Xususan, Oʻzbekiston Xalq shoirlari Erkin Vohidov, Anvar Obidjon, Enaxon Siddiqova, Oʻzbekiston xalq hofizi Qobiljon Yusupov, Oʻzbekiston xalq artisti Maʼmurjon Toʻxtasinov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi Solijon Mamatov, Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oxunjon Madaliyev, mashhur doirachi Rasuljon Norimovlarning nomlarini oltiariqliklar faxr bilan tilga oladilar. Bugun bu yerdan ana shu ustoz maqomiga erishgan nomlarga munosib yangi avlod ijodkorlari yetishib chiqmoqda. Albatta, mamlakatimizda Yurtboshimiz boshchiligida barcha sohalar qatori madaniyat va sanʼat sohasiga ham katta eʼtibor qaratilayotir.

Xususan, Yangi yil bayrami arafasida Oltiariq tumanida foydalanishga topshirilgan Madaniyat uyi tuman aholisi uchun munosib bayram tuhfasi boʻldi. Eski Madaniyat uyi qisqa fursat ichida bunyodkorlar tomonidan qariyb 2,5 mlrd. soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga qayta rekonstruksiya qilinib, zamonaviy qiyofa kasb etdi.

Muhtasham koshonaning ochilish marosimida soʻz olgan Fargʻona viloyati hokimi oʻrinbosari Fayzullo Qosimov va Oltiariq tumani hokimi Xolmirza Niyozovlar ushbu binoning ochilishi mamlakatimizda madaniyat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi ekanligini taʼkidladilar. Shuningdek, yigʻilganlarni Yangi yil ayyomi bilan tabriklab, Yangi inshoot yangi isteʼdodlarning kamol topishiga xizmat qilishiga katta ishonch bildirdilar.

Shu kuni ushbu koshonada tuman Yoshlar forumining yakuniy gala-konserti oʻtkazildi. Vodiylik taniqli xonandalar tomonidan ijro etilgan taronalar yigʻilganlarga olam-olam quvonch ulashdi.

Shohsulton TOʻXTAMATOV,

jurnalist.