadi.
Konferensiya orqali Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonida xalqaro ilgʻor tajribalar koʻrib chiqilib, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazkur maqsadlar bilan bogʻliqligi oʻrganiladi. Shuningdek, bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarga xalqaro ekspertlarning bahosi va fikri olinadi.
Shu bilan birga, xalqaro ilmiy hamjamiyat tomonidan olib borilayotgan ilmiy-tadqiqotlar, xususan, Markaziy Osiyo/ Oʻzbekiston boʻyicha ilmiy-tadqiqot ishlari, milliy Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga erishish va monitoring qilishda yoshlar ishtirokining ahamiyatiga eʼtibor qaratiladi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.