Global miqyosda kuzatilayotgan iqlim oʻzgarishlari, tabiiy resurslar keskin kamayishi va ekologik muvozanat buzilishi dunyo hamjamiyati oldiga kechiktirib boʻlmas vazifalarni koʻndalang qoʻymoqda. Aynan shunday tahlikali bir davrda mamlakatimizda ona tabiatni asrab- avaylash hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashga qaratilayotgan yuksak eʼtibor barchamizda kelajakka ishonchni mustahkamlaydi.
Ekologik muammolarni faqat maʼmuriy yoʻl, yaʼni jarimalar yoki taqiqlar orqali hal etib boʻlmaydi. Bunga erishishning yagona va eng samarali yoʻli yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat hamda daxldorlik hissini tarbiyalashdir. Shu maʼnoda, ekologiya sohasidagi ishlar ahvolini yaxshilash har bir fuqaroning vijdon ishi va burchi sanaladi.
Shu oʻrinda mamlakatimizda Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universitetining ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi kabi yoʻnalishlar boʻyicha yetakchi tayanch oliy taʼlim muassasasi sifatida belgilanishi sohada fundamental oʻzgarishlarga zamin yaratishini taʼkidlash lozim. Ushbu dargohda “sirkulyar iqtisodiyot” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyilishi resurslarni tejash va chiqindisiz ishlab chiqarish texnologiyalarini oʻzlashtirgan yangi avlod mutaxassislarini shakllantirishga xizmat qiladi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida “yashil texnikumlar” tashkil etilishi esa oʻrta boʻgʻin mutaxassislarida ham ekologik koʻnikmalarni shakllantirish imkonini beradi.
Taʼlim tizimidagi bu kabi islohotlar shunchaki yangi fanlarning kiritilishi bilan cheklanib qolmaydi. Tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, iqtisodiyot va moliya yoʻnalishlaridagi davlat oliy taʼlim tashkilotlarida “Atrof-muhitni muhofaza qilish va yashil rivojlanish” fani hamda oʻquv dasturlari joriy etilishi boʻlajak muhandis, iqtisodchi yoki moliyachini har qanday loyihani amalga oshirishda ekologik oqibatlarni hisobga olishga undaydi. Davlat buyurtmasi asosida aniq va tabiiy fanlar, muhandislik-texnika, xizmatlar, tibbiyot kabi sohalarda grant oʻrinlar bosqichma-bosqich oshirilib borishi, shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tomonidan nufuzli xorijiy oliygohlarda ekologiya yoʻnalishida tahsil olish uchun maxsus kvotalar ajratilishi davlatimizning intellektual salohiyatni “yashil” taraqqiyotga yoʻnaltirayotganidan dalolatdir.
Ayni shu nuqtada zamonaviy pedagogikaning yangi va oʻta muhim yoʻnalishi — “yashil” pedagogika tushunchasi kun tartibiga chiqadi. Bu shunchaki oʻquvchilarga tabiatni asrash kerakligini uqtirish emas, balki taʼlim-tarbiya jarayonining butunlay yangicha falsafasidir. “Yashil” pedagogika insonlar va jamoalarga ularni oʻrab turgan atrof- muhit haqida chuqur bilim olishga, olgan bilimlarini amaliyotda qoʻllashga va eng muhimi, tabiat bilan uygʻunlikda yashash madaniyatini shakllantirishga yordam beradigan yondashuv sanaladi. Mazkur pedagogik oqim XXI asrning global chaqiriqlariga javob bera oladigan, mustaqil va tanqidiy fikrlaydigan, masʼuliyatli shaxsni tarbiyalashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi.
“Yashil” pedagogika tarixi va rivojlanish bosqichlariga nazar tashlasak, uning ildizlari Vena shahridagi Agrar va atrof- muhit pedagogikasi universiteti kollejiga borib taqalishini koʻramiz. Dastlab qishloq xoʻjaligi, ekologik va pedagogik amaliyotlarni oʻzaro bogʻlash usuli sifatida ishlab chiqilgan ushbu tizim oʻquvchilarda tabiatga nisbatan mustahkam va qatʼiy munosabatni shakllantirishga qaratilgan edi. Garchi jahon ilm-fanida ushbu yoʻnalishning tan olinishi va keng yoyilishi oson kechmagan boʻlsa-da, bugungi kunda u barqaror taraqqiyotning eng muhim omillaridan biriga aylandi. “Yashil” pedagogika konstruktivizm, eksperimental taʼlim va konseptual oʻzgarish kabi mashhur nazariyalarga tayanadi va ularni yangi mazmun bilan boyitadi.
Xususan, konstruktivizm nazariyasi “yashil” pedagogikada oʻquvchining hamkorlik, muhokama va tahlil orqali yangi bilimlarni mustaqil kashf etish jarayonida namoyon boʻladi. Kolbning eksperimental taʼlim nazariyasi esa tajribalar orqali oʻrganishni uzluksiz jarayonga aylantirishni koʻzda tutadi. Yaʼni oʻquvchi shunchaki nazariy maʼlumotni eshitmaydi, balki muammoni dekonstruksiya, rekonstruksiya va refleksiya qilish orqali oʻzlashtiradi. Bu jarayonda oʻquvchi passiv tinglovchidan faol tadqiqotchiga, muammolar yechimini izlovchi ijodkorga aylanadi. Konseptual oʻzgarish nazariyasi esa oʻquvchilardagi mavjud notoʻgʻri qarashlarni aniqlash va ularni ilmiy asoslangan yangi tushunchalar bilan almashtirishga xizmat qiladi.
“Yashil” pedagogikaning oʻziga xosligi shundaki, u fanlararo yondashuvni talab etadi. Tabiatdagi jarayonlar hech qachon alohida-alohida kechmaganidek, taʼlimda ham fanlar oʻrtasidagi chegaralar yoʻqolishi lozim. Jorgenson taʼbiri bilan aytganda, bu oʻqituvchilarni darslarda ekologik taʼlim berishga chorlaydigan, oʻquvchilarni esa kundalik hayotda atrof-muhitni himoya qilishga jalb etadigan oʻzgaruvchan taʼlimdir. Bunda situativ taʼlim, virtual oʻqitish, autentik topshiriqlar va loyihaga asoslangan taʼlim strategiyalari qoʻl keladi. Oʻquvchi oʻzining kundalik tanlovlari — uydagi energiya sarfi, transportdan foydalanish yoki chiqindilarni saralash orqali global jarayonlarga taʼsir koʻrsatishini anglab yetishi zarur.
“Yashil” pedagogikaning asosiy maqsadi yoshlarning his-tuygʻularini ragʻbatlantirish va ona tabiatga nisbatan dunyoqarashini kengaytirish orqali ularning qadriyatlar tizimini oʻzgartirishdir. Yuzaki oʻrganishdan chuqur tafakkurga, qisqa muddatli manfaatdan uzoqni koʻzlab fikrlashga oʻtish ushbu yondashuvning oʻzagini tashkil etadi. Tafakkurni maqsadli yoʻnaltirish orqali oʻquvchilar oʻz xatti-harakatlarining tabiiy barqarorlikka taʼsirini ongli ravishda tushunadi. Shunday qilib, maktabda yoki universitetda olingan bilimlar oʻquvchining uyida, ish joyida va jamiyatdagi faoliyatida ekologik xavfsiz amaliyotlar shaklida aksini topadi. Bu esa BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan ekologik xavfsizlik kompetensiyalari bilan hamohangdir.
Ushbu pedagogik yondashuv qator tamoyillarga asoslanadi: u pedagogik mazmunga nisbatan fanlararo yondashuv boʻlib, ekologik va iqtisodiy paradigmalarni birlashtiradi, kelajak muammolariga yechim topishga yoʻnaltirilgan, madaniy jihatdan sezgir va qadriyatlarga tayangan holda his-tuygʻularni rivojlantiradi. Eng muhimi, “yashil” pedagogika amaliyot, hayot, tabiat va madaniyat uygʻunligiga qaratilgan yaxlit tizim sifatida namoyon boʻladi. Bunda oʻqituvchi va oʻquvchi oʻrtasidagi munosabatlar ham oʻzgaradi — ular yagona maqsad yoʻlida hamkorlik qiluvchi jamoaga aylanadi.
Taʼlim jarayonida “yashil” pedagogika qoʻllanilishi har bir fanning mazmun-mohiyatini boyitishga xizmat qiladi. Masalan, matematikani olaylik: oʻqituvchi shunchaki formulalarni yodlatish oʻrniga, oʻquvchilarga oʻz oilasining uglerod izini hisoblashni yoki ekologik xavfsiz binolar loyihasi smetasini tuzishni topshirishi mumkin. Bu orqali oʻquvchi nafaqat matematik amallarni bajaradi, balki oʻz turmush tarzining tabiatga taʼsirini raqamlarda koʻradi va tahlil qiladi. Tabiiy fanlar darslarida sinfxonadan tashqariga chiqib, mahalliy bogʻ yoki oʻrmonga uyushtirilgan dala sayrlari oʻquvchilarga ekotizimlar, oʻsimlik va hayvonot dunyosini bevosita kuzatish hamda his qilish imkonini beradi. Kitobdagi rasmdan koʻra oʻz koʻzi bilan koʻrgan va qoʻli bilan ushlagan narsasi bola xotirasida umrbod muhrlanadi hamda unda tabiatni asrash istagini uygʻotadi.
Ijtimoiy-gumanitar fanlar ham bundan mustasno emas. Tarix yoki ijtimoiy fanlar oʻqituvchisi oʻquvchilar bilan iqlim oʻzgarishining insoniyat tarixidagi oʻrni, sivilizatsiyalar inqirozi va ekologik omillar oʻrtasidagi bogʻliqlikni muhokama qilishi mumkin. Ingliz tili darslarida global ekologik muammolarga doir maqolalarni oʻqish va tahlil qilish orqali oʻquvchilarning tanqidiy fikrlash qobiliyati rivojlanadi, dunyoqarashi kengayadi. “Yashil” pedagogika oʻquvchilarga qogʻoz, suv va energiya resurslarini tejash, chiqindilarni qayta ishlash hamda kompost tayyorlash kabi oddiy, ammo hayotiy zarur koʻnikmalarni oʻrgatadi. Bu bilimlarning barchasi jamlanib, jamiyatda ekologik madaniyat yuksalishiga olib keladi.
“Yashil” pedagogikaning oltita asosiy yoʻnalishi — hamkorlik orqali jamoa shakllanishi, refleksiya, kutilmagan vaziyatlarga tayyorlik, faol harakat, bezovtalik va his-tuygʻu — taʼlim-tarbiya jarayonini jonli organizmga aylantiradi. Ayniqsa, “bezovtalik” tushunchasi bu yerda ijobiy maʼnoda, yaʼni atrof-muhit taqdiri uchun qaygʻurish va loqayd boʻlmaslik mazmunida tushuniladi. Oʻquvchi tabiatga yetkazilayotgan zararni koʻrib, befarq oʻtib keta olmaydigan, aksincha, vaziyatni oʻnglash uchun harakatga tushadigan shaxsga aylanadi. Bu esa “yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat hissini tarbiyalash” gʻoyasining amaldagi ijrosidir.
“Yashil” pedagogika transdissiplinarlik, chiziqli paradigmalarni qayta qurish, tizimli fikrlash va meta fikrlash kabi poydevorlarga tayanadi. Tizimli fikrlash oʻquvchilarga dunyoni uzuq-yuluq boʻlaklar yigʻindisi sifatida emas, balki oʻzaro bogʻliq murakkab tizim sifatida koʻrishni oʻrgatadi. Masalan, bir joyda daraxtning kesilishi nafaqat oʻsha hududning koʻrkini buzishi, balki tuproq tarkibiga, havo sifatiga, yer osti suvlariga va u yerda yashovchi jonzotlarga qanday taʼsir qilishini tushunish tizimli fikrlash mevasidir. “Yashil” pedagogika oʻquvchilarni murakkab va noaniq kelajakka tayyorlaydi, ularda nostandart vaziyatlarda toʻgʻri qaror qabul qilish koʻnikmasini shakllantiradi.
Shu oʻrinda aytish mumkinki, mamlakatimizdagi islohotlar, xususan, oliy taʼlimni tizimli transformatsiyalashning ustuvor yoʻnalishlari zamonaviy bilim va yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega kadrlar tayyorlashni nazarda tutadi. Uchinchi Renessans poydevorini barpo etayotgan yangi Oʻzbekiston uchun nafaqat yuqori texnologiyalarni egallagan, balki qalbi toza, vijdoni uygʻoq va tabiat bilan doʻst boʻlgan avlod suv va havodek zarur. “Yashil” pedagogika aynan shunday avlodni voyaga yetkazishda qudratli vosita boʻlib xizmat qilishi shubhasiz.
“Yashil” pedagogika tamoyillarining taʼlim tizimiga keng joriy etilishi mamlakatimiz taraqqiyotida yangi sahifa ochadi. Bu jarayon nafaqat iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydi, balki jamiyatimizning maʼnaviy qiyofasini ham tubdan oʻzgartiradi. Zero, oʻz uyini, mahallasini va yurtining tabiatini asragan inson vatanni ham chin yurakdan sevadi va ardoqlaydi. “Yashil” pedagogika har qanday fan sohasida va har qanday yoshda qoʻllanilishi mumkin boʻlgan universal kalitdir. U oʻquvchi yoshlarni hamda butun jamiyatimizni ekologik xavfsiz, barqaror va farovon kelajak sari yetaklovchi mashʼala boʻlib qoladi. Biz bugun ekayotgan “yashil taʼlim” urugʻlari ertaga serhosil mevalarini berishi, Oʻzbekistonimizning yanada gullab-yashnashiga hamda musaffo atrof-muhit barqarorligiga xizmat qilishi muqarrar. Bu yoʻlda barcha ziyolilar, ustoz-murabbiylar va keng jamoatchilikning hamjihatligi har qachongidan ham muhimroq.
Bekzod XOʻJAYEV,
pedagogika fanlari doktori, professor