Yangi qurilayotgan uy-joy komplekslari orasida quruvchi kompaniyalar hisobidan qoʻshimcha maktab ham qurib beriladigan boʻldi. Bu haqda Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov maʼlum qilgan.

“Oʻtgan yili Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Temur Malik va Doʻrmon yoʻllari kesishmasidagi uy-joy komplekslariga Prezidentimiz tashriflari vaqtida yangi kompleksga maktab zarurligi sababli, quruvchi kompaniya tomonidan davlat maktabi ham qurib beriladigan boʻlgan edi. Hozirgi kunda esa yangi 990 oʻrinli zamonaviy maktab bitmoqda.

Davlat dasturi muhokamasidagi videoselektorda ushbu ijobiy tajribani barcha hududlardagi yangi qurilayotgan uy-joy komplekslariga keng joriy etish boʻyicha Prezidentimiz tomonidan hududlar rahbarlariga qoʻshimcha topshiriq boʻldi. Yaʼni, har bir yangi quriladigan xonadonga taxminan 1,5 oʻquvchi oʻrnini hisobini olib, davlat maktabi qurib berish kerak boʻladi. Shunda tijorat maqsadlarida 1000 ta kvartirali kompleks qurilsa, 1500 oʻrinli davlat maktabi ham qurib topshiriladi.

Bir tomondan, boshida quruvchi kompaniyaning xarajatlari koʻpaygandek koʻrinsada, kelgusida kompaniya ushbu uylardagi aholi yaxshi maktabga yayov chiqa olishini inobatga olib yangi kvartiralarini boshqa joydagi kvartiralarga nisbatan yaxshiroq narxga sota oladi va xarajatlarini qoplab ketadi.

Bu esa, oʻz navbatida maktablarga ajratilayotgan investitsiya dasturidagi mavjud mablagʻlar doirasida uzoqroq hududlardagi koʻproq maktablarni kapital taʼmirlashga imkoniyat beradi. Chunki viloyat markazida 1 ta yangi maktab qurishga ketadigan xarajat hisobiga tumanlarda kamida 10-15 ta maktabni zoʻr qilib kapital taʼmirlasa boʻladi.

OAV va jamoatchilik vakillari ushbu yaxshi tajribani bemalol joyiga borib koʻrib, quruvchi va developer kompaniyalar orasida kengroq tarqatib, joylardagi boshqa yangi qurilishlarda ham nazoratga olishga yordam berishsa, nur ustiga aʼlo nur boʻlar edi”, deydi vazir Sherzod Shermatov oʻz bayonotida.