баннер
27 Apr 2025
08:11

    Yaponiya parlamenti vakili Ueno Michiko xonim boshchiligidagi delegatsiya SamATIda

    Shu yilning 7-aprel kuni Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutiga Yaponiya parlamenti vakili Ueno Michiko xonim boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

    Delegatsiya tarkibida parlament vakillari bilan birga Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) va Yaponiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi xodimlari boʻlib, delegatsiya aʼzolarini institut rektori Shavkat Hasanov boshchiligidagi professor-oʻqituvchilar kutib oldi.

    Dastlab, mehmonlar institut faoliyati bilan yaqindan tanishdi va Yaponiya oliy taʼlim muassasalari va tashkilotlari bilan olib borilayotgan hamkorlik loyihalari, amalga oshirilgan ishlar hamda erishilgan natijalar boʻyicha taqdimot qilindi.

    Hozirda institut Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalar universiteti hamda “Yaponiya — Oʻzbekiston” Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Samarqandda quritilgan xurmodan foydalangan holda qishloq aholisi daromadlarini oshirish” nomli xalqaro loyihani amalga oshirmoqda. Delegatsiya vakillari ushbu loyihaning dastlabki natijalari bilan tanishar ekan, Oʻzbekistonda eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish va aholining daromadlarini oshirish boʻyicha katta imkoniyatlar mavjudligini eʼtirof etdi.

    — Biz hozirda koʻproq qishloq xoʻjaligiga eʼtibor qaratyapmiz, — dedi Ueno Michiko. — Quritilgan xurmo Yaponiya oilalarida ham tayyorlanadi. Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda olib borilayotgan ushbu loyihaning bajarilishida qoʻldan kelgancha yordamimizni ayamaymiz. Kelajakda ushbu loyiha katta bir sanoatga aylanishini istayman.

    Uchrashuvda yapon vakillari yana boshqa mevalarni ham quritish boʻyicha loyihalar ishlab chiqish taklifini bildirdi.

    Tashrif yakunida istiqboldagi rejalar yuzasidan fikr almashildi hamda Yaponiya parlamenti vakillari institut faoliyatini bundan buyon ham qoʻllab-quvvatlashlarini bildirdi va delegatsiya aʼzolari uchun ajratilgan maydonchada parlament vakillari — Ueno Michiko xonim, Sugio Hideya janoblari hamda Tokio qishloq xoʻjaligi va texnologiyalari universiteti dekani professor Funada Ryo tomonidan Plum Pissarda (Prunus pissardi) daraxtlari ekildi.


    Hamkorlik materiali

    Telegram kanalimiz
    Text to speech