Yangi yilda yangi xizmatlar bilan...

    Raqamlashtirish 30 Dekabr 2021 942

    2022-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston fuqarosi, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxsning identifikatsiya ID-kartasi hamda Oʻzbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish Davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirilishi belgilangan.

    Jumladan, ushbu xizmat Samarqand shahar va Pastdargʻom tuman Davlat xizmatlari markazlarida ham sinov tariqasida joriy etilmoqda. Xususan, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazida yangi yil boshidan Oʻzbekiston fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va ID-karta berish yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Bugunga qadar markazda mazkur hujjatlarni rasmiylashtirish qurilmasi oʻrnatilib, zarur shart-sharoitlar yaratildi. Shuningdek, markaz xodimlari IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimlarida ushbu yoʻnalishda xizmat koʻrsatish boʻyicha malaka oshirishmoqda.

    Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash kerakki, Samarqand viloyat IIB M va FRB hamda uning hududlardagi boʻlimlari tomonidan oʻtgan 11 oy davomida jami 324 ming 566 nafar fuqaroga xorijga chiqish biometrik pasportlari rasmiylashtirilib berilgan. Tahlillarga koʻra, bu borada eng koʻp koʻrsatkich (58 ming 578) Samarqand shahri hisobiga toʻgʻri kelgan.

    Ushbu xizmatning Davlat xizmatlari markazlarida ham yoʻlga qoʻyilayotgani viloyat aholisiga har tomonlama qulaylik tugʻdirib, xalqimizning vaqtini tejash, mazkur xizmatlardan oson va shaffof foydalanishni taʼminlash imkonini beradi.

    DXA Samarqand viloyat boshqarmasi
    Axborot xizmati