O'zbekiston futbol assotsiatsiyasi nihoyat Midori Honda bilan shartnoma imzoladi. Unga ko'ra, yaponiyalik mutaxassis 2023-yilning yakuniga qadar O'zbekiston ayollar milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi, deb yozmoqda O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi axborot xizmati.
Xabarda aytilishicha, Midori Honda 1964-yilda Yaponiyaning Sidzuoka shahrida tavallud topgan. 1981—1991-yillar davomida Yaponiya ayollar terma jamoasi safida to'p surgan. Ushbu davr mobaynida jamoasi bilan birgalikda Osiyo o'yinlarida bronza medalini qo'lga kiritgan.
Murabbiylik faoliyatini esa 2001-yilda “Okayama” klubida boshlagan. Keyinchalik Yaponiya U-20 ayollar terma jamoasida murabbiy yordamchisi sifatida jahon chempionatida ishtirok etgan va mundialda 3-o'rinni qo'lga kiritgan. Mutaxassis 2013—2019-yillar davomida “Nagano Parseyro”, 2020-2021-yillarda esa “Sidzuoka SSU Asredjina” klublarini boshqargan. Bundan tashqari, Midori Xonda Yaponiyada JFAning “S” kategoriyadagi (“Pro”ga teng yuritiladigan) litsenziyani olgan ilk ayol murabbiy hisoblanadi.
Shuningdek, ayollar terma jamoamizda yana bir yaponiyalik mutaxassis – Takaya Tsutsumi ham faoliyat olib boradi, u darvozabonlar murabbiyi sifatida ishlaydi.