Yangi yagona milliy baholash standarti tasdiqlandi

    Sanoat 4 Yanvar 2024 1279

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining “Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi buyrugʻi qabul qilindi.

    Mazkur Yagona milliy baholash standarti (keyingi oʻrinlarda – YAMBS):

    • baholash faoliyatini normativ jihatdan tartibga solinishini;
    • baholash tartibi va baholash ekspertizasiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.

    YAMBS oʻz ichiga umumiy baholash standartlari, maxsus baholash standartlari hamda metodikalarni oladi.

    Umumiy baholash standartlari quyidagi Milliy baholash standartlaridan (keyingi oʻrinlarda - MBS) iborat:

    • 1-son MBS “Baholash faoliyatining tushunchalari, taʼriflari va prinsiplari”;
    • 2-son MBS “Baholashga oid vazifa”;
    • 3-son MBS “Baholash jarayonida oʻtkaziladigan oʻrganishlar va tahlillar”;
    • 4-son MBS “Baholash toʻgʻrisidagi hisobot va uni tuzish tartibi”;
    • 5-son MBS “Qiymat turlari”;
    • 6-son MBS “Baholash yondashuvlari va usullari”;
    • 7-son MBS “Baholovchilar ishining sifatini nazorat qilishning ichki qoidalariga qoʻyiladigan umumiy talablar”;
    • 8-son MBS “Baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligi ekspertizasi”.

    Maxsus baholash standartlari, baholash obyektlarining ayrim turlarini (biznes, koʻchmas mulk, nomoddiy aktivlar, tovar-moddiy boyliklar va boshqalar) baholashga qoʻyiladigan qoʻshimcha talablarni belgilaydi va quyidagi MBSlardan iborat:

    • 9-son MBS “Biznesni va biznesda ishtirok etish huquqi qiymatini baholash”;
    • 10-son MBS “Koʻchmas mulk qiymatini baholash”;
    • 11-son MBS “Nomoddiy aktivlar va intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”;
    • 12-son MBS “Tovar-moddiy zaxiralar qiymatini baholash”;
    • 13-son MBS “Mashina va uskunalar qiymatini baholash”;
    • 14-son MBS “Xususiylashtirish maqsadida davlat uy-joy fondi qiymatini baholash”.

    YAMBS baholovchilar, baholovchi tashkilotlar va boshqa foydalanuvchilar uchun moʻljallangan boʻlib, aktivlar va majburiyatlar qiymatini baholash boʻyicha xizmatlar koʻrsatilganda, baholash toʻgʻrisidagi hisobotni tuzish hamda ekspertlar tomonidan baholash obyektini baholash toʻgʻrisidagi hisobotning ishonchliligi (xaqqoniyligi) tekshirilganda, qoʻllash majburiy hisoblanadi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 01.01.2024-yildan kuchga kirdi.