Yirik korxonalarda davlat ishtiroki kamayib, xususiy sektor ulushi ortmoqda

    Toshkent viloyatida 205 ta davlat aktivlari ommaviy savdolarga chiqarilgan.

    So'nggi yillarda yurtimizda xususiy mulkka ega bo'lishning o'ziga xos shaffof tizimi yaratilganiga guvoh bo'lyapmiz. Oramizda elektron auktsionlarda ishtirok etib, qisqa vaqtda, hech qanday to'siqlarsiz er maydonlari yoki xususiy mulk ob'ektlariga ega bo'layotganlar oz emas. Mazkur tizim davlat aktivlarini xususiy mulkga sotishda ham qo'llanilayotgani tadbirkorlarga qulaylik yaratmoqda.

    Bir vaqtlar davlat ulushi katta bo'lgan yirik korxonalarga jismoniy shaxslar tomonidan investitsiya kiritib, unga egalik huquqini olish deyarli imkonsiz masala edi. Bugungi kunga kelib esa Prezidentning bir qator farmon va qarorlarida korxonalarda davlat ishtirokini kamaytirib, ularning ulushlarini xususiy sektorga sotish orqali samarali boshqaruv tizimi hamda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga erishish masalasi ko'ndalang qo'yilmoqda. Xususiylashtirish jarayonlari bo'yicha yagona davlat organi hisoblangan Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyatining bir qator korxonalariga tashkil etilgan press-tur davomida jurnalistlarni bu borada olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirdi.

    Bozorlarda raqobat kuchayib borayotgan bugungi davrda xaridorlarni jalb qilishning asosiy vositasi sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarish bo'lib qolmoqda. Buning uchun ishlab chiqarish korxonalari zamonaviy, qo'shimcha resurslarni tejovchi texnikalar bilan ta'minlangan bo'lishi kerak. Prezidentimizning 2020 yil 27 oktyabrdagi “Davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilishni jadallashtirish hamda davlat aktivlarini xususiylashtirishga oid chora-tadbirlar to'g'risida”gi farmoni ana shu jihatlarni nazarda tutadi.

    — Ayni paytda mamlakatimizda 3 mingga yaqin davlat ishtirokidagi korxonlar mavjud bo'lib, ularni xususiy sektorga sotish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda, — dedi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent viloyat hududiy boshqarmasi o'rinbosari Kamoliddin Toirbekov. — Xususan, Toshkent viloyatida jami 267 ta davlat ob'ektlari 1 so'm va harid qiymatida “E-ijro auksion” savdo maydonchasiga chiqarilishi belgilangan bo'lib, shundan 205 ta davlat aktivlari ommaviy savdolarga chiqarilgan. Ularning aksariyati shaffof tizim orqali tadbirkorlar tomonidan sotib olinib, samarali ish faolyati yo'lga qo'yildi. Bundan tashkari, Markazning Toshkent viloyati xududiy boshkarmasi tomonidan “E-ijro auksion” yagona elektron-onlayn savdo maydonchasiga 2020 yilda jami 553 ta davlat mulki ob'ektlari elektron tarzda e'longa chiqarilib, shundan 353 ta davlat mulki ob'ektlari kichik biznes va tadbirkorlik sub`ektlariga uch tomonlama ijara shartnomasi orqali ijaraga berishga erishildi. Buning natijasida 1630 ta yangi ish o'rinlari yaratildi.

    Investor korxonaga yangicha ruh olib kirdi

    Toshkent viloyatidagi yirik ob'ektlardan biri “To'ytepa metall qurilmalari” aktsiyadorlik jamiyatining 84,4 foiz davlat ulushi ham sotuvga qo'yilgan edi. Ochiq tarzda o'tgan auktsion jarayonlarida umumiy maydoni 10,09 gektar bo'lgan korxonani mahalliy tadbirkor 20 milliard so'm qiymatida hamda 4 million AQSH dollari mablag' kiritish talabi bilan xarid qildi.

    Metall qurilmalari konstruktsiyasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning yangi rahbarlari shu vaqtga qadar texnikalari eskirib, iqtisodiy ko'rsatkichlari pastlab borayotgan mazkur korxonaga yangi texnologiyalar olib kirib, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish, mahalliy bozorga mos, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish, bir so'z bilan aytganda, uni respublikadagi eng ilg'or ishlab chiqarish ob'ektlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan. Zavod bosh muhandisi Bahodir Qodirovning aytishicha, korxonani tubdan yangilash, zamonaviy uskunalar bilan jihozlash maqsadida o'tgan yili 520 ming AQSH dollariga teng dastgohlar olib kelindi. Ularning ayrimlari, xususan, metall listlarini bukib, aylantiradigan qurilma, lazer yordamida metallarni har xil shaklda kesadigan uskunalar respublikada noyob hisoblanadi. Zavodning yillik ishlab chiqarish quvvati 1 yilda 60-70 ming tonnaga mo'ljallangan.

    Hozirgi kunda zavodda 50 turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Talab va taklifdan kelib chiqqan holda, xalq xo'jaligiga zarur bo'lgan maxsus texnikalarni ishlab chiqarish ham yo'lga qo'yilgan. Masalan, ichimlik suv tashish texnikasi, yo'llarda ishlatiladigan yo'l yuvish va yo'l tozalash mashinasi hamda 8 kub sig'imdagi chiqindilarni tashish mashinalari sifat va qulaylik jihatidan shu turdagi istalgan texnikalar bilan bemalol raqobatlasha oladi. Ushbu mashinalarning asosi Samarqand avtomobil zavodidan sotib olinib, zarur texnik qismlar bilan boyitiladi. Ixcham, ammo sig'imi katta bu uskunalar bozorda anchayin talabgir bo'lib bormoqda. Birgina chiqindilarni tashish mashinasi o'tgan yilning 4-choragida 26 ta ishlab chiqarilib, xaridorlarga yetkazildi.

    Zavodda 245 kishi doimiy ish bilan ta'minlangan. Kelgusida bo'sh ish o'rinlari soninini yanada oshirish rejalashtirilgan. Asosiysi, zavodga yangicha ruh kirib kelmoqda va u yaqin kelajakda eng zamonaviy, yuqori ishlab chiqarish quvvatiga ega, mahsulotlari bilan dunyo bozorlariga chiqadigan korxonaga aylansa, ajab emas.

    “Eskirgan uskunalar bilan raqobatga dosh

    bera olmaymiz”

    2021 yil yakuniga qadar respublika bo'yicha jami 1501 ta ob'ekt xususiylashtirilishi rejalashtirilgan bo'lib, ularning orasida Yangiyo'l tumanidagi “Yangiyo'l yog'-moy” AJ korxonasi ham bor. Mamlakatimizda o'z o'rni va ishlab chiqarish quvvatiga ega mazkur zavodda asosan paxta chigiti qayta ishlanib, qadoqlangan o'simlik yog'i, xo'jalik sovuni, chorva mollari uchun ozuqa emi ishlab chiqariladi. Aktsiyalarining 51 foizi davlat ulushi bo'lib, afsuski, korxona uskunalari ancha eskirib, ishlab chiqarish quvvati pasaygan. Press-tur ishtirokchilari uzoq yillik ish faoliyatiga ega zavodda bo'lib, mavjud jarayon bilan bevosita tanishdi.

    — Korxona bir kunda 400 tonnagacha chigitni qayta ishlash quvvatiga ega bo'lib, bu erda 600 dan ortiq ishchi mehnat qiladi, — dedi ishlab chiqarish bo'yicha direktor Shuhrat Asanboyev. — Biroq hozirgi kunda korxonaning to'liq quvvatda ishlashi hamda xomashyo etkazib berilishi bilan bog'liq ayrim muammolar bor. Zavod uskunalari ancha eskirgan. Bugungi davrda eski uskunalar bilan ishlaydigan korxonalarning raqobatga dosh berishi qiyin. Boisi, xomashyoning asosiy talabgorlari yangi, ishlab chiqarishning samarali usullarini qo'llaydigan, qo'shimcha materialarni kam sarf qiladigan, ishchi kuchidan optimal foydalanadigan korxonalar bo'ladi. Ulardagi imkoniyatlar mahsulot tan narxini pasaytirishga sharoit yaratadi. Tabiiyki, tan narx past bo'lgach, mahsulotni arzon sotib, boshqalar bilan raqobatlasha oladi. Natijada mahsulot aylanmasi va sotuvning yaxshiligi hisobiga xomashyoga bo'lgan talabi ham ortib boradi. Afsuski, bizning korxonamizda bunday imkoniyatlarning yo'qligi tan narxning balandligiga olib kelyapti. Bunda samaradorlikka erishish uchun barcha ishlab chiqarish uskunalarini zamonaviylariga almashtirib, zavodni to'liq modernizatsiya qilish zarur.

    Ayni paytda korxonada mavjud uskunalar asosan chigitni qayta ishlashga mo'ljallangan bo'lib, boshqa xomashyoni ishlab berish imkoniyati etarlicha emas. Uning to'liq quvvatda, samarali ishlashi, bozor talablariga mos, raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarishi uchun yangi uskunalar, ilg'or texnologiyalar zarur. Shu bois, undagi davlat ulushining xususiy investorga sotilishi bu muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

    Hozirda ob'ektlarni xususiylashtirish bo'yicha Respublika prokuraturasi boshchiligida 6 ta moliyaviy tashkilotlardan iborat ishchi guruh tuzilgan bo'lib, ular mazkur korxonada ham bo'ldi. Jarayonda zavod to'liq xatlovdan o'tkazildi va ayni vaqtda baholash ishlari amalga oshirilmoqda. Tez orada ommaviy savdolarga chiqarilib, to'lig'icha xususiy mulkdorlarga sotilishi belgilangan. Aytish joizki, bunday korxonalarning xususiy sektorlar qo'liga o'tishi bozorlarda raqobat muhitini oshirib, dasturxonlarimizning sifatli, arzon mahsulotlar bilan to'lishiga yo'l ochadi.

    Rahbarlar xodimlariga “xisob” beradi

    Yangiyo'l tumanidagi “Biokimyo” korxonasida ham davlat ulushi 51 foizni tashkil etadi. 1994 yildan buyon aksiyadorlik jamiyati sifatida foliyat yuritayotgan mazkur korxonada iste'mol va texnik spirti ishlab chiqariladi. Jamiyatda 340 nafar kishi ish o'rni hamda yaxshi oylik maoshi bilan ta'minlangan. 2016 yildan boshlab korxonada yangicha korporativ boshqaruv tizimining joriy qilinishi samaradorlik ko'rsatkichlarining bir necha barobarga o'sishiga olib keldi.

    — Korporativ boshqaruv tizimi yangi termin bo'lib, avvallari tashkilotlarda bunday yondashuv bo'lmagan, — dedi “Biokimyo” korxonasining qimmatli qog'ozlar bo'yicha mutaxassisi Muqaddas Qoratoyeva. — Bu tizimning o'ziga xosligi shundaki, unda rahbarning har bir xodimi oldida ochiqligi, xisobdorligi ta'minlanib, ularga korxona daromadalari, sarf-xarajatlari to'g'risidagi ma'lumotlar berib boriladi. Xar chorakda jamiyat korporativ boshqaruv tizimi darajasi va ijroiya organi samaradorligining muxim ko'rsatkichlari baxolanib, natijalari rasmiy veb-saytlarda oshkor qilinadi. Korporativ boshqaruv tizimi joriy qilingach, jamiyatimizning tashkiliy tuzilmasi, ichki korporativ nizomlari qaytadan ko'rib chiqildi. Kuzatuv kengashi tarkibida yanga qo'mitalar tashkil etildi. Bu nafaqat ishlab chiqarish, balki boshqaruv sohasida ham tizimli, ochiq va shaffof ish olib borishga olib keldi.

    YAngicha boshqaruv tizimining joriy etilishi bilan korxona daromadlari bir necha barobarga oshganini raqamlar ham ko'rsatib turibdi. Tahlillarga ko'ra, jamiyatning o'tgan yilgi daromadi undan avvalgi yillarga nisbatan 30 foizga o'sgan. Xususan, 2020 yilda 230 million dollarlik mahsulot xorijga eksport qilinib, jami yillik foyda 22,5 milliardni tashkil etgan. Bu yilgi rejalar ham undan oz emas.

    Bir vaqtlar olingan foydaning katta qismi rahbarlarning cho'ntagiga kirgan bo'lsa, bugun korxonalarda yaratilayotgan shaffof korporativ boshqaruv tizimi natijasida olinayotgan foydaning aniq xisob-kitobi kuzatib borilib, samarali sarflanmoqda. “Biokimyo” AJ ham olingan foyda xisobidan 340 nafar ishchini munosib rag'batlantirib, ularning ijtimoiy himoyasini ko'ngildagidek yo'lga qo'ygan. Zero, korxonalarni xususiylashtirish nafaqat zamonaviy ishlab chiqarishni yanada rivojlantirish, balki aholini ish bilan ta'minlab, ularning turmush sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.

    Iroda TOSHMATOVA,

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri