Yangi qonun hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilini amalda taʼminlaydi

    Fikr 29 Sentabr 2020 2011

    Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilayotgan bugungi yangilanishlar jarayonida barcha soha va tarmoqlarda shiddatkor zamon talabiga hamohang islohotlar izchil va tizimli ravishda, jadal davom ettirilmoqda.

    Mazkur hayotbaxsh oʻzgarishlar keyingi vaqtlarda hokimiyat vakillik organlari, xususan, parlament islohotlarida ham oʻz aksini topmoqda.

    Deputatlarning saylov okruglaridagi saylovchilar bilan hamkorligining shakllari va usullari, ijro etuvchi hokimiyat organlariga mavjud muammolarni hal etishda koʻmaklashish, hududlarda taʼsirchan parlament nazoratini amalga oshirishning zamonaviy mexanizmlari ­hayotimizga tobora chuqur kirib kelmoqda. Ayniqsa, parlament nazoratini yuritishning yangi shakli — hukumatning har choraklik hisobotini eshitish xalq noiblari faoliyati samaradorligini oshirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

    Oʻz navbatida, xalq deputatlari mahalliy kengashlarining faoliyati ham yangicha mazmun-mohiyat bilan boyitildi. Parlament aʼzolari mahalliy kengashlarning ishida doimiy asosda ishtirok eta boshladi. Senatorlar va barcha darajadagi deputatlarning oʻzaro hamkorlikdagi saʼy-harakatlari bilan uzoq yillar davomida oʻz yechimini kutib yotgan koʻplab muammolar yechim topmoqda.

    Natijada deputatlar bugun saylovchilar manfaatlarini chinakam ifoda etuvchi xalq vakillari sifatida maydonga chiqishga intilayotir. Jamiyat va xalq hayotiga daxldor dolzarb masalalar boʻyicha ochiq bayonotlar, dadil pozitsiyalari bilan chiqayotgan deputatlar safi kengayib bormoqda.

    Albatta, bu borada hayotga joriy etib borilayotgan chora-tadbirlar 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida nazarda tutilgan gʻoyalar bilan bevosita bogʻliq. ­Oʻzbekistonning yaqin istiqboldagi taraqqiyot yoʻlini belgilovchi bosh ustuvor hujjat sanalgan mazkur strategiya asosida har yili qabul qilinayotgan davlat dasturlarida ham parlament va mahalliy vakillik organlari faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan qator islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.

    Shu maʼnoda, Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturida ham Oliy Majlis Senatining mahalliy kengashlar bilan hamkorligini yana-da kuchaytirish masalalariga alohida oʻrin berilgani bejiz emas. Shundan kelib chiqib, bu yildan boshlab Senatda doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlardagi mahalliy kengashlarga masʼul etib biriktirilib, ularda “senatorlar xonalari” tashkil etildi.

    Prezidentimizning Oliy Majlisga ­Murojaatnomasida bu boradagi yangilanishlar izchil davom etishi, viloyat va tuman hokimlari oʻz dasturlari va ularning ijrosi toʻgʻrisida viloyat kengashlarida hisobot beradigan tizim joriy qilinishi taʼkidlanib, bu boradagi ishlarning samarasini oshirish maqsadida mahalliy vakillik organlari faoliyatida kengash soʻrovi institutini joriy etish taklif etildi.

    Ana shu maqsadda Oliy Majlis Senatiga, Adliya vazirligini jalb etgan holda, hokimlarning vakolatlarini qayta koʻrib chiqish va ularga xos boʻlmagan hamda bir-birini tak­rorlaydigan funksiyalarni tegishli organlarga oʻtkazishni taʼminlash boʻyicha taklif tayyorlash vazifasi topshirildi.

    Darhaqiqat, mamlakatimizda keyingi yillarda mahalliy kengashlar faoliyatini yana-da takomillashtirish va nazorat faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan mustahkam huquqiy asoslar yaratib borilayotganini alohida taʼkidlash joiz. Jumladan, hokim, hokim oʻrinbosarlari, prokuratura, adliya, ichki ishlar, taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimlari va boshqa idoralar rahbarlarining kengashlar oldida hisobot berib borish amaliyoti qonun bilan mustahkamlab qoʻyildi.

    Biroq mahalliy vakillik organlari faoliyatini tashkiliy jihatdan taʼminlash vazifasi hokimliklarning tashkiliy-nazorat guruhlari tomonidan amalga oshirib kelinayotgani xalq deputatlari kengashlarining yana-da faol ishlashiga muayyan maʼnoda xalaqit berib kelayotgandi.

    Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturi doirasida ishlab chiqilib, joriy yil 14-sentyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Xalq deputatlari Kengashlari faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan ­Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qonun ushbu muammolar yechimi yoʻlida muhim huquqiy asos boʻldi. Binobarin, mahalliy kengashlarning doimiy asosda ishlaydigan kotibiyatlari tashkil etilishi faoliyat samaradorligini oshirishga turtki boʻladi.

    Mazkur qonun bilan “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunlarga kengash kotibiyatiga oid normalar bilan bogʻliq oʻzgartish­lar kiritildi.

    Jumladan, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi qonunda xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi faoliyatiga tashkiliy, texnikaviy va boshqa jihatlardan xizmat koʻrsatish vazifasini hokimliklar apparatidan tegishli xalq deputatlari kengashi kotibiyati zimmasiga oʻtkazish belgilandi. Kotibiyat yuridik shaxs hisoblanishi va uning faoliyati tegishli mahalliy byudjet hisobidan moliyalashtirilishi, kotibiyat tuzilmasi, shtatlari, xodimlarining mehnat haqi miqdori va moddiy-texnik taʼminoti, shuningdek, ularning ishlashi uchun zarur xarajatlarni tegishli xalq deputatlari kengashi tomonidan tasdiqlanishi, kotibiyat xodimlarining mehnatga oid munosabatlari mahalliy kengashlarning vakolat muddatiga bogʻliq boʻlmasligi belgilab qoʻyildi. Kotibiyat davlat gerbi va oʻz nomi tushirilgan muhriga hamda blankiga ega boʻlishi, kotibiyatning namunaviy nizomi va namunaviy tuzilmasi Oliy Majlis Senati Kengashi tomonidan tasdiqlanishiga oid normalar mustahkamlandi.

    Shuningdek, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi qonunga kiritilgan oʻzgartirishga koʻra, endilikda xalq deputatlari kengashi deputatini hujjatlar, zarur axborot va maʼlumot materiallari bilan taʼminlash, shuningdek, deputatlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar boʻyicha mutaxassislarning maslahatlarini uyushtirish vazifasi viloyat, tuman, shahar hokimliklari zimmasidan xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashi kotibiyatiga oʻtkaziladi.

    Shu bilan birga, Oʻzbekiston Prezidentining 2018-yil 17-avgustdagi “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, eksperiment tariqasida tashkil etilgan xalq deputatlari Toshkent shahri va tumanlar kengashi kotibiyatlari ikki yil davomida sinov tariqasida faoliyat yuritib kelgani va oʻz samarasini koʻrsatgani ushbu qonun qabul qilinishida tamal toshi boʻldi.

    Bu fikrimizning dalili sifatida birgina ushbu yilning sakkiz oyi mobaynida xalq deputatlari Toshkent shahri va tumanlar kengashlari faoliyatiga nazar tashlasak, 66-marta hokim oʻrinbosarlari, bosh boshqarma, boshqarma boshliqlari va tashkilotlar rahbarlarining hisobot va axborotlari eshitildi. Joriy yil ikkinchi choragi yakuni boʻyicha esa xalq deputatlari tuman kengashlari tomonidan 130 ta sessiya oʻtkazilib, ularda rahbar-mutasaddilar 471-marta hisobot taqdim etgan.

    2020-yilning olti oyida xalq deputatlari Toshkent shahri kengashi deputatlari tomonidan 360 ga yaqin deputat soʻrovi yuborilgan boʻlib, ularning 20 ga yaqini kengash sessiyalarida atroflicha muhokama etilib, tegishli qarorlar qabul qilingan.

    Bu oʻrinda birgina amaliy misolni keltirib oʻtishning oʻzi yetarli. Joriy yil 24-iyul kuni xalq deputatlari Toshkent shahri kengashining sanoat, transport, qurilish, aloqa va aholiga xizmatlar koʻrsatish masalalari boʻyicha doimiy komissiyasi tashabbusi bilan oʻtkazilgan sessiyada pandemiya boʻyicha poytaxtdagi vaziyat atroflicha muhokama qilinib, Toshkent shahri Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati boshqarmasi boshligʻi hamda Toshkent shahri Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi rahbarining koronavirusga qarshi kurashish, bu boradagi mavjud ahvolni oʻnglash yuzasidan amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobotlari eshitilgach, deputatlar tomonidan har ikki rahbarning faoliyati qoniqarsiz, oʻzlari esa vazifasiga noloyiq, deb topildi.

    Demoqchimizki, mazkur qonun bilan mahalliy vakillik organlari faoliyatiga bevosita koʻmaklashuvchi tuzilmani tashkil qilish orqali, birinchi navbatda, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari tomonidan davlat boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan taʼsirchan va natijador deputatlik nazorati amalda taʼminlanishiga erishiladi. Zero, bu amaliyot eksperiment tariqasida Toshkent shahri misolida oʻzini oqladi.

    Prezidentimizning “Toshkent shahrida boshqaruvning alohida tartibini joriy etish boʻyicha huquqiy eksperiment toʻgʻrisida”gi farmonida, shuningdek, Senatga xalq deputatlari Toshkent shahri va tumanlar kengashlariga Toshkent shahri va tumanlari ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan samarali deputatlik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirishda koʻmaklashish, Senatga koʻrib chiqish uchun kiritilayotgan masalalarni xalq deputatlari kengashlari yigʻilishlarida muhokama qilish amaliyotini joriy etish, xalq deputatlari kengashlari murojaatlari boʻyicha hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini oʻz majlislarida koʻrib chiqish tavsiya etilgandi.

    Taʼkidlash joizki, mazkur masalalarda ham Senat bilan Toshkent shahri va tumanlari kengashlari oʻrtasida izchil hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, koʻplab muhim masalalar birgalikda muvaffaqiyatli hal etilmoqda.

    Muxtasar aytganda, mahalliy vakillik organlari faoliyatida ushbu yangi institutning joriy etilishi mahalliy kengashlar faoliyatini axborot-tahliliy, huquqiy, tashkiliy va boshqa jihatdan taʼminlash, doimiy komissiyalarning nazorat sohasidagi vakolatlarini samarali amalga oshirishga koʻmaklashish, mahalliy ijroiya hokimiyati, davlat organlari, xoʻjalik boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalari, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda boshqa idoralar rahbarlari va mansabdor shaxslarining hisobotlari eshituvini tashkil qilishga yaqindan koʻmaklashish imkonini yaratdi.

    Shu bilan birga, mahalliy kengashlar deputatlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarni qabul qilish bilan bogʻliq ishlarni tashkil etish, murojaatlarning hisobini yuritish va ularning ijrosini nazorat qilish, mahalliy kengash faoliyatiga oid tadbirlar toʻgʻrisidagi xabarlar tayyorlanishini va ommaviy axborot vositalarida chop etilishini, mahalliy kengashning rasmiy veb-saytida joylashtirilishini tashkil etish hamda mahalliy kengash va uning doimiy komissiyalari qarorlari loyihalarining Konstitutsiyaga va boshqa qonunlarga, shuningdek, yuridik texnika talablariga muvofiqligini koʻrib chiqish, mazkur hujjatlarni takomillashtirish yuzasidan takliflar tayyorlash, normativ-huquqiy tusga ega qarorlarning mahalliy kengash muhokamasiga kiritilishidan oldin tegishli adliya bosh­qarmalarida huquqiy ekspertizadan oʻtkazilishini tashkil qilish ishlarini yana-da osonlashtiradi.

    Xulosa qilib aytganda, mahalliy kengashlar huzurida kotibiyatlarning tashkil etilishi hokimiyatlar boʻlinishi tamoyilini amalda roʻyobga chiqaradi, yaʼni ijro etuvchi va qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini alohida olib borishi natijasida hokimlik­lar ishi ustidan deputatlik nazorati samaradorligi ortishiga xizmat qiladi.

    Dilorom TOSHMUHAMEDOVA,

    Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari