Maʼlumot uchun, “Summit Motors Central Asia” xorijiy kompaniyasi 2019-yildan buyon “Toyota” kompaniyasining Oʻzbekistondagi rasmiy distribyutori hisoblanadi.

Uchrashuvda xorijiy kompaniyalarning mamlakatimiz turizm sohasidagi transport-logistika infratuzilmasini rivojlantirish, xususan, sayyohlarga koʻrsatilayotgan transport xizmatlarini takomillashtirishda “Toyota” brendi ostidagi turistik sinfga mansub M2 va M3 toifasidagi avtomobillardan keng foydalanish yuzasidan hamkorlik istiqbollari muhokama etildi.

Qolaversa, uchrashuvda xorijiy kompaniyalar tomonidan “Toyota” brendi ostidagi turistik sinfga mansub avtomobillarni turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlariga uzoq muddatli lizing shartlari asosida ijaraga berish hamda mamlakatimizga xorijiy davlatlardan charter aviaqatnovlarni yoʻlga qoʻyishda hamkorlik qilish borasida ham fikr almashildi.

Uchrashuv yakuniga koʻra, mamlakatimizning turizm salohiyatini mazkur kompaniyalar tomonidan ishlab chiqilgan turistik sinfga mansub M2 va M3 toifasidagi avtotransport vositalarida targʻibot qilishga kelishib olindi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.