Senatorlar tomonidan 1995-yilda qabul qilingan amaldagi Mehnat kodeksi tahriri zamonaviy voqelikka mos kelmasligi va xususiy tadbirkorlik rivojlanishi jarayonida ish beruvchining masʼuliyatini, fuqarolarni mehnat faoliyatiga jalb qilishning yangi, turli xil shakllarining faol rivojlanishini hisobga olmasligi, shuningdek, ish beruvchilarga, xususan, qoʻshimcha ishchilarni mehnatga jalb qilishning sodda shakllarini tanlashga imkon beradigan yetarli shart-sharoitlar yaratmasligi taʼkidlandi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksini ishlab chiqishda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar, jumladan, Germaniya, Shvetsiya, Norvegiya, Buyuk Britaniya, Latviya, Estoniya, Yaponiya, Janubiy Koreya hamda MDH davlatlari tajribasi chuqur oʻrganilgani qayd etildi.
Kodeks mehnat huquqining ayrim institutlariga bagʻishlangan va bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi yangi normalarni oʻz ichiga olgan.
Shuningdek, Kodeksni dastlab Senatning qoʻmitalarida koʻrib chiqish jarayonida tegishli davlat va nodavlat tashkilotlari, ijtimoiy tarmoqlardagi hamda fuqarolardan kelib tushgan takliflar keng muhokama qilindi.
Xususan, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplari, mehnat munosabatlaridagi kamsitish omillari, xizmat tekshiruvi hamda jamoaviy mehnat nizolari yuzasidan kiritilayotgan normalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi qabul qilinishi bozor iqtisodiyoti talablarini hisobga olgan holda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari muvozanatini taʼminlash, kichik biznes va yakka tadbirkorlik sohasiga mehnat qonunchiligini tatbiq etishni soddalashtirish, shuningdek, mazkur sohalarda yollanib ishlovchilar mehnatini huquqiy tartibga solish xususiyatlarini hisobga olish, Mehnat kodeksi qoidalarini xalqaro huquq normalari, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingan xalqaro shartnomalarga moslashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Senat yalpi majlisi davom etmoqda.