“Yashil” energetika: dunyo bilan bo'ylashayotgan loyihalar

    500 MVt quvvatga ega bo'lgan shamol elektr stantsiyasining o'zi havoga karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi.

    Katta portlash ro'y berib, koinot vujudga kelganiga 14 milliard yillik vaqt o'tdi. Quyosh tizimining yaralganiga 5 milliard yil bo'lyapti. Bu olimlarning ilmiy nuqtai nazari, farazi. Lekin bu jarayon qanday tarzda kechgan, qancha davrlarni qamrab olgan bo'lmasin, shu narsa haqiqatki, Quyosh nurlari tufayli ona zaminimizdagi tabiat va hayot vujudga kelgan. Inson tomonidan olovning yaratilishidan boshlab esa, bashariyat taraqqiyoti yangi davrga qadam qo'ydi. Olis zamonlar mobaynida ana shu ikki manba odamzotning har qanday kunida tiriklik va issiqlik manbai bo'lib keldi. Keyingi asrlar mobaynida hayotimiz ko'mir, elektr, neft, gaz, atom kabi energiya turlari bilan boyidi. XXI asr esa, muqobil va qayta tiklanuvchi quvvatlar davri sifatida tarix sahifasidan joy olmoqda.

    “Yashil” energetika — qazilma yoqilg'i sarfisiz, atmosferaga CO va CO2 gazlari chiqarmaydigan va natijada atrof-muhit ekologiyasiga ziyon etkazmagan holda energiya ta'minotini amalga oshiradigan tuzilma. Bunda iste'mol talabi quyosh, shamol, suv, biomassa, vodorod energetikasi kabi muqobil energiya manbalari evaziga qoplanadi.

    Dunyo muqobil energitikasida nima gap?

    2020-yilda muqobil energetikani joriy etish bo'yicha jahon rekordi o'rnatilib, 200 GVtdan ko'proq quvvatlar ishga tushirildi. “BloombergNEF” kompaniyasi ekspertlari qayd etishicha, dunyoda koronavirus pandemiyasi hukm surishiga qaramay, bunday natijaga quyosh elektr energiyasi va vodorod transporti tarmog'iga juda katta miqdorda investitsiyalar yo'llanishi hisobiga erishilgan. Xususan, quyosh energetikasining o'ziga 150 milliard AQSH dollari, ya'ni 2019 yilga nisbatan 12 foiz ko'p sarmoya kiritilgan. Tahlilchilarning fikricha, joriy yilda bu rekord yana yangilanadi. Ishga tushadigan yangi quyosh va shamol elektr stantsiyalari hisobiga mos ravishda 150-190 va 80-90 GVTga oshishi bashorat qilinyapti.

    Yevropa elektr energetikisi ham toboro yashillanib bormoqda, Ma'lumotlariga ko'ra, o'tgan yili ishlab chiqarilgan umumiy elektr energiyasining uchdan ikki qismidan ko'prog'i muqobil quvvatlar hissasiga to'g'ri kelgan. Shunday bir kezda qazib olinadigan an'anaviy yoqilg'idan elektr quvvati hosil qilish 18 foizga kamaygan. Muqobil energiyadan foydalanishda Daniya (umumiy ishlab chiqarishga nisbatan 61 foiz), Irlandiya (35 foiz), Germaniya (33 foiz) va Ispaniya (29 foiz) davlatlari etakchilik qilyapti.

    Ma'lumki, Xitoyga nisbatan “osmon osti” yoki “samoviy” mamlakat, degan ma'joziy iboralar qo'llaniladi. U buni amalda ham isbotlab, dunyoda “yashil” energetikaning o'sish sur'atlari bo'yicha peshqadamlik qilmoqda. O'tgan yilgi koranavirus ofati ham uning shiddatli odimini to'xtata olmadi va ekolgik toza quvvat olish stantsiyalari soni ikki barobarga oshdi. Umuman olganda esa, Xitoyda 800 GVt, ya'ni dunyoda o'zidan keyingi o'rinda turgan AQSH ga nisbatan ikki baravar ko'p miqdorda muqobil energiya hosil qilindi.

    Haqiqatan, Xitoyda muqobil enegiyaning rivojlanish sur'ati juda yuqori. Lekin uning umumiy elektr energetikasi hajmidagi ulushi o'tgan yilga kelib 15 foizga etdi. Bu rivojlangan mamlakatlarga nisbatan ikki-uch barbarga kam. Xitoyning 2030 yilga borib muqobil enegetika hissasini 25 foizga etkazish rejasi O'zbekistonning strategik maqsadlari bilan hamohangligidan dalolat beradi.

    “Serquyosh hur o'lkam...”

    Madhiyamiz ana shunday haroratli misralar bilan boshlanadi va bunda hech bir mubolag'a yo'q. Chunki, respublikamizdagi aktinometrik stantsiyalar tarmog'ining ko'p yillik kuzatuvlari yurtimizda yilning 300 – 320 kuni quyosh saxovatidan to'la bahra olishini, turli hududlarda yiliga 2400 dan 3090 soatgacha yog'du taratib turishini ko'rsatdi. Uning yillik quvvati 509 dan 760 milliard kilovat soatgacha bo'lib, bu mavjud va tadqiq qilingan uglevodorod zaxiralariga nisbatan ancha ko'pdir. Agar bunga 1 trillion KVt soatgacha bo'lgan shamol, 21 milliard KVt.soatdan ortiq gidroenergetika, 6 milliard kub metr hajmdagi biomassa va hali quvvati to'liq aniqlanmagan vodorod qo'shilsa, muqobil energetikaning salohiyati nechog'liq ulkanligi haqidagi tasavvurlarimiz yanada boyiydi.

    Biroq, yaqin-yaqinlargacha mamlakatimimz “yashil” energetika imkoniyatlari haqida gap borganda, ana shunday kattadan katta raqamlar keltirilar edi-yu, amaliy ishlarga kelganda, ko'nglilni g'ururga to'ddiradigan misolni topish dargumon edi. To'g'ri, Pop tumanidagi Vodiy massivida ishga tushgan 130 KVt soat, Buxoro viloyatining Qandim shaharchasidagi 1,2 megavatt quvvatga ega va boshqa kichik quyosh elektr stantsiyalari qurildi. Ammo ular hajmi ummonga tomchini mengazganday gap edi.

    Taassufki, Samarqandda 2013-yilda taqdimoti o'tkazilgan, quvvati 100 MVt bo'lgan quyosh fotoelektr stantsiyasini qurish loyihasi ham qanchalik katta shov-shuvlarga sabab bo'lgan bo'lsa, oradan ko'p vaqt o'tmay shunchalik tez unutilib ketdi. Ko'plarning yuragiga innovatsiya chirog'ini yoqqan orzu-umidlar xuddi elvizakka dosh berolmagan shamday o'chib qoldi.

    Shukrkim, 2017-yildan boshlab yurtimizda muqobil energiya bilan bog'liq ishlar bahor chechaklari kabi dillarni quvontira boshladi. Bu borada 2019-yil 22-maydan kuchga kirgan “Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish to'g'risida”gi qonun katta ahamiyat kasb etyapti. Chunki, bu qonun sohaga oid normativ hujjatlarni tartibga solishi barobarida barcha jabhalarda energiya barqarorligini ta'minlash, yoqilg'i-energetika balansi diversifikatsiyasi darajasini oshirish va bu borada qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish singari keng qamrovli masalalarning echimini ham qamrab olgan.

    Prezidentimizning 2019-yil 22-avgustdagi qaroriga asosan, yurtimizda 2030-yilga borib muqobil energiya manbalarining elektr quvvati ishlab chiqarish umumiy hajmidagi ulushini ikki barobarga oshirish belgilab berilgan. Hozirgi paytda bu ko'rsatkich 12-14 foizni tashkil etadi. Tatbiq etiladigan yirik loyihalarga muvofiq, o'n yil ichida umumiy quvvati 5000 megavatt bo'lgan quyosh va 3000 MVt.ga teng shamol elektr stantsiyalarini qurish rejalashtirilgan.

    Keyingi paytda amalga oshirilayotgan va ishlab chiqilayotgan loyihalar ko'lami bu maqsadlarga erishish muddatini yanada qisqartirish mumkinligini ko'rsatmoqda. CHunki, kecha xayoliy orzu bo'lib tuyulgan quyosh va shamol elektr stantsiyalarini barpo etish ishlari hayratomuz darajada jadallashib bormoqda.

    “Tokim quyoshdin bo'lg'ay anvor, yoruq qilg'ay jahon mulkini ...”

    Ayni kunda hazrat mir Alisher Navoiy nomi bilan ataladigan viloyatga yo'lingiz tushsa, buyuk bobokalonimizning besh yarim asr naridan turib aytgan mazkur satrlariga mos yirik innovatsion loyihalar amalga oshirilayotganiga guvoh bo'lasiz.

    2019-yilda yurtimizda IFC (Xalqaro moliyaviy korporatsiya) ko'magida xalqaro tender savdolarining birinchi bosqichi tashkil etilib, 4-oktyabr kuni uning natijalari e'lon qilindi. Navoiy viloyatida 100 MVt quvvatli ilk fotoelektr quyosh elektr stantsiyasi qurilishi bo'yicha o'tkazilgan ushbu tenderda Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Saudiya Arabistoni, BAA, Hindiston, Janubiy Afrika, Rossiya, Ispaniya, Norvegiya va Fransiyadan 23 ta kompaniya ishtirok etdi. Komissiya talabgorlarning texnik va tijorat takliflarini o'rganish hamda baholash natijalariga ko'ra, 1 kilovatt soat ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun 2,679 AQSH tsenti tarifi bilan qurilish muddati 12 oyni tashkil etadigan “Masdar” (BAA) kompaniyasining loyihasini g'olib, deb topdi.

    Bu hozirda Markaziy Osiyoda mavjud bo'lgan eng arzon narxdagi tarif hisoblanadi. BAA ekspertlari fikricha, quyosh elektr stantsiyasi yiliga 260 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega bo'ladi va 2046-yilgacha yuqorida ko'rsatilgan qat'iy narxda “Milliy elektr tarmoqlari”ga yetkazib beradi.

    Bugungi kunda Prezidentimizning 2020-yil 14-apreldagi “Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo'lgan fotoelektrik stantsiyani qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori asosida Karmana tumanidagi 268 gektar maydonda qurilish ishlari olib borilyapti. Bu yumushlar “Nur Navoi Solar” kompaniyasi tomonidan loyihalashtirilgan bo'lib, u “Masdar” (BAA)ning yurtimizdagi vakili sanaladi.

    Viloyat markazidan 35 kilometr masofada bo'lgan quyosh stantsiyasida hozirga qadar hududni o'rash va tekislash, ma'muriyat hamda mutaxasislarning yashash joyi hisobga olingan holda, xodimlar ish olib boradigan modul uslubidagi shaharchani tiklash jarayonlari nihosiga etdi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish va uzatishni loyihalashtirish hamda infratuzilmasini yaratishga ixtisoslashgan Xitoyning “SECO” kompaniyasi loyihaga bosh pudratchilik qilmoqda. Kompaniya qisqa fursatda operatorlik, texnologik binolarning poydevoriga asos soldi, fotoelektr konstruktsiyalar uchun tayanch ustunchalar o'rnatish ishlari jadal olib borilyapti. SHundan keyin texnologik uskuna, buyumlar va transformatorlarni montaj qilishga kirishiladi.

    Quyosh fotolektr stansiyasi panellarining ikki tomoni ham qo'sh qatli bo'lib, barcha xalqaro ekspertiza talablariga, shu jumladan, ekologik mezonlarga ham javob beradi. Qizig'i shundaki, stantsiyaga ajratilgan hududda ayni shu masalada nostandart muammoga duch kelindi. Bu erni toshbaqalar makon qurganligi bois, ularni boshqa joyga vaqtincha ko'chirib turishga to'g'ri keldi. Qurilish tugagandan keyin toshbaqalar o'z makoniga qaytariladi.

    Inshootni tiklashda mahalliy materiallardan foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Qurilish ishlarida yurtimizning 900 nafarga yaqin ishchi, muhandis va maslahatchilari ishtirok etadi. Umuman olganda esa mazkur jarayonda va stantsiya xizmatini yo'lga qo'yishda yuzlab ish o'rni yaratiladi. Shuning uchun ularni o'qitish nainki, ushbu inshootda, balki boshqa hududlarda barpo etiladigan xuddi shunday ob'ektlarni barpo etishda ham asqotadi.

    — Investor shu yil yozi o'rtalariga borib, stantsiyani ishga tushirishni mo'ljallayapti, shundan so'ng uni “Milliy elektr tarmoqlari” AJga topshiradi, — deydi energetika vazirligi boshqarma boshlig'i Abdullajon Otaboyev. — Prezidentimizning 2019-yil 27-martdagi ”O'zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog'ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to'g'risida”gi qaroriga muvofiq, qayta tiklanadigan energetika sohasidagi loyihalar soni toboro ortib bormoqda. Xususan, “Masdar” kompaniyasi Navoiy viloyatining Zarafshon shahri yaqinida ikkinchi invistitsiyaviy loyiha — shamol elektr stantsiyasini qurishni ham amalga oshiradi.

    Qayd etish joiz, yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda energetika vazirligi o'rtasida Zarafshonda qurilishi boshlangan mazkur elektr stantsiyaning loyihaviy quvvatini 500 MVtdan 1,5 GVtgacha oshirish bo'yicha bitim imzoladi. Dastlab 600 million AQSH dollariga baholangan loyihaga kengaytirilganidan so'ng qariyb 1,8 milliard dollar miqdoridagi to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya jalb etilishi mo'ljallanmoqda.

    Tashqi savdo va investitsiyalar matbuot xizmatining ma'lumotiga karaganda, loyiha quvvatining uch barobarga oshirilishi kelgusida O'zbekistonda ishlab chiqarilayotgan shamol elektr energiyasi miqdorini 3 GVtga va muqobil energiya manbalarining mamlakat umumiy energiya hajmidagi ulushini 26 foizga yetkazish imkonini beradi.

    Ma'lumki, ilgarigi loyiha 500 MVt quvvatga ega bo'lib, 500 mingta xonadonga etarli hajmda elektr energiyasini ishlab chiqarishni va atmosferaga chiqariladigan karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirishi ko'zda tutilgan edi. endilikda bu ko'rsatkich 1,5 million xonadonga etgani holda, 3,3 million tonna karbonat angidridning kamayishini ta'minlaydi. Shamol elektr stantsiyasini 2024-yilning oxiriga qadar foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

    Joriy yilning 19-aprel kuni O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o'rinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sarvar Umurzoqov videokonferentsiya shaklida “ACWA Power” (Saudiya Arabistoni Podshohligi) kompaniyasi boshqaruv kengashi raisi, O'zbekiston — Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi hamraisi Muhammad Abunayyan bilan muzokaralar o'tkazdi. Amaldagi qo'shma loyihalarni hayotga tatbiq etish, shuningdek, muqobil energiya sohasida investitsiyaviy hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari muhokama etilar ekan, Sirdaryo issiqlik elektr stantsiyasi negizida quvvati 1500 MVt bo'lgan kombinatsiyalashgan siklli issiqlik elektr stantsiyasi qurilishining borishi, Qoraqalpog'istonda umumiy quvvati 1,5 GVtgacha bo'lgan yangi shamol elektr stantsiyalarini qurishda ishtirok etish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi. Buxoro viloyatida umumiy quvvati 1 GVt bo'lgan ikkita shamol elektr stansiyasi qurish ishlarini boshlashni jadallashtirish bo'yicha vazifalar belgilandi.

    — 2020-yilda “Scaling Solar II” doirasida loyiha tenderlarining navbatdagi bosqichi o'tkazilgan edi, — deydi energetika vazirining o'rinbosari Sherzod Xo'jayev, — Samarqand va Jizzax viloyatlarida har biri 200 MVtlik quvvatga ega bo'lgan ikkita fotoelektr quyosh elektr stantsiyasi qurilishi uchun o'tkazilgan ana shunday tadbirda qatnashish uchun 83 ta kompaniya va konsortsium ariza topshirdi. Bu investorlarda O'zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalariga doir loyihalarni amalga oshirishga qiziqish kattaligini namoyon etdi. eng muhimi, keyingi vaqtlarda tanlov ishtirokchilarining geografik qamrovi kengaydi, ular safiga yangidan yangi sub'ektlar, xususan, Yevropaning nufuzli kompaniyalari ham qo'shildi. Bu tariflarni yanada pasaytishiga erishishga ijobiy imkoniyat yaratadi.

    Mamlakatimiz qayta tiklanadigan energiya manbalari loyihalarida qatnashish bo'yicha yaxshi shartlarni taklif qilgan yirik kompaniyalar bilan bevosita muzokaralarni faol davom ettiryapti. Masalan, “Tota Eren” (Frantsiya) kompaniyasi tomonidan Samarqand viloyatining Nurobod tumanida fotoelektrik stantsiya tiklanadi. Jami quvvati 100 mVt.li bu inshootni barpo etish va undan foydalanish to'g'risidagi bitim 2019 yilning kuzida imzolandi. Prezidentimizning 2018 yilning oktyabr` oyida Frantsiyaga rasmiy tashrifi chog'ida erishilgan kelishuv va tegishli qaror ushbu loyiha uchun huquqiy asos vazifasini o'tadi.

    Loyihaning umumiy qiymati 100 million yevroga baholangan bo'lib, investor tomonidan to'g'ridan-to'g'ri moliyalashtirilishi nazarda tutilgan. Hozirda “Total Eren” kompaniyasi tomonidan yer maydonini tayyorlash, elektr uzatish tarmog'i, elektr stantsiyani tiklash bo'yicha qurilish-montaj ishlari boshlab yuborilgan. Mazkur quyosh elektr stantsiyasi joriy yilning to'rtinchi choragida foydalanishga topshirilishi nazarda tutilmoqda.

    Bundan tashqari, ikkita loyihani Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida ishga tushirish ishlari olib borilyapti. energetika vazirligi 2020-yilning 1-fevralida Osiyo taraqqiyot banki ko'magida dastlabki fotoelektrik elektr stantsiyaning qad rostlashi bo'yicha loyihalash ishlari boshlanganini ma'lum qilgan edi. Unga binoan, kamida 200 MVt. o'zgaruvchan tok quvvatiga ega quyosh elektr stantsiyasi, shu jumladan, yangi 220 kVt kuchlanishli podstantsiya va “Surxon – 500 kV” podstantsiyasiga ulanish uchun jami uzunligi 52 kilometrlik elektr uzatish tarmog'i tortiladi.

    Sheroboddagi ikkinchi loyiha 300 MVt quvvatga ega fotoelektr stantsiyasini qurishni va 2024-yilga qadar birinchi stantsiyaga yaqin joyda ish boshlashini ko'zda tutadi.

    Yillik ishlab chiqarish 1,1 milliard kVt. soatdan ortiq bo'lgan 500 MVt quvvatga ega bo'lgan 2 ta FeS hududdagi yillik elektr energiyasi iste'molining taxminan 30 foizini ta'minlash imkoniyatiga ega bo'ladi. Surxondaryo viloyatida o'rtacha yillik elektr energiyasi iste'moli 3,2 milliard kVt. soatni tashkil etadi.

    Ko'lam katta va shu bilan birga...

    Mamlakatimizning muqobil energiya sohasidagi imkoniyatlar miqyosi juda keng. Lekin ayrim olimlar tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishda o'ziga xos noqulayliklar mavjudligini yoddan chiqarmaslikka e'tibor qaratishadi. Ularning fikricha, shamol generatorlari va quyosh panellari birmuncha qimmat texnika va texnologiyalar majmuasi hisoblanadi. Fotopanellar maydon jihatidan o'nlab gektar maydonlarni egallaydi, ularni atmosfera changi va tuzli birikmalardan tozalab turishning o'zi birmuncha xizmatni talab qiladi. Buning ustiga foydali ish koeffitsenti anchayin past va undan asosan kunduz kunlari faol foydalanish mumkin, deyishadi.

    Haqiqatan, bu fikrlarni ham inobatga olish kerak. Lekin keyingi davrda muqobil qurilmalar yildan-yilga takomillashib, raqamli texnologiyalardan foydanish tufayli ularning samaradorligi toboro ortib borayotganligini ham nazarda tutish lozim. Misol uchun, 2009-yilda ishlab chiqarilgan quyosh panelidan samarali foydalanish koeffitsenti 39 foiz bo'lsa, hozirga kelib bu ko'rsatkich 70 foizni qoralab qoldi.

    Albatta, mamlakatimizda muqobil energetika loyihalarini amalga oshirishda bu kabi jihatlar inobatga olinmoqda. Biroq, yurtimizda aholining salomatligi va ekotizimning barqarorligi hamma narsadan ustun turadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “yashil” energiyaning raqobatbardoshligi yoki texnologiyalarining qimmatliligi buning oldida o'z ahamiyatini yo'qotadi. Qolaversa, qayta tiklanadigan energiya miqdorini oshirish hisobiga issiqlik stantsiyalarida foydalanilayotgan yuz milliard kub metrlab tabiiy gazni boshqa jabhalarda, xususan, uni chuqur qayta ishlash hisobiga qo'shimcha qiymat mahsulotlari tayyorlashga keng yo'l ochiladi. Yuqorida qayd etilganidek, birgina 500 MVt quvvatga ega bo'lgan shamol elektr stantsiyasining o'zi havoga karbonat angidrid chiqindilarini yiliga 1,1 million tonnaga kamaytirish imkonini beradi. Shu bois energetikaning mazkur tarmog'i rivojlanishidan hozirgi kunda barcha birdek manfaatdor, desak hech bir yanglishmaymiz. Binobarin, hukumatimiz tomonidan berilayotgan imtiyozlar sohaning raqobatbardoshligini toboro oshirib boryapti.

    Yana bir muhim jihati, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida amalga oshirilayotgan yirik loyilarning hech biri davlat kafolatlari taqdim etilishini nazarda tutmaydi. Bu, o'z navbatida, sohada davlat-xususiy sherikchiligi vujudga kelishiga imkoniyat yaratyapti. Sarmoyadorlar amalga oshirayotgan va kiritayotgan takliflar esa energetika bozorining yirik ishtirokchilarida mamlakatimizda ishlashga bo'lgan qiziqish toboro ortib borayotganini, buning uchun qulay investiyaviy muhit yuzaga kelganini ham yaqqol ko'rsatib turibdi.

    Abdurauf QORJOVOV,

    iqtisodiy sharhlovchi