Yod — salomatlik uchun zarur element

    Fikr 18 Oktabr 2021 5558

    Termiz davlat universiteti kimyo va texnologiya fakulteti dekani, kimyo fanlari doktori, professor Hayit Toʻrayev shogirdlari bilan Surxondaryo viloyati yer osti shoʻr suvlari tarkibidan yod va uning birikmalarini ajratib olish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

    Oqova suvlarning tarkibida koʻplab komponentlar bor. Birgina neftni qayta ishlash zavodlarining chiqindi suvlari tarkibida katta miqdorda yod mavjud boʻlib, uni tozalanmasdan tuproqqa singishi atrof-muhit uchun katta zarar

    Taʼkidlash joiz, salomatligimiz uchun muhim sanalgan yodning inson organizmi uchun bir kunlik oʻrtacha meʼyori 100-200 mikrogrammni tashkil qiladi. Uning tanqisligi qalqonsimon bez faoliyati bilan bogʻliq kasalliklarni keltirib chiqaradi. Hozirgi vaqtda dunyoda yod yetishmovchiligi natijasida 1 milliard 600 milliondan ortiq kishi endemik boʻqoq kasalligidan aziyat chekayotganini inobatga olsak, uni ishlab chiqarish hajmini kengaytirish qanchalik zarur ekanini anglash qiyin emas. Qalqonsimon bez gormonlarining asosini tashkil etadigan mazkur mikroelement organizmning oʻsishi, rivojlanishi hamda tanadagi barcha aʼzolarning faoliyati uchun muhimdir.

    Yod va tarkibida ushbu element mavjud boʻlgan mahsulotlar yurtimiz aholisi uchun ham muhim ahamiyatga ega. Boisi, mamlakatimiz yod manbai hisoblangan dengiz va okeanlardan uzoqda joylashgan. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo hududida havo harorati juda yuqori boʻlishi tuproq tarkibidagi yod moddasining ham bugʻlanib ketishiga sabab boʻladi. Bu esa, oʻz navbatida, yodning oʻsimliklar va oziq-ovqat mahsulotlari orqali odam organizmiga yetarli boʻlgan miqdorda qabul qilinishini cheklaydi. Demak, yod va uning birikmalarini ishlab chiqarish tibbiyot, qolaversa, sanoat talabi boʻlib, ilm-fan oldidagi muhim vazifalardan biri hisoblanadi. Sanoat korxonalari oqova suvlari tarkibidan yodni ajratib olish esa ekologiyamiz uchun ham ahamiyatli.

    Aholimizning yod va uning birikmalariga boʻlgan yillik oʻrtacha talabi 16 ming tonnani tashkil qiladi. Farmatsevtikada, oziq-ovqat sanoatida, veterinariyada, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarishda, kimyo sanoatida katalizator sifatida, maxsus shisha, yoqilgʻi, sintetik kauchuklar olishda ishlatilishidan maʼlumki, unga talab yuqori, importda alohida oʻrni bor. Holbuki, yurtimizda bu modda zaxiralari yetarlicha. Tarkibida yod boʻlgan yer osti suvlari asosan, Fargʻona, Buxoro-Qarshi va Ustyurt platosi artezian havzalarida mavjud. Shuningdek, Surxondaryo viloyatining artezian havzalarida tarkibida yod boʻlgan 6 ta zaxira aniqlangan. Bular Uchqizil, Xavdak, Kakaydi, Lalmikor, Jayronxona va Eski Termiz gidrotermal hududlaridir. Bunday hududlardan chiqayotgan oqova suvlarning tozalanmasligi tuproq tarkibi va oʻsimliklar olamiga ziyon yetkazadi. Boisi chiqindi suvlarning tarkibida brom, xlor kabi moddalar ham koʻp miqdorda mavjud boʻlib, yod ajratib olish jarayonida suv mazkur moddalardan ham tozalanadi.

    Oltinsoy tumanini innovatsion hududga aylantirish, innovatsion texnologiyalarni joriy etish maqsadida ilmiy faoliyatga oid dasturlarga ajratilgan mablagʻlar hisobidan mazkur loyihani amalga oshirish uchun ham grant ajratilgan.

    — Yer osti shoʻr suvlaridan yod ajratib olish Xavdag konidan chiqayotgan yodo-bromli chiqindi suvdan oʻrinli va maqsadli foydalanish imkonini beradi, — deydi professor Hayit Toʻrayev. — Loyihaning tibbiy ahamiyati ham katta. Chunki dunyoda 50 million kishi aynan yod yetishmasligi sabab aqlan zaif boʻlib qolgan. Eng xavotirlisi, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan maktab yoshidagi 285 million bolaning organizmiga yod kerakli miqdorda tushmayotgani aniqlangan. Vaholanki, bolaning aqlan rivojlanishida bu modda muhim ahamiyatga ega. Surxondaryo viloyatidagi Xavdak massividan bir yilda 2 ming 700 tonna, Kakaydidan esa 2 ming 500 tonna va Uchqizil massividan 1 ming 500 tonnagacha yod va uning birikmalarini ajratib olish imkoniyati mavjud. Yod olishning hozirgacha maʼlum boʻlgan usullarida yodidlar xlor yordamida oksidlanadi. Tabiiyki, bu usulning ekologik xavfi yuqori. Shu bilan birga, sanoat chiqindi suvlari tarkibidan vodorod peroksidi ishtirokida ham yod ajratib olish usuli mavjud. Uning kamchiligi shundaki, vodorod peroksidining parchalanishi va portlash xavfi yuqori. Qolaversa, anchayin qimmat. Yer osti shoʻr suvlari tarkibidan yod va uning birikmalarini ajratib olish esa ekologik jihatdan xavfsiz, kamxarj va iqtisodiy jihatdan tejamkor.

    Yodni professor H.Toʻrayev taklif etayotgan usulda ishlab chiqarish texnologiyasi Fanlar akademiyasining Umumiy va noorganik kimyo instituti va Termiz davlat universitetida maqbul texnologik tajribalar olib borilgan. Xavdag hududida yer osti shoʻr suvlaridan yodni ajratish uchun havo-desorbsiya qurilmasi sinovdan oʻtkazilganda, bajarilgan nazariy hisoblashlar va tajriba tadqiqotlar toʻgʻri va ishonchli ekani tasdiqlangan.

    Loyihaning iqtisodiy ahamiyati ham salmoqlidir. 1 kilogramm kristall holatidagi yodning narxi oʻrtacha 349 ming soʻmni tashkil qiladi. Mahalliy ishlab chiqarishda esa uning oʻrtacha narxi 114 ming 440 soʻmga tushadi. Bu holda 1 kilogramm yod ishlab chiqarishdan olinadigan sof foyda 234 ming 560 soʻmga boradi.

    Mazkur loyiha asosida yod va uning birikmalarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilsa, respublikamizning yodga boʻlgan ehtiyoji oʻrtacha 40 foiz qoplanadi, bu esa import oʻrnini bosish imkonini beradi. Uch yil ichida esa yodni eksport qilish darajasiga erishish mumkin. Bugungi kunda boʻqoq kasalligining ortib borayotganini eʼtiborga olsak, uni davolash va oldini olishda ham ushbu mikrounsurni ishlab chiqarishning samarasi katta. Qolaversa, yer osti shoʻr suvlaridan yod ajratib olish Xavdag konidan chiqayotgan yodo-bromli chiqindi suvdan oʻrinli va maqsadli foydalanilishi bilan ham ahamiyatli.

    Feruza Joʻrayeva

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri