Majlisda Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida xotin-qizlar uchun belgilanayotgan kafolatlar toʻgʻrisidagi masala muhokama qilindi. Muhokamalar jarayonida Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri oʻrinbosari B.Umurzaqov va boshqalar Mehnat kodeksining yangi tahriri boʻyicha axborot berdi.

Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi 2 qism, 34 bob va 621 moddadan iborat boʻlib, unda bandlik, individual mehnat munosabatlari, xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, ayrim toifadagi xodimlar mehnatini tartibga solish xususiyatlari, xodimlarning mehnat huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolarini koʻrib chiqish kabi dolzarb masalalar oʻz aksini topgan.

Mazkur hujjat gender tenglik talablariga muvofiq tahrir etilgani bilan ham ahamiyatlidir. Ayniqsa, onalik bilan bogʻliq masalada xalqaro standartlarga mos keladigan meʼyorlar belgilangan.

Xususan, homilador ayollarni va uch yoshgacha boʻlgan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilish va ish haqi miqdorini belgilashdagi kafolatlar, ayollar mehnatini muhofaza qilishda qoʻshimcha choralar, ayollarga va oilaviy vazifalarni bajarish bilan mashgʻul boʻlgan shaxslar toʻliqsiz ish vaqti belgilash, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishdagi kafolatlar kabi moddalar ana shular jumlasidandir.

Qoʻmita majlisida yuqoridagilarni eʼtirof etish bilan birga senatorlar hamda qoʻmita ekspertlari vazirlik va idoralar mutasaddilariga savollar, hujjat boʻyicha oʻz taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Majlisda Qoʻmita faoliyatiga oid boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi

va tegishli qaror qabul qilindi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.