Yangi tajriba: Olmazor tumanida tibbiyot xodimlari reyting asosida ragʻbatlantiriladi

    Tumandagi birlamchi tibbiyot muassasalarining toʻrt oylik natijalariga koʻra, jami mutaxassislarning 29 foizini ragʻbatlantirish prognoz qilinmoqda.

    Olmazor tumani — bu boradagi topshiriqlar ijrosi boʻyicha namuna boʻlayotgan hududlardan. Tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi va oilaviy poliklinikalarda mazkur yoʻnalishda pilot loyihalar ishga tushirilgan boʻlib, ularning dastlabki samaralari koʻzga tashlanyapti.

    — Davlatimiz rahbari tibbiyotning birlamchi tizimi oldiga 5 ta asosiy vazifa qoʻymoqda, — deydi Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻi, vazir oʻrinbosari Anvar Alimov. — Bular quyidagilar:

    • kasalliklar profilaktikasi;
    • xastaliklarni erta aniqlash (skrining);
    • aniqlangan bemorlarni nazoratga olish;
    • ularni uy sharoitida yoki poliklinikada ambulator sharoitda muolaja qilish;
    • xavflilik darajasiga koʻra, statsionar holatda davolash va reabilitatsiya qilish kabi vazifalardir.

    Kasalliklar profilaktikasi yoʻnalishida birlamchi tibbiyot muassasalaridan tashqari mahalla fuqarolar yigʻini idoralarida “Salomatlik maktablari” tashkil etilmoqda. Bu yerda haftaning 6 kunida aholiga sogʻlom turmush tarzi, toʻgʻri ovqatlanish tartiblari keng targʻib qilinadi.

    Yaqinda ishga tushirilgan “Toshkent tajribasi” loyihasi doirasida sogʻlom turmush tarziga rioya qilgan va bu borada yuqori natijalarga erishgan fuqarolarni ragʻbatlantirish ham kasalliklar profilaktikasida ijobiy samara berishi, shubhasiz.

    Xastaliklarni erta aniqlash yoʻnalishida bir qancha skrining tadbirlari oʻtkazilmoqda. Bu borada tumandagi birlamchi tibbiyot muassasalarida tashkil etilgan prenatal tashxis xonalarida homiladorlar ommaviy tarzda ultratovush tekshiruvidan oʻtkazilyapti.

    Bundan tashqari:

    • 30-55 yoshgacha ayollarda bachadon boʻyni saratoni skriningi;
    • 45-65 yoshgacha boʻlgan xotin-qizlarda sut bezi saratoni skriningi;
    • 0-18 yoshli bolalar orasida onkogematologik kasalliklar skriningi;
    • qandli diabet va gipertoniya boʻyicha skrining tadbirlari rejali olib borilmoqda.

    Bemorlarni nazoratga olish yoʻnalishida aholi xatlovdan oʻtkazilib, xavf guruhlariga koʻra tasniflandi.

    Reabilitatsiya tadbirlari natijasida 3- va 4-xavf guruhida boʻlgan fuqarolarning ahvoli uy sharoitida yaxshilanib, sogʻlom guruhga oʻtkazilyapti. Bemorlarni poliklinikaning oʻzida davolash klinik shifoxonalarning yuklamasini sezilarli darajada kamaytirmoqda. Bu esa davolash muassasalarida ogʻir ahvoldagi bemorlarga zarur sharoitlar yaratishga imkon beryapti.

    Birgina Olmazor tumanidagi koʻp tarmoqli markaziy poliklinika va oilaviy poliklinikalarda 149 ta oʻringa ega kunduzgi shifoxonalar 8:00 dan 20:00 gacha ishlamoqda. Natijada yil boshidan beri 4 ming nafardan ortiq fuqaro sogʻlomlashtirildi. Mazkur ishlarning davomi sifatida tumanda joriy yil soʻnggiga qadar 6 ta, 2023-yilning dastlabki 6 oyida 30 ta mahalla tibbiyot punkti ishga tushiriladi.

    Birlamchi tibbiy xizmat samaradorligini taʼminlashda elektron poliklinika tizimining ahamiyati ham beqiyos. Uni joriy etish uchun tuman poliklinikalari kompyuter jihozlari bilan taʼminlanib, lokal tarmoq shakllantirildi.

    Tuman birlamchi tibbiyot muassasalarida mutaxassislar ish samaradorligini baholash reyting tizimini joriy etish boʻyicha pilot rejimda ishlayotgan yurtimizdagi ikki muassasasidan biridir (ikkinchisi – Uychi tumani).

    Unga koʻra, Tibbiyot muassasalarini moddiy ragʻbatlantirish va rivojlantirish jamgʻarmasidan yoʻnaltiriladigan mablagʻ 5 foizdan 10 foizga koʻtarildi. Avval jamgʻarma mablagʻining 25 foizi mutaxassislarni ragʻbatlantirishga sarflangan boʻlsa, endi mazkur koʻrsatkich 75 foizga yetdi.

    Tumandagi birlamchi tibbiyot muassasalarining toʻrt oylik natijalariga koʻra, jami mutaxassislarning 29 foizini ragʻbatlantirish prognoz qilinmoqda. Koʻrsatkichlar ish samaradorligi oshib borgani sari oʻzgarib boradi. Bu esa xodimlar oʻrtasida raqobat muhitini yaratadi va tibbiy xizmat sifatini oshiradi.

    Ushbu reyting asosida ragʻbatlantirish 2023-yil 1-fevraldan boshlanadi. Reyting har olti oyda yangilab boriladi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.