Yanvar oyi boshida Yaponiya gʻarbidagi prefekturalarida sodir boʻlgan kuchli zilzila oqibatida qurbon boʻlgan va jarohatlanganlar orasida Oʻzbekiston fuqarolari yoʻq, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Oʻzbekiston diplomatlari Yaponiyaning tegishli idoralari bilan doimiy aloqada boʻlib turibdi.
Rossiyaning “Novosti” axborot agentligi maʼlumotiga koʻra, bugungi kunda Yaponiyada 1-yanvar kuni sodir boʻlgan zilzila oqibatida qurbon boʻlganlar soni 168 nafarga yetgan, 323 kishi esa bedarak yoʻqolgan. Avvalroq 161 kishi halok boʻlgani, 103 nafar kishi esa bedarak yoʻqolgani haqida xabar berilgan edi. Yaponiyaning Vadzima shahri rahbariyati 281 kishining qayerdaligi va xavfsizligini tasdiqlay olmagani sababli bedarak yoʻqolganlar soni ortdi.
Eslatib oʻtamiz, Yaponiyaning gʻarbiy qismidagi Noto yarim oroli hududida yangi yilning birinchi kunida kuchli zilzilalar roʻy berdi. Eng kuchli yer qimirlashi 7,6 ballni tashkil qilgan. 2011-yildan beri birinchi marta Yaponiyaning butun gʻarbiy qirgʻoqlariga yirik sunami xavf soldi. Sohilning baʼzi joylarida toʻlqin balandligi 4,2 metrga yetgan. Oqibatda 1370 dan ortiq uylar qisman yoki butunlay vayron boʻldi, odamlar vayronalar ostida qolgan boʻlishi mumkin.