Xalq deputatlari Oltiariq tumani Kengashi sessiyasida ham tumanda 2020-yilda amalga oshirilgan ishlar yakuni va 2021-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida tuman hokimi Xolmirza Niyozovning hisoboti tinglandi.
Qayd etilganidek, tumanda kichik biznes, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish hamda mahalla guzarlarida aholini kasb-hunarlariga oʻqitish va tadbirkorlikka jalb qilish yuzasidan qator ishlar amalga oshirilgan.
Jumladan, joriy yil boshidan buyon 382 ta yangi kichik biznes hamda 671 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektlari tashkil etilgan. Natijada 1 ming 435 nafardan ortiq yangi ish oʻrinlari yaratildi. Aholi bandligini taʼminlash va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida 780 ta fuqaro va tadbirkorlik subyektlariga 23 milliard 948 million imtiyozli kreditlar ajratildi. 2020-yilning shu davriga qadar 4 ming 866 ta ishsiz fuqarolarning bandligi taʼminlandi.
Shundan 2 ming 554 nafarini ayollar tashkil etadi. Tumanda hozirgi kunga kelib 69 million 270 ming AQSH dollarlik maxsulotlar eksport qilindi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalar, ularni qoʻllab-quvvatlash va kambagʻallikdan chiqarish, “Ayollar” va “Yoshlar” daftarlarini shakllantirish borasida ham qator ishlar qilindi.
Kam taʼminlangan va ehtiyojmand oilalarga “Sahovat va koʻmak” jamgʻarmasi xisobidan jami 4 milliard 393 million soʻmlik begʻaraz yordam manzilli yetkazib berildi.
Oʻtkazilgan xatlovlar natijasida aniqlangan 3 ming 84 ta ehtiyojmand oiladagi 14 ming 48 nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritildi. Oilalardagi ishsiz boʻlgan mehnatga layoqatli 2 ming 624 nafar fuqarodan 2 ming 503 nafari ish bilan taʼminlandi.
Tuman kengashining qarori va fuqarolarning shaxsiy murojaatlarga asosan 2 ming 8 ta oiladagi 9 ming 648 nafar fuqarodan 2 ming 202 nafari ish bilan taʼminlanganligi sababli “Temir daftar”dan chiqarildi. Hozirgi kunda “Temir daftar”da 1 ming 76 ta oila qolmoqda.
2020-yil yanvar-noyabr oylarida 1 ming 647 nafar mehnat migrantlari pandemiya sabab xorijdan qaytgan. Migratsiyadan qaytgan fuqarolarni bandligini taminlash boʻyicha olib borilgan ishlar natijasida 128 nafar fuqarolar tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan, 48 nafar fuqaro mustaqil ravishda ishga joylashgan. 67 nafari oʻz tadbirkorligini boshlagan. 485 nafari norasmiy sektorda bandligi aniqlangan.