Ayniqsa, maktab oʻquvchilarining quvonchi cheksiz. Sababi ular ayni paytga qadar taʼlim olib kelayotgan 1989-yilda barpo etilgan maktabning 424 oʻrinli eski binosi zamonaviy maktab loyihasi asosida mukammal taʼmirlanib, yangicha koʻrinish va sharoitlarga ega boʻldi.
Mazkur binoning qurilish va taʼmirlash ishlariga 2 milliard 960 million soʻm mablagʻ ajratildi. Kuni kecha ushbu maktabning yangi koʻrinishdagi binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Tadbirda viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Dilfuza Mustafoyeva ishtirok etib, yangiqishloqlik bolalarni qoʻshaloq shodiyona bilan tabrikladi, deb xabar beradi Buxoro viloyat hokimligi matbuot xizmati.