Samarqandning olis qishloqlarida “Inson qadri uchun!” shiori ostida oʻtkazilayotgan madaniy-maʼrifiy tadbirlarning navbatdagisi Ishtixon tumanining Zarband mahallasida tashkil etildi.

Tadbir ayni paytda yurtimizda davom etayotgan “Yashil makon” loyihasi doirasida mahalla hududida daraxt koʻchatlari ekish bilan boshlandi. Tuman, viloyat masʼullari, mahalla ahli ming tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazdi.

Mahalla markazida yangi ayollar hamda erkaklar sartaroshxonalari foydalanishga topshirildi. “Zarband” oilaviy shifokorlik punktida hudud aholisi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik tashkil etildi.

Shundan soʻng tadbirlar 88-umumiy oʻrta taʼlim maktabida davom etdi. Bu yerda taʼlim muassasalari va maktabdan tashqari toʻgaraklar aʼzolarining koʻrgazmalari, sport musoqabalari, teatr va sirk tomoshalari namoyish qilindi. Poytaxtdan kelgan va samarqandlik yozuvchi va shoirlar bilan ijodiy uchrashuv oʻtkazildi. Harbiy texnikalar koʻrgazmasi, Milliy gvardiya xodimlari va harbiylarning koʻrgazmali chiqishlari uyushtirildi.

– Men ham shu qishloqda tugʻilib, oʻsganman. Zarbandning musaffo havosidan bahramand boʻlib, bagʻrikeng, samimiy qishloqdoshlarimning, ustozlarimning taʼlim-tarbiyasini olib, bugun poytaxtda ijod qilyapman, – dedi Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, shoir Orif Toʻxtash. – Hayotda, jamiyatda oʻz oʻrnimni topish, ozmi-koʻpmi muvaffaqiyatlarga erishishda ota-onam bilan birga qishloqdoshlarimning oʻrni katta deb oʻylayman. Bugun Zarbandga katta maʼnaviy tadbirning mehmoni boʻlib kelganimdan juda hayajondaman.

Samarqand viloyati musiqali drama teatrining “Tazarru” spektakli zarbandliklar va mehmonlarga manzur boʻldi.