Muloqot davomida qayd etilganidek, yaqinda Oʻzbekiston va Yaponiya oʻrtasida diplomatik aloqalar oʻrnatilganiga 30 yil toʻldi. Oʻtgan davrda ikki tomonlama va koʻp qirrali manfaatli hamkorlikni rivojlantirish borasida salmoqli natijalarga erishildi. Xususan, tibbiyot sohasida ham qator qoʻshma dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda.
Shulardan navbatdagisi Yaponiya Hukumatining “Rivojlanishga rasmiy yordam” dasturi doirasida JICAning moliyaviy koʻmagida amalga oshirilishi koʻzda tutilgan, umumiy qiymati 7 million dollarga teng “Qoraqalpogʻiston tibbiyot instituti klinikasiga tibbiy yordam koʻrsatishni yaxshilash” loyihasidir.
U multispiral kompyuter tomografiyasi, mobil klinika, S-arm rentgen apparati, universal xirurgik mikroskop, otolaringologlar uchun mikroskopli ish stoli, terapiya, reanimatsiya, neonatologiya, travmatologiya, xirurgiya kabi qator yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatuvchi tibbiyot xodimlarining kasbiy mahoratlarini yanada oshirishda zarur boʻladigan simulyatsion asbob uskunalar kabi 29 turdagi eng zamonaviy tibbiy texnologiyalarni oʻz ichiga oladi.
Uchrashuvda mazkur loyihani roʻyobga chiqarish uchun Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi hamda Yaponiyaning yurtimizdagi elchixonasi oʻrtasida Almashinuv notasi, JICA bilan Grant bitimi, shuningdek, Yaponiyaning “Grown Agents” kompaniyasi bilan Oʻzbekistonga tibbiy texnika va jihozlarni yetkazib berish, oʻrnatish va ishga tushirishga doir shartnoma imzolandi.
Shuningdek, tomonlar tibbiyot sohasidagi oʻzaro hamkorlikning boshqa yoʻnalishlari boʻyicha ham oʻzaro fikr almashdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.