Davlatlar oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda oʻrnatilgan boʻlsada, hamkorlikning hozirgi darajasiga 2019-yilda Prezidentimizning Abu-Dabiga tashrifidan soʻng erishildi. Oʻtgan hafta davlatimiz rahbarining BAAda boʻlgan rasmiy muzokaralari yanada yaqin, ishonchli va oʻzaro manfaatli aloqalarni shakllantirishga yangi surʼat bagʻishladi.

“Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi” sammitida raqamli iqlim aloqasi, kelajakni moliyalashtirish, energiyani saqlashdagi innovatsiyalar, “yashil” iqtisodiyot sohasida barqaror taraqqiyotni taʼminlash, innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi. Prezidentimiz sammitda soʻzlagan nutqi orqali bugun energetika manbalarini diversifikatsiya qilish, ularning muvozanatida uglevodorod ulushini keskin kamaytirish, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatish ahamiyati, ekologik barqarorlikni taʼminlash, iqtisodiy oʻsishning resurslar tejamkorligiga asoslangan “yashil” rivojlanish modeliga oʻtish yangi Oʻzbekistonning strategik maqsadi ekaniga yigʻilganlar eʼtiborini qaratdi.

Bugun mamlakatimiz “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energetika, infratuzilmani rivojlantirish orqali yangi investitsiya va texnologiyalarni jalb etmoqda. Bu borada BAA investitsiyalarni daromadli va texnologiyalarni samarali qiladigan ishonchli sherikdir. Eng ahamiyatlisi, hamkorlar davlatimiz rahbarining barqaror rivojlanish borasidagi saʼy-harakatlari va tashabbus larini eʼtirof etmoqda. 2030-yilga borib, Oʻzbekiston CO2 emissiyasini 35 foiz kamaytirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini esa 54 foizga yetkazishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan.

Davlatimiz rahbarining “Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi”dagi nutqi mohiyatidan barchamiz chuqur anglaganimizdek, tabiatni asrash boʻyicha Oʻzbekiston tashabbuslari siyosiy maqsad emas, balki kelajak avlod oldidagi masʼuliyatni koʻrsatib bermoqda.

Sammit doirasida oʻzbekistonlik oʻquvchilar yomgʻir suvini toʻplash va filtrlash loyihasi uchun Shayx Zoid Ol Nahayon nomidagi mukofotga sazovor boʻlgani eʼlon qilindi. Besh yoʻnalishda taʼsis etilgan va 150 dan ortiq davlat, 6000 ga yaqin loyiha orasidan mukofotning “Global oʻrta maktablar” nominatsiyasida aynan Toshkent shahridagi Prezident maktabi oʻquvchilari gʻolib deb topilgani yurtimizda yoshlar taʼlimiga qaratilayotgan eʼtibor, farzandlarimizga maktab yoshidan singdirilayotgan ilm ishtiyoqi, global ekologik muammolarga insoniy yondashuv, chinakam daxldorlik ruhi, yangi Oʻzbekistonning yangi avlodini yetishtirish yoʻlida qilinayotgan mashaqqatli mehnatning totli mevasini butun dunyoga namoyon etdi. Shuningdek, ona tilimiz BMTning 6 rasmiy tili bilan bir qatorda sinxron tarjima qilingan yagona til boʻlgani oʻzbek tilining xalqaro maydonda oshib borayotgan nufuzi, dunyo mamlakatlarining Oʻzbekistonga hurmatini koʻrsatdi.

Kuchli siyosiy diplomatiya orqali keng iqtisodiy hamkorlikka yoʻl ochayotgan Prezidentimiz ushbu tashrifi doirasida BAAdagi koʻplab vazirlar va yirik kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi. Jumladan, investitsiyalar vaziri, ADQ xoldingi bosh ijrochi direktori Muhammad Hasan al-Suvaydiy boshchiligidagi yetakchi kompaniyalar delegatsiyasi bilan uchrashuv oʻtkazdi. Har bir kompaniya bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish boʻyicha navbatdagi qadamlar belgilandi. Infratuzilmani rivojlantirish, shaharsozlik, energetika, transport va logistika, togʻ-kon sanoati, elektrotexnika, kommunal xoʻjaligi va boshqa sohalarda qoʻshma loyihalarni amalga oshirish haqida soʻz yuritildi. Bundan tashqari, davlatimiz rahbari BAA sunʼiy intellekt vaziri Umar bin Sulton alOlama, “AMEA Power” kompaniyasi rahbari Husayn al-Novays, “M42” kompaniyasi rahbari Hasan Jasim al-Novays va “IFFCO Group” kompaniyasi rahbari Sheroz Allanni qabul qildi. Mazkur kompaniyalar turli yoʻnalishlarga koʻra, jahonning yetakchi kompaniyalaridan va ular bilan kelgusida hamkorlikni mustahkamlash, albatta, Oʻzbekiston uchun ham samarali boʻlishi shubhasiz.

Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbarining Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sunʼiy intellekt sohasidagi ilmiy tadqiqotlarga oid qoʻshma dasturni ishga tushirish borasidagi taklifi yurtimiz yoshlari va ziyo ahlining dilidagi istakni oʻqib turgandek ezgu tashabbus boʻldi.

Yangi Oʻzbekistonning buguni va ertasi uchun sermahsul oʻtgan sammitda davlatimiz rahbari barqaror rivojlanish va “yashil” taraqqiyot yoʻlida yurtimiz butun dunyoga ochiq ekanini baralla taʼkidlar ekan, barcha ishtirokchilarni keng koʻlamli amaliy hamkorlikka chorladi.

Prezidentimizning dadil va aniq maqsadga qaratilgan tashqi siyosati tufayli endi mamlakatimizning strategik sheriklari qatoriga BAA ham qoʻshildi. Bu, shubhasiz, diplomatik munosabatlarda Oʻzbekistonning yanada yuqori bosqichga koʻtarilayotganini ifoda etadi. Barqaror rivojlanish sohasidagi Oʻzbekiston — Birlashgan Arab Amirliklari muloqoti natijasida bugun “yashil” taraqqiyot umummilliy harakat darajasiga koʻtarildi. Yurtimizda mintaqaviy hamkorlik yanada kuchayib, Markaziy Osiyoni “yashil” iqtisodiy rivojlanish va toza energiya markazlaridan biriga aylantirishdagi tashabbuslar roʻyobga chiqadi.

Albatta, bu hamkorlik jarayonlarini yurtdoshlarimiz katta ishtiyoq va iftixor bilan kuzatar ekan, xushxabar bilan boshlangan tashrif Oʻzbekistonga koʻrsatilgan oʻzgacha hurmat-ehtirom, barqaror rivojlanish sammitidagi munosib ishtirok, 8 ta yuqori darajadagi muhokama va unda ustuvor boʻlgan xalq manfaati, 20 ga yaqin kompaniyalar bilan uchrashuvlar, samarali kelishuvlar mohiyatan oʻzbekistonliklarning farovon hayoti uchun zamin yaratayotganini qalban his etdi.


Bahodirjon Shermuhammadov,

pedagogika fanlari doktori, professor


Hamkorlik materiali