Ushbu qonunning maqsadi mamlakatimizda yer munosabatlari sohasida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini ishonchli himoya qilish, jumladan yer uchastkalarini ijaraga olishda ijara munosabatlarning o`ziga xos xususiyatlarini aniq belgilash, o`zganing yer uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish (servitut) huquqini amalga oshirish tartibini yanada takomillashtirish, jamoat ehtiyojlari uchun ommaviy servitut belgilashni huquqiy tartibga solish hisoblanadi.
O`zgartirish hamda qo’shimchalar O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining mulk huquqi hamda ijara shartnomasiga oid ayrim qoidalariga, Yer kodeksining yer uchastkasidan vaqtinchalik foydalanish hamda unga nisbatan cheklangan ashyoviy huquq bilan bog`liq normalariga, shuningdek servitut shartnomalariga tegishlidir.
Endilikda yer uchastkalarini ham undagi huquq hamda majburiyatlar bilan qayta ijaraga berish mumkin bo`ladi. Amaldagi “Ijara to`g`risida”gi qonunga kiritilayotgan o`zgarishga ko`ra ijara munosabatlarning obyektlari bo`yicha huquq hamda majburiyatlar ijaraga beruvchining roziligi bilan ijaraga oluvchi tomonidan boshqa shaxsga o`tkazilishi (qayta ijara) mumkin. Bunda, faqat qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yer uchastkalari qonunda belgilangan holdagina qayta ijaraga berilishi mumkinligi ta’kidlangan.
Shuningdek, ko`chmas mulkka bo`lgan huquq boshqa shaxsga o`tganda, ushbu obyekt band qilgan yer uchastkasiga doir huquq hamda majburiyatlar ham qonunga muvofiq boshqa shaxsga o`tadi, bunda ijaraga beruvchining roziligi talab etilmaydi. Qolaversa, elektron online-auksion orqali qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan yerlarni ijaraga olgan jismoniy hamda yuridik shaxslar ularni qayta ijaraga berishlari mumkin.
Tomonlarga yer uchastkalariga oid ijara shartnomalarni tuzishda shartnoma erkinligi tamoyili ham taminlanishi kutilmoqda. Xususan, yangi kiritiladigan o`zgartirishlarga ko`ra xususiy yer uchastkalarini ijaraga berish shartnomasida ijara haqqini taraflarning o`zi belgilaydi. Amaldagi “Ijara to`g`risida”gi Qonunning 12-moddasi birinchi qismiga ko`ra yer va tabbiy resurslar uchun ijara haqqi qonunchilikda ko`rsatilgan tartibda belgilanar edi.
Yangi o`zgartirish hamda qo`shimchalarga ko`ra jismoniy va yuridik shaxslar qishloq xo`jaligiga mo`ljallangan yerlar va boshqa tabiiy resurslardan boshqa ijara obyektlarini ijaraga beruvchining roziligi bilan qisman yoki to`liq sotib olishlari ham mumkin bo`ladi.
Qonunchilikda kutilayotgan yangiliklardan yana biri bu “ommaviy servitut”ning amaliyotga tadbiq etilishidir. Amaldagi qonunchilikka ko`ra jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari zarur bo`lganda ularga bo`lgan mulk huquqini kompensatsiya to`lagan holda bekor qilishga to`g`ri kelardi. Vaholanki, ba’zi bir jamoat ehtiyojlari vaqtinchalik bo`lib, yer uchastkasidan ma’lum bir davrga mulkdorning mulk huquqini bekor qilmay turib foydalanish zarurati paydo bo`ladi. Masalan, yer uchastkasida muhandislik-komunikatsiya tarmoqlarini qurish, ulardan foydalanish, sozligini ko`zdan kechirish kabi maqsadlar. Endilikda, bunday hollarda zarur bo`lgan yer uchastkalariga jamoat ehtiyojlari uchun qonunga muvofiq ommaviy servitut belgilanadi. Amaldagi Yer kodeksining 5-moddasiga kiritilayotgan qo`shimchalarga ko`ra ommaviy servitutni belgilash vakolati viloyatlar hamda Toshkent shahar davlat hokimiyati organlariga berilmoqda. Bunda yer uchastkasi mulkdori yoki mulkdor bo`lmagan egaga haq to`lash, yer uchastkasi unda belgilangan maqsadda foydalanish uchun zarur holatga keltirish shartligi belgilangan. Bunda servitut uchun to`lanadigan haq miqdori (bir martalik yoki davriy) esa servitut amal qiladigan davr uchun belgilangan yer solig`idan (ijara miqdori) kam bo`lmasligi ta’kidlangan. Bunda chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalarni xususiylashtira olmasliklari, ular faqat ijara huquqi asosida yerlarga ega bo`lishlari belgilangan. Yer kodeksining 30-moddasiga kiritilayotgan servitut bilan bog`liq o`zgartirish va qo`shimchalarga ko`ra agar servitut tunellarda avtomobil hamda temir yo`llari qurish, shuningdek avtomobilning muhofaza zonalaridan foydalanish va muxandislik-texnik jihatdan ta’minlash, tegishli texnik-texnologik ulanish ishlarini olib boorish maqsadida amalga oshiriladigan bo`lsa yer uchastkasi mulkdor yoki egasiga haq to`lanmasligi mumkin. Shu munosabat bilan Fuqarolik kodeksining 173-moddasiga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilmoqda.
Kodeksning 2591-moddasiga kiritilayotgan o`zgartirish mazmuniga ko`ra yer uchastkalarini ijaraga olish huquqi garov obyekti bo`lganda, kreditorning ushbu huquq bilan ta’minlangan majburiyatlar bo`yicha talablari ijaraga olish huquq egasi bo`lgan shaxsning boshqa kreditorlariga qaraganda imtiyozli ravishda qanoatlantiriladi.
Yer kodeksiga kiritilishi kutilayotgan o`zgartirish va qo`shimchalarga nazar tashlaydigan bo`lsak, qishloq xo`jaligiga mo`ljallanmagan yer uchastkalari jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda xususiylashtirilishga ruxsat berilgan. Bunda chet ellik fuqarolar va yuridik shaxslar, fuqaroligi bo`lmagan shaxslar, chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalar yer uchastkalarni xususiylashtira olmasliklari, ular faqat ijara huquqi asosida yerlarga ega bo`lishlari belgilangan.
Bir so’z bilan aytganda mazkur Qonun ijara munosabatlari yanada kengayishiga, servitut belgilash bilan bog`liq munosabatlarni huquqiy tartibga solishga, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkasi ijarachilari va mulkdorlarining huquqlari ishonchli himoya qilinishiga xizmat qiladi.
Koryog`diyev Bobur,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Fuqarolik huquqi kafedrasi o`qituvchisi