So'nggi bir necha yil davomida, tarix nuqtai nazaridan o'ta qisqa vaqt mobaynida dunyo yangi ko'rinishdagi O'zbekiston vujudga kelganini e'tirof etmoqda. Avval sovet totalitar tuzumining saqlanib qolgan oxirgi orolchalaridan biri sifatida ta'riflangan, insoniyat taraqqiyoti shohko'chalaridan chetda qolib, iloji boricha o'zgarishlar, chinakam islohotlardan voz kechib, rivojlanishning “o'zining alohida modeli” sifatida palleativ yarim choralarni tanlagan davlat birdaniga dunyodagi islohotlarning etakchilaridan biriga aylandi. Xalqaro miqyosda batamom o'zga qiyofaga ega bo'lgan O'zbekiston paydo bo'ldi. Mamlakatning jahondagi obro'si va ta'siri misli ko'rilmagan darajada ko'tarildi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan boshlangan dadil o'zgarishlar jamiyatimiz, davlatimiz rivojlanishining yangi mafkurasi, o'zgacha paradigmasini belgiladi.
Ko'p yillar mobaynida mamlakat rivojiga xos bo'lgan sustkashlik, turg'unlik, ko'ndalang turgan vazifalarni bajarmasdan, ularni paysalga solish, muammolar va ziddiyatlarni berkitish siyosatiga barham berildi. Me'daga tekkan “bosqichma-bosqich, asta-sekin” degan gaplar unutilib, bugun jadallik bilan chuqur islohotlar olib borilmoqda. Jamiyatda yangi muhit yaratildi. Ilgari deyarli bo'lmagan ijtimoiy, siyosiy hayot paydo bo'ldi, ommaviy axborot vositalari jonlandi, fuqarolik jamiyati faollashmoqda.
eng muhimi, odamlar o'z erkinligi va huquqlarini anglamoqda, ularda daxldorlik hissi va jamiyat taqdiri uchun mas'uliyat oshmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoev “Milliy tiklanishdan — milliy yuksalish sari” da'vatkor g'oyasini ilgari surdi. Bunda nihoyatda chuqur ma'no bor. Milliy tiklanish, o'zligimizni anglash, milliy davlatchiligimizning asoslarini qaytadan barpo etish bosqichi tugadi. endi O'zbekistonni o'z tarixiy, tsivilizatsion o'rnini yangidan tiklash, o'zbek xalqining genetik insoniy salohiyatiga monand taraqqiyot darajasini ta'minlash, uchinchi Renessans barq urish davri keldi.
Bu faqatgina shior yoki umumiy da'vat emas. Uning aniq yo'nalishlari, muayyan dasturlari mavjud. Birinchi navbatda, biz tarixga nazar tashlab, ilgarigi Renessanslar saboqlaridan xulosa chiqarib, harakatlarimizni zamonamiz talablari, davr imperativlari bilan uyg'unlashtirmog'imiz lozim.
Avvalgi ikkita Renessans davrida o'lkamiz dunyo mamlakatlari orasida rivojlanishning eng yuqori cho'qqisiga chiqdi. Siyosiy, harbiy, iqtisodiy, ilmiy salohiyat bobida o'sha yillarda hech bir boshqa mamlakat o'lkamizga tenglasha olmas edi.
Manbalarga qaraganda, birinchi Renessans davri, ya'ni 9-10 asrlarda Samarqandda zarb etilgan dirham tangasi butun Evropa va YAqin SHarq mamlakatlarida muomalada bo'lgan pul mablag'larining uchdan birini tashkil etgan. Hattoki skandinaviyalik vikinglar ham o'z ulushlarini dirhamlarga almashtirishga harakat qilgan. YA'ni aynan Samarqand dirhami o'sha paytda kuchli qiymatga ega, umume'tirof etilgan xalqaro ayirboshlov vositasi, xalqaro valyuta funktsiyasini bajargan. Bunda o'sha davlatning mavqei, salohiyati, unga bo'lgan ishonch, uning iqtisodiy salohiyati va quvvati namoyon edi.
Tabiiyki, bugun biz uchun muhim savol — o'sha davrdagi zalvorli yutuqlar zaminida nima yotgan? Qaysi omillar Markaziy Osiyo Renessanslari vujudga kelishini ta'minladi? Ularning tugashiga nima sabab bo'ldi?
Birinchidan, insoniyat ko'rgan barcha Renessanslarga — Evropa, Islom, Markaziy Osiyodagi uyg'onish davrlarining barchasiga birdek xos bo'lgan xususiyat antropotsentrizmdir. Ularning barchasida fan, ta'lim va madaniyat gumanistik g'oyalarga tayanib, avvalambor, dunyoviy xarakterga, ratsional mazmunga ega bo'lgan. Ilmiy izlanish, madaniyat va san'at ijodi markazida hazrati inson, uning hayoti va faoliyati, fikr va hissiyotlar, umid va istaklar, muammo va ziddiyatlar gavdalangan. Bundan xulosa shuki, Renessans inson ehtiyojlari, erkinliklari va huquqlarini ta'minlashdan boshlanadi.
Bejiz emaski, so'nggi to'rt yil mobaynida bu sohaga mamlakatimizda alohida e'tibor berilmoqda. Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya izchil amalga oshirilmoqda. Diniy erkinlikni ta'minlashga qaratilgan qator huquqiy va institutsional choralar ko'rildi. Sud-huquq tizimida insonparvarlik jarayoni ildiz otmoqda. endi u faqatgina jazolash emas, balki, birinchi navbatda, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish muassasasiga aylanmoqda. Majburiy mehnatga jalb qilish holatlarini tugatish bo'yicha amaliy natijalarga erishildi.
Gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi. Xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi o'rni tobora kuchaymoqda. YAngi parlamentimizda ayol deputatlar soni ikki barobar ko'paydi. Korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko'tarildi. Oktyabr` oyida esa mamlakatimiz milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy organlaridan biri bo'lgan Inson huquqlari bo'yicha kengashga a'zo bo'ldi.
Ikkinchidan, Markaziy Osiyodagi birinchi Renessans ma'rifatparvarlik, diniy qadriyatlar gullagan davrga to'g'ri keladi. O'sha paytda fan va san'atning mislsiz yuksalishi bu yurtda bilim, ma'rifatga yuksak e'tibor muhiti qaror topgani bilan bog'liq.
“Alaq” surasida har bir musulmonga ilmga tinmay intilish buyurilgan. Uning birinchi oyatlaridayoq quyidagi so'zlar nozil: “O'qing! Sizning Parvardigoringiz insoniyatga qalamni o'rgatgan o'ta karamli zotdir!”.
Islom dinining bunday ezgu o'gitlaridan oziqlangan ilm-ma'rifatga intilish qadriyatlari bugun jamiyatimizda yanada yangicha ma'no-mazmun kasb etmoqda. Kitobga bo'lgan ishtiyoq qayta tiklanmoqda. “YAngi O'zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” g'oyasi asosida ta'lim tizimi tubdan isloh qilinmoqda. Pedagog xodimlarning ish haqi so'nggi to'rt yil mobaynida bir-yarim barobar ortdi, 15 ming erkak o'qituvchi maktabga qaytdi. Jamiyatda o'qituvchi maqomi va obro'sini yuksaltirish maqsadida aniq choralar ko'rilmoqda.
Maktablar zamonaviylashtirilmoqda. Ularning qariyb 6 mingi o'ta tez internetga ulandi. Zamon talabiga monand, tabiiy fanlarga ixtisoslashgan maktablar soni ko'paymoqda. Faqatgina shu yilning o'zida matematik yo'nalishda 56 ta va kimyo-biologik yo'nalishda 27 ta maktab barpo etildi. Kelgusi yili 82 ta informatsiya-kommunikatsiya maktabi ochiladi.
Ta'lim tizimi diversifikatsiyalashmoqda: uch yil mobaynida xususiy maktablar soni 6 barobar ortdi.
Uchinchidan, Markaziy Osiyoda ma'rifat davri paydo bo'lishi jamiyatda yuqori iqtidorli, ilmga intilgan, erkin fikr yurituvchi va davlat tomonidan e'zozlangan hamda rag'batlangan shaxslar mujassamlangani bilan bog'liq.
Fan, innovatsiya har bir Renessansning poydevoridir.
Bugungi dunyoda raqobat tobora keskin tus olmoqda. To'rtinchi sanoat inqilobi davrida raqobatbardosh bo'lish faqat zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish bilan bog'liq.
Innovatsiya — bu bugun xohishga bog'liq ixtiyoriy qaror emas. Bu — zaruriyat, davr talabi, mamlakat, jamiyatning taqdirini hal qiluvchi, hayot-mamot masalasidir.
So'nggi to'rt yilda mamlakatimizda 43 ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning soni 125 taga etdi. Bu yil oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yosh hujjat topshirdi. Bu ko'rsatkich o'tgan yildagiga nisbatan 40 foiz ko'pdir.
Milliy davlatchiligimiz va o'zligimiz timsoli bo'lgan ona tilimizni rivojlantirish, uni to'laqonli zamonaviy fan va oliy ta'lim tiliga aylantirish bu borada eng muhim yo'nalish bo'lib qoladi.
O'z davrida Markaziy Osiyoda fanning gullashi shahar tsivilizatsiyasidan kelib chiqqan. YUnon jug'rofi Strabon eramizning birinchi asrida mintaqani “1 ming shahar o'lkasi” deb ta'riflagani ma'lum.
Bejiz emaski, O'zbekistonda urbanizatsiya dasturi hukumat faoliyatining eng muhim yo'nalishlaridan biridir.
Ilmiy izlanishlarning samaradorligi fanning amaliyotga yaqinligi bilan bog'liq. Mintaqa ko'pgina tadqiqotchilar tomonidan “gidravlik tsivilizatsiya” sifatida ta'riflangan va hayotiy ehtiyojlarning o'zi, ya'ni murakkab suv inshootlarini qurish va ularni ishlatish bilan bog'liq muammolar qator tabiiy fanlar rivojini ta'minlagan.
So'nggi yillarda O'zbekiston olimlari fundamental fan va uning natijalarini amaliyotga tatbiq etish borasida bir qator yutuqlarni qo'lga kiritmoqdalar.
To'rtinchidan, birinchi va ikkinchi Renessanslar jamiyatda erkin fikr yuritish mahsuli bo'lgan. YAratilgan betakror ilmiy va madaniy durdona asarlar aynan jo'shqin intellektual hayot natijasidir.
Ibn Sino, Beruniy va boshqa mutazilitlar ilmiy hamjamiyat oldida eng qaltis savollar berishdan hayiqmagan. Ular dovyuraklik bilan aqidaparast, aksilratsional oqimlar vakillari bilan ochiq bahs qila bilgan va shuning evaziga ilm cho'qqilarini zabt etgan.
Uyg'onish davri, Renessans — fikr monopoliyasiga zid. U g'oyalar xilma-xilligini talab qiladi.
Bugun jamiyatimizda tobora erkinlashtirish, so'z va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillari ildiz otmoqda. Bu ortga qaytmas tus olganini yana bir bor ta'kidlamoqchiman.
Ommaviy axborot vositalari hukumat faoliyati haqida aholini xabardor qilish va ayni vaqtda unga xalq fikri, orzu-umidlari, noroziligini etkazish, hokimiyat shaffofligini ta'minlashda tobora faol rol` o'ynamoqda. Bu ham davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish, ham jamiyat barqaror rivojining omilidir.
Beshinchidan, Renessans, uyg'onish davri haqida gapirar ekanmiz, uning hal qiluvchi omillaridan biri — bu dunyoga ochiqlik va tashqi aloqalarning keng qamrovligidir.
Avvalgi Renessanslar yirik makromintaqada mushtarak madaniy, gumanitar makon vujudga kelgani bilan izohlanadi. Mintaqamizga azal-azaldan xos bo'lgan doimiy xalqaro muloqot, madaniy almashinuv xalqimizda o'ziga xos mentalitet shakllanishiga sabab bo'ldi. Uning belgilari sifatida bag'rikenglik, ksenofobiya va diniy fanatizm deyarli yo'qligi, o'zga madaniyat, dunyoqarash va yangiliklarga ochiqlikni ko'rsatish mumkin.
Bundan tashqari, uzoq masofali savdo Markaziy Osiyoning yuksalishida va gullab-yashnashida katta rol` o'ynagan. Buyuk ipak yo'li nafaqat tovarlar, balki madaniyat, g'oya, ilmiy kashfiyotlar ayirboshlash vositasi bo'lgan. Mana shunday xalqaro savdo bo'g'ini sifatidagi mavqening yo'qotilishi keyingi o'rta asrlarda O'zbekiston hududining qoloq bir yurtga aylanishiga sabab edi.
Bugun yangilangan O'zbekistonning tashqi siyosati aynan ochiqlik ruhida va tashqi aloqalarni barcha yo'nalishlarda — G'arbu SHarq, Janubu SHimol yo'nalishida birdek rivojlantirishga qaratilgani bejiz emas.
BMTning 75-Bosh Assambleyasida so'zga chiqib, O'zbekiston lideri mintaqamizning ko'hna va boy madaniy merosi global ahamiyatga ega ekanini qayd etib, kelasi yil YUNESKO bilan hamkorlikda qadimiy Xiva shahrida “Markaziy Osiyo jahon tsivilizatsiyalari chorrahasida” mavzuida xalqaro forum o'tkazish taklifini kiritdi.
Oltinchidan, tarix shuni isbotlaydiki, jamiyat taraqqiyoti, ilm va fan rivoji mamlakatdagi siyosiy muhit, davlat rahbarining siyosiy irodasi, dunyoqarashi, yondashuvi va shaxsiy pozitsiyasiga bog'liq.
Oxirgi yillar mobaynida O'zbekiston rahbari dunyoda eng nufuzli davlatlar va xalqaro tashkilotlar tomonidan yangi formatsiyadagi va katta obro' qozongan arbob sifatida tan olindi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti SHavkat Mirziyoevning davlat rahbari sifatida asosiy siyosiy platformasi va bosh maqsadi O'zbekistonni rivojlangan mamlakatga aylantirish va bunga jadal islohotlar, ilm-ma'rifat va innovatsiya bilan erishishdir.
Bu esa O'zbekistonning mavqeini ko'tarish, milliy maqsadlarimizni ilgari surishning eng muhim omilidir.
Xulosa shuki, O'zbekistonda bugun jadallik bilan kechayotgan ana shunday islohotlar, jamiyatdagi yangilanishlar mamlakatda kezayotgan uyg'onish ruhidan dalolatdir. Uchinchi Renessans uzoq istiqbol masalasi emas. U bugun, ushbu onda jamiyatimiz, uning har bir jabhasida muttasil etilib kelayotgan real voqelikdir. Ishonchimiz komilki, yurtimizda boshlangan bu yangilanishlar izchil davom etadi va xalqimiz orzu qilgan buyuk davlat, farovon kelajak barpo etishda mustahkam poydevor bo'ladi.
Sodiq SAFOEV,
Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari