Yangi Oʻzbekistonning saylov transformatsiyasi

    Bugun yurtimizda Mamlakat va millatning demokratik yoʻlidagi muhim bosqichni ifodalovchi saylov muhiti butun xalq maqsadlarini oʻzida birlashtirdi.

    Ulgʻayib borayotgan milliy davlatchilik tizimi xalqimiz xohish irodasini namoyon etgan holda, saylovdan saylovgacha boʻlgan davrlarda koʻplab oʻzgarishlarni, saylov mexanizmida talaygina innovatsiyalarni amalga oshirdiki, ular katta samaradorlik, shaffoflik va inklyuzivlikni taʼminladi.

    Ahamiyatlisi, Yangi Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba Qonunchilik palatasiga saylovlar majoritar va proporsional vakillikni birlashtiruvchi aralash saylov tizimi orqali oʻtkazildi. Bu oʻzgarish ovoz beruvchilarga deputatni toʻgʻridan-toʻgʻri saylash imkonini hamda oʻzi munosib deb tanlagan partiyaga ovoz berish huquqini berdi.

    Bu tizim esa oʻz istiqboliga ega boʻlib, muvozanatli vakillik organlarini yaratishga asos boʻladi hamda demokratik legitimlikni kuchaytirish, siyosiy ovozlarning keng spektrini taʼminlaydi. Ushbu yangilanishlar asnosida bugun Fargʻona viloyatida ham koʻtarinki ruhda “Mening tanlovim — obod Vatanim” shiori ostida saylovlar davom etdi.

    Xalqimizning tashabbuskor shiddati, oʻzgarishlarga boʻlgan intilishlari va vatanparvarligini oʻzida mujassam etgan ushbu shior har bir saylovchiga oʻzgacha koʻtarinkilik bagʻishlay oldi. Bunda Fargʻona davlat universitetining koʻp sonli jamoasi va talaba-yoshlari saylovoldi targʻiboti jarayonlariga munosib hissasini qoʻshish bilan birga, oʻz fuqarolik pozitsiyasini baralla namoyon etishga, saylov huquqi mohiyatini xalqchil ifoda etishga katta qiziqish, xayrixohlik bildirdilar va birdamlikda harakat olib bordilar.

    Saylovlarda fuqarolarimizning faollik, uyushqoqlik bilan ovoz berishlari keng jamoatchilik va jahon hamjamiyatiga uch ming yillik tarixga ega buyuk xalqimizning, shuningdek, ushbu qutlugʻ zaminda yashayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining yuksak huquqiy saviyasi, siyosiy madaniyatini namoyon etdi.

    Demakki, Yangi Oʻzbekistonning saylov transformatsiyasi zamonaviy texnologiyalar orqali demokratiyani yanada mustahkamlash bosqichini samarali bosib oʻtmoqda.

    Bugungi saylovlar misolida aytish kerakki, Prezidentimiz tashabbuskorligida mamlakatimiz taqdiri oʻzgarib, yuksalib borar ekan, bu manfaatlar mevasidan bahramand boʻlayotgan har bir fuqaro — mazkur islohotlarning amalga oshishida, yoshlarimiz hayotida oʻz ifodasini topishida masʼul ekanligimizni unutmasligimiz zarur.


    Bahodir SHERMUHAMMADOV,

    Fargʻona davlat universiteti rektori


    Hamkorlik materiali