Maʼlum qilinishicha, Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Yangiyoʻl tumanida tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazgan.

Tadbir davomida oldindan kuzatuvga olingan fuqaro xaridorga 1 kg 12 gramm “gashish” giyohvandlik moddasini 13 ming AQSH dollariga sotishga kelishib olgan. U Yangiyoʻl tumanidagi mehmonxonalardan birida kelishilgan puldan 1000 AQSH dollarini olayotgan vaqtida qoʻlga olingan.

Koʻzdan kechirish jarayonida fuqarodan 1 kilogrammdan ortiq “gashish” narkotik moddasi ashyoviy dalil sifatida olib qoʻyildi.

Shuningdek, Bojxona qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi hamda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari DXX vakillari bilan hamkorlikda Ohangaron shahrida ham tezkor tadbir oʻtkazdi.

Tadbir davomida “Spark” rusumli avtomashina belgilangan tartibda toʻxtatilib, xoliclar ishtirokida koʻzdan kechirildi. Avtomashinaning yukxonasidagi ovoz kuchaytirgich ichida 841 dona “Zardeks” va 1042 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.

Oʻrganishlar davomida ushbu dori vositalari avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan 3 nafar fuqaroga tegishli ekani va ular bu dorilarni Ohangaron shahrida sotish maqsadida olib ketayotgani maʼlum boʻldi.

Hozirda har ikki holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.