Yangiyer shahrida joylashgan Oʻzbekiston Respublikasi chegara qoʻshinlariga qarashli 9252-sonli harbiy qism harbiy xizmatchilari uchun yangi zamonaviy xonadonlar foydalanishga toshirildi. Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Chegara qoʻshinlari qoʻmondoni oʻrinbosari polkovnik S.Qurbonov, Sirdaryo viloyat hokimi Gʻ.Mirzayev, viloyat va shahar sektor rahbarlari, nuroniylar, mahalla faollari va boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Unda viloyat hokimi Gʻofurjon Mirzayev sarhadlarimiz daxlsizligi va yurtimiz tinchligi yoʻlida kechayu-kunduz sergak turib, xalqimiz tinchligi uchun xizmat qilayotgan harbiylarni va barcha mehmonlarni yaqinlashib kelayotgan mustaqilligimizning 30 yilligi ayyomi bilan mubarokbod etdi.

Jumladan, soʻnggi yillarida Prezidentimiz tomonidan xalqimiz turmush farovonligini oshirish va aholiga qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida bir qancha islohotlar amalga oshirilmoqda. Harbiy xizmatchilar uchun zamonaviy uy-joylar, ularning farzandlari uchun maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Yangiyer shahrida 51 nafar harbiyga topshirilgan zamonaviy yangi xonodonlar ularning oilasi bilan birga farovon turmush kechirishlari uchun berildi. Ushbu koʻp qavatli yangi uylar zamonaviy jihozlangan boʻlib, u yerda bolalar oʻyingohi, futbol maydoni, avtoturargoh kabi barcha shart-sharoitlar yaratilgan.