Maqsad – Yangi Oʻzbekistonning 2022—2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasini muhokama qilish, vatandoshlar, shu jumladan, yoshlar, ekspertlar, akademik doira vakillari, tadbirkorlar, mehnat migrantlarini Oʻzbekistonni rivojlantirishga jalb etish va ularni ragʻbatlantirish choralarini koʻrish.

Taʼkidlanganidek, bugungi kunda dunyoning turli nuqtalarida taʼlim olayotgan, mehnat faoliyatini yuritayotgan, xizmat safarlarida boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolari talaygina. Ular bilan oʻzaro aloqa oʻrnatish, birlashtirish maqsadida “Vatandoshlar” jamoat fondi, Oʻzbekiston yoshlari assotsiatsiyasi tashkil etilgan. Davlat rahbari ham xorijga rasmiy tashriflari mobaynida imkon qadar vatandoshlarimiz bilan uchrashib, ular bilan suhbatlashib kelyapti. Institutsiyaviy nuqtayi nazardan, Oʻzbekistonda qator xorijiy davlatlar bilan, shuningdek, Qonunchilik palatasi huzurida ham 52 ta davlat parlamentlari bilan doʻstlik guruhlari tuzilgan.

Xabar qilinganidek, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida aholi farovonligini yanada yuksaltirish, iqtisod tarmoqlarini transformatsiya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash, faol fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasidagi islohotlarning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab olish maqsadida Yangi Oʻzbekistonning 2022–2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ishlab chiqildi. Loyihani ayni kunlarda regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali keng jamoatchilik oʻrtasida muhokama qilish davom etmoqda.

Umumbashariy muammolarga milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda yechim topish maqsadida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy va samarali aloqalar oʻrnatish koʻzda tutilgan. Muloqotda xorijdagi vatandoshlarni Oʻzbekiston hududida tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, maʼrifiy va madaniy faoliyat bilan shugʻullanishga faol jalb qilish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarni qoʻllab-quvvatlash jihatlari muhokama qilindi. Xorijda yashovchi vatandoshlarning muammolarini oʻrganish, tizimli asosda tahlil qilib borish va ularning yechimi yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqish muhimligi qayd etildi. Jumladan, konsullik xizmatlarini koʻrsatish jarayonlarini soddalashtirish, chet ellarda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan fuqarolarga yordam berish, xorijda oʻzbek tilini, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish va rivojlantirishga qaratilgan faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, Oʻzbekistonning boy ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish va ommalashtirish borasida fikr almashindi.

Ayni paytda mehnat muhojirlari boʻlib turgan mamlakat hududida duch kelayotgan muammolar ham muloqot ishtirokchilari eʼtiboridan chetda qolmadi. Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish, ularga bepul huquqiy maslahatlar berish, elchixona bilan yaqin aloqa oʻrnatish masalalarida ijobiy oʻzgarishlar qilish maqsadga muvofiqligi qayd etildi.

Tadbirda ishtirokchilar davlat va jamiyat qurilishini yanada isloh qilish, iqtisodiyot, sud-huquq tizimini, ijtimoiy sohani liberallashtirish, pragmatik tashqi siyosat yuritish boʻyicha ham oʻz fikr va takliflarini bildirdi.

Mazkur muloqot “Yuksalish” umummilliy harakati, Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz hamda “Vatandoshlar” jamoat fondi bilan hamkorlikda tashkil etildi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.