Yaxlit joylashuv va qulay infratuzilma sanoat korxonalari rivojiga katta turtki bermoqda

    Erkin iqtisodiy zonalar yurtimiz iqtisodiyotining tayanch ustunlariga aylanib bormoqda. Yaxlit joylashuvi va qulay kommunikatsiya mavjudligi endigina ish boshlayotgan tadbirkorlarga ayni muddao bo'lmoqda. Qolaversa, ko'plab yangi ish o'rinlari yaratilib, aholi bandligi ta'minlanmoqda.

    So'nggi yillarda hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil qilish, ularni zarur infratuzilma bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratilmoqda.

    O'tgan besh yil davomida yurtimizda qo'shimcha 19 ta erkin iqtisodiy zona va 400 dan ziyod kichik sanoat zonasi tashkil etilib, mingdan ortiq loyiha amalga oshirildi. Natijada 100 mingta ish o'rni yaratilib, yiliga 45 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarish yo'lga qo'yildi. Shuningdek, sanoat zonalaridagi korxonalar yiliga 750 million dollarlik eksport va 1 trillion so'mdan ziyod soliq tushumlarini ta'minlamoqda. Yana bir muhim jihati, har bir tumanga, olis va chekka hududlarga sanoat kirib bormoqda. Xususan, ilgari sanoat umuman bo'lmagan 11 ta tumanda 205 ta yangi korxona ish boshladi.

    Raqamlarda aks etgan natija

    Toshkent viloyatida joylashgan “Angren” erkin iqtisodiy zonasi ham mamlakatimizdagi yirik ishlab chiqarish salohiyatiga ega markazlardan biridir.

    “Angren” EIZ Angren va Ohangaron shaharlari, ular orasidagi Ohangaron tumani bo'sh yer maydonlari, Bekobod shahri hududlarida joylashgan. Jami 4125 gektar maydondan iborat iqtisodiy zona ishlab chiqarishni modernizatsiyalash, mahalliylashtirish, import o'rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarish, eng asosiysi, eksport geografiyasini kengaytirishda o'z o'rniga ega. Tabiiy resurslar, ishchi kuchining asosiy qismi shu yerda joylashganidan unumli foydalangan holda, hududda xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish orqali sanoatni rivojlantirish va ishsizlikni bartaraf etishda salmoqli natijalarga erishilmoqda.

    2021 yilda “Angren” erkin iqtisodiy zonasi korxonalarining Toshkent viloyati sanoat mahsulotlari hajmidagi hissasi 6,4 foizni, eksportidagi ulushi esa 3,1 foizni tashkil etdi. O'tgan yili ushbu EIZdagi korxonalar tomonidan 5 376,4 milliard so'mlik 180 dan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarilgan. Shundan 62,6 million dollarlik, ya'ni qariyb 13 foizi xorijga eksport qilingan.

    Ushbu ma'lumotlar “Angren” EIZ mamlakat makroiqtisodiy ko'rsatkichlariga ijobiy ta'sir ko'rsatib, yurtimiz iqtisodiyoti rivojiga salmoqli hissa qo'shib kelayotganidan dalolatdir.

    So'nggi yillarda “Premier Electrotech” (kir yuvish mashinalari va sovitkichlar), “East Mining Invest” (avtoklav gazobeton bloklar), “Angren Pack” (karton, qog'oz, gofraidish), “National Ceramics” (glazurlangan keramik plitka), “Quality Devices” (“Artel”, “Shivaki” va “Samsung” savdo belgisi ostida televizor, monitor va mikroto'lqinli pechlar) singari sanoat va maishiy ro'zg'or buyumlari ishlab chiqaradigan korxonalar ishga tushirildi.

    Investitsion jozibadorlik va imtiyozlar mahsuli

    Hozirgi kunda bir qator yetakchi xorijiy davlatlar bilan hamkorlik iqtisodiyotimizning ilg'or tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni keng joriy qilish imkoniyatini bermoqda.

    Ana shunday hamkorlik natijasida “Angren” EIZda xorijiy korxonalar soni ham yildan-yilga ko'payib borayotir. Keyingi yillarda xorijiy investorlarga yaratib berilgan qulay biznes muhiti tufayli iqtisodiy zona hududida “Limax gold textile” (paypoq), “Dal heavy industries” (turli murakkablikdagi metallokonstruktsiyalar), “Li Da metal technology” (A-500 markali po'lat armatura), “Teploizolyatsionnaya kompaniya” (issiqlik izolyatsiyali materiallar), “Ahangaranskiy trubniy metallurgicheskiy zavod” (keng qamrovdagi metall mahsulotlar) korxonalari ishga tushirildi.

    Bugungi kunda qishda isitish va yozda sovitish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradigan zamonaviy issiqlik izolyatsiyali materiallarga ehtiyoj ko'paymoqda. Erkin iqtisodiy zona hududida joylashgan “Teploizolyatsionnaya kompaniya” MCHJ “Penopleks” savdo belgisi ostida ana shunday issiqlik izolyatsiyali materiallar ishlab chiqarmoqda. Korxonada Evropadan olib kelingan, 500 kilogramm/soat quvvatga ega zamonaviy ishlab chiqarish liniyasi mavjud. Korxona nafaqat mamlakatimiz qurilish bozorini mahsulot bilan ta'minlaydi, shuningdek, Qirg'iziston, Tojikiston, Turkmaniston hamda Afg'onistonga eksport qiladi.

    — Mazkur erkin iqtisodiy zonada 2019 yilning dekabridan buyon faoliyat yuritib kelmoqdamiz, — deydi korxona direktori Aleksandr Sidelyov. — EIZdagi bu korxona bugungi kunda Rossiyada 8 ta va Qozog'istonda bitta ishlab chiqarish maydonchasiga ega yirik issiqlik izolyatsiyali materiallar ishlab chiqaruvchi “Penopleks” kompaniyasining o'ninchi zavodi hisoblanadi. Korxona yiliga mahalliy bozorga import o'rnini bosuvchi 100 ming kub metr issiqlik izolyatsiyali plitalar ishlab chiqarmoqda. Bu yerda mehnat qilayotgan 116 ishchining aksar qismini yoshlar tashkil etadi.

    Keyingi yillarda O'zbekistonda qulay investitsiyaviy muhit shakllantirilishi, xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha qonun yo'li bilan keng ko'lamdagi imtiyozlar, afzalliklar va kafolatlar tizimi belgilanishi o'z samarasini beryapti.

    — Erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari kiritilgan investitsiyalar hajmiga qarab mol-mulk, er va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlardan ozod etilishi kabi qator imtiyozlar xorijiy va mahalliy ishlab chiqaruvchilarni mazkur hududda biznes yuritishga undamoqda, — deydi “Angren” EIZ direktori Mutallibjon Hojimurodov. — Natijada EIZ hududida korxonalar soni oshmoqda, mahalliy bozorni sifatli mahsulotlar bilan ta'minlash imkoniyati yaratilmoqda, eksport hajmi kengaymoqda.

    2013-2017 yillar davomida 488,8 million dollarlik investitsiya o'zlashtirildi. Uning 198,7 million dollari to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiyadir. 2018-2021 yillarda esa 600,7 million, xususan, 221,7 million dollarlik to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya jalb qilindi. Umuman olganda, agar 2016 yilda “Angren” EIZ hududida 15 ta korxona faoliyat yuritgan bo'lsa, bugungi kunda ularning soni 113 taga yetdi.

    Videoselektor yig'ilishidan keyin nimalar o'zgardi?

    Prezidentimiz raisligida shu yil 26 may kuni hududlarda maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalari tashkil qilish, ularni zarur infratuzilma bilan ta'minlash chora-tadbirlariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishi o'tkazildi. Unda joriy yilning o'zida maxsus iqtisodiy va kichik sanoat zonalarida 2 mingta loyihani amalga oshirish, 110 mingta yangi ish o'rni yaratish va 1 milliard dollar eksportni ta'minlash uchun imkoniyatlar borligi ta'kidlandi. Bu boradagi vazifalar belgilandi.

    Videoselektor yig'ilishidan kelib chiqib, “Angren” EIZ o'z oldiga qanday maqsadlar qo'ydi, bu erda endi nimalar o'zgaradi?

    — Videoselektordan so'ng “Angren” EIZ direktsiyasi o'z oldiga 2022 yil uchun salmoqli vazifalar belgiladi, — deydi M.Hojimurodov. — EIZ ishtirokchi korxonalari tomonidan qiymati 8,6 trillion so'mlik mahsulot ishlab chiqarish, shundan 83,1 million dollarlik mahsulotni eksportga chiqarish, 174 million dollarlik, jumladan, 85,6 million dollarlik to'g'ridan-to'g'ri xorijiy investitsiya jalb qilishni rejalashtirganmiz. Umumiy qiymati 182,7 million dollarlik 24 ta loyihani amalga oshirish oldimizda turgan muhim vazifalardan sanaladi.

    Ana shu vazifalar doirasida Angren shahrida “Central Asia chemicals” (kimyoviy xomashyo va kir yuvish kukuni), “Intisoar near” (sintetik tseolit), “Ecoton Sharq” (avtoklavlangan gazobeton bloklar), “Angren insulation” (shisha tolasidan mineral paxta), Ohangaron shahrida “Ahangaranskiy trubniy metallurgicheskiy zavod” (metall rulon list), “Yuanxin” (tomchilab sug'orish polimer quvurlari va fitinglari), Ohangaron tumanida “Pak-Merit bleaching clay” (aktivlashtirilgan oqartiruvchi gil) va “Elmuraz” (un mahsulotlari) korxonalari ishga tushirilishi kutilmoqda.

    “Angren” EIZ direksiyasi ishlab chiqarilayotgan har bir mahsulot xorijiy standartlarga moslashtirish, ishtirokchi korxonalarni zarur infratuzilma, jumladan, elektr, suv, gaz, yo'l va kanalizatsiya bilan to'liq ta'minlash, yangi loyihalarni ishga tushirishni maqsad qilgan.

    Yana bir gap. Joriy yilning 1 may holatiga ko'ra, “Angren” EIZ ishtirokchi korxonalarda 10 200 ta yangi ish o'rni yaratildi. Shu yil yakuniga qadar yangi loyihalar ishga tushirilishi natijasida qo'shimcha 2 600 ta ish o'rni ochilishi kutilmoqda.

    “Angren” EIZda loyihalar joylashtirish uchun mo'ljallangan 430 gektarga yaqin bo'sh yer mavjud. Ushbu maydonga umumiy qiymati 145 million dollarlik (shundan, 32 million dollari to'g'ridan-to'g'ri chet el investitsiyalari) 10 ta istiqbolli loyihani joylashtirish masalasida muzokaralar olib borilmoqda hamda loyihalar biznes rejalari ishlab chiqilib, ekspertizadan o'tkazilmoqda. Loyihalar doirasida qo'shimcha 3150 ta yangi ish o'rni yaratilishi bo'yicha istiqbolli rejalar ko'zda tutilgan.

    Kelgusida amalga oshiriladigan loyihalar ishlab chiqarish qamrovini yanada kengaytirib, aholini sifatli mahsulotlar bilan ta'minlash, eksport salohiyatini yuksaltirish, yangi ish o'rinlari yaratib, aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

    Shahzod G'afforov,

    "Yangi O'zbekiston" muxbiri