“Yo‘l bo‘shat, zamona, yo‘l bo‘shat, jahon...”

    “Vatan” ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma'rifiy jurnalining birinchi soni nashrdan chiqdi

    O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi muassisligidagi ushbu jurnal sahifalarida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan hayotbaxsh yangilanishlar, Vatanimiz tarixi aks etgan tahliliy maqolalar, ziyolilarimiz, siyosatshunos va yozuvchilarimiz asarlari e’lon qilib boriladi.

    Birinchi sonning ilk sahifalari ozar shoiri Akif Bag‘irning “O‘zbek kelayotir...” nomli tantanavor she’ri bilan boshlanadi.

    Bundan tashqari, jurnalda O‘zbekiston Qahramoni va O‘zbekiston xalq shoirlari Abdulla Oripov hamda Erkin Vohidov she’rlarini, Jadid bobomiz Fitratning “Yurt qayg‘usi” sochmasi, shuningdek, bir qator ziyoli olim va siyosatshunoslarning maqolalarini o‘qishingiz mumkin.

    Masalan, jurnaldagi Qozoqboy Yo‘ldosh qalamiga mansub “Buzilmas qo‘rg‘on” maqolasida til, millat, milliy ong tushunchalari keng yoritilgan.

    Shuningdek, jurnaldan o‘rin olgan Xayriddin Sulton qalamiga mansub “Onamning yurti” hikoyasi, Muhammad Yusufning samimiy satrlari, Shoyim Bo‘tayev, K.G.Yung, Tog‘ay Murod asarlari, Olimjon Davlatov tahliliy maqolasi, Sirojiddin Sayid she’rlarida vatanimizning fusunkor tabiati, mehribon odamlari, olim-u fuzalolari haqida so‘z boradi.

    Yangi O‘zbekistonga yangi ovoz va to‘lqin bilan kirib kelayotgan jurnal faoliyatiga muvaffaqiyat tilaymiz. Mushtariylarga esa yangi jurnal muborak bo‘lsin.