Yoʻl harakati qoidabuzarliklariga qoʻllanilgan jarima aholi daromadlariga qanchalik mutanosib?

    Ijtimoiy hayot 5 Iyul 2021 2177

    Bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida avtomobil yoʻllarini nazorat qilish va yoʻl harakati qatnashchilari tomonidan yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini taʼminlash masalalari dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

    Hech kimga sir emaski, soʻnggi vaqtlarda yoʻl harakati sohasidagi qoidabuzarliklar va qanchalik achinarli boʻlmasin insonlar oʻlimi bilan yakunlanuvchi yoʻl transport hodisalarining soni ortib bormoqda. Ammo, bir narsani alohida taʼkidlash joizki, yoʻl harakati sohasidagi qoidabuzarliklar uchun belgilangan jarima va jazo choralari aholining iqtisodiy imkoniyatlariga mos kelishi zarur. Bu masala, ayniqsa, 2020-yildan boshlab butun dunyoda va Oʻzbekistonda davom etib kelayotgan karantin cheklovlari hamda buning oqibati sifatida aholi iqtisodiy-ijtimoiy imkoniyatlarining yomonlashuvi fonida yana-da dolzarb ahamiyat kasb etadi.

    Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida yuqoridagi masalalar qanday tartibga solingan?

    Oʻzbekiston Respublikasi yoʻl harakati xavfsizligi sohasi Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 24-dekabrdagi 370-sonli Qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl harakati qoidalariga muvofiq tartibga solinadi.

    Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash – yoʻl-transport hodisalari yuzaga kelishi sabablarining oldini olishga, bunday hodisalar oqibatlarining ogʻirligini kamaytirishga qaratilgan faoliyat hisoblanishi belgilangan. Haqiqatdan ham, mamlakatimizda yoʻl transport hodisalarini keltirib chiqarayotgan sabablarning oldini olish va ular keltirib chiqargan oqibatlarning ogʻirligini kamaytirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan izlanishlar va amaliy chora-tadbirlarning asosiy sababi sifatida yoʻl transport hodisalari oqibatida insonlarning sogʻligʻiga jiddiy zarar yetayotganini va insonlar oʻlimi bilan yakunlanayotgan yoʻl transport hodisalari sonining ortib borayotganligini keltirish mumkin. Misol uchun sohaga avtomatlashtirilgan foto-video tasvirga olish vositalari va boshqa axborot-texnologiya vositalari deyarli toʻliq tadbiq etildi hamda ushbu vositalar orqali yoʻl harakati qatnashchilarining yoʻl harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini yana-da oshirish va yoʻl transport hodisalari sonini kamaytirishda sezilarli natijalarga erishildi.

    Sohadagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi yana bir asosiy normativ-huquqiy hujjat Yoʻl harakati qoidalarini keltirishimiz mumkin. Aynan Qoidalarida avtomobil yoʻllarida transport vositalarining tezligi masalalari batafsil belgilangan. Yoʻl harakati qoidalarining 78, 79, 80 va 81-bandlarida transport vositalari va yoʻllarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda eng yuqori tezlik hamda haydovchilarning transport vositasining tezligi bilan bogʻliq majburiyatlari belgilangan. Xususan, 78-bandga muvofiq, aholi punktlarida transport vositalarining tezligini soatiga 70 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) esa soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi. 81-bandida haydovchilarga tezlikni mazkur transport vositasining texnik tavsifnomasida koʻrsatilgan eng yuqori tezlikdan oshirish, zaruriyat boʻlmaganda juda past tezlikda harakatlanib, boshqa transport vositalariga xalaqit berish va boshqalar taqiqlanishi belgilangan. Mazkur holat koʻrsatib turibdi-ki, aholi istiqomat qiluvchi hududlar transport vositasi tezligini oshirish uchun eng xavfli hududlar hisoblanadi. Lekin bir vaqtning oʻzida avtomobil yoʻllarida harakatlanishning oʻziga xosliklaridan kelib chiqib, yoʻl harakatining har bir qatnashchisi xavfsizligini taʼminlash maqsadida haydovchilarga zaruriyat boʻlmaganda juda past tezlikda harakatlanish ham taqiqlanadi. Undan tashqari, Qoidalarga muvofiq, avtomatlashtirilgan foto-video tasvirga olish vositalari va radardan foydalanishga nisbatan statsionar maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda doimiy yoʻl belgilarini, koʻchma maxsus texnika vositalaridan foydalaniladigan joylarda esa koʻchma ustunga vaqtinchalik yoʻl belgilarini oʻrnatish koʻzda tutiladi. Biroq amaliyotda mazkur masala – koʻchma ustunga vaqtinchalik yoʻl belgilarini oʻrnatish bir qator muammolarni keltirib chiqarmoqda.

    Barchamizga maʼlumki, zamonaviy demokratik davlatda qonunbuzarlik holatlari uchun jazo muqarrar boʻlishi va qonun ustuvorligi taʼminlanishi lozim. Yoʻl harakati qoidalarida transport vositalari uchun belgilangan tezlik cheklovlaridan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksining 1283-moddasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganligi uchun jazo choralari nazarda tutilgan. Mazkur moddaning birinchi qismi sanksiyasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kilometrdan koʻp boʻlmagan kattalikda oshirib yuborganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida jarima, beshinchi qismi sanksiyasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini soatiga 40 kilometrdan ortiq kattalikda xuddi shunday huquqbuzarlik uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror oshirib yuborishi va boshqa bir qator holatlar uchun transport vositasini boshqarish huquqidan ikki yil muddatga mahrum qilish yoki bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida jarima solishga sabab boʻladi.

    Shu oʻrinda, jarima miqdorlari aholining real daromadlaridan kelib chiqib belgilanganligi masalalari ham dolzarb ahamiyat kasb etayotganligini alohida taʼkidlash joiz. Chunki, bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari 2021-yil iyun oyi holatiga koʻra 245 ming soʻmni tashkil etmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi aholisining amaldagi oʻrtacha oylik ish haqi qancha?

    Birinchidan, Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra 2020-yil uchun oʻrtacha oylik ish haqi 2 mln 667 ming soʻmni tashkil etadi;

    Ikkinchidan, Xalqaro valyuta fondining 2020-yil uchun maʼlumotlariga muvofiq, Oʻzbekiston yalpi ichki mahsulotining aholi jon boshiga hisobi 7 449 dollarni tashkil etgan.

    Agar belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari eng yengil jazo sanksiyasi sifatida oʻrtacha oylik ish haqining deyarli 10 foizini tashkil etadigan boʻlsa, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari eng ogʻir jazo sanksiyasi sifatida oʻrtacha oylik ish haqining deyarli 3 barobarini tashkil etmoqda. Mazkur holat hozirda fuqarolarimizning iqtisodiy manfaatlariga mos kelmayapti.

    Bugungi zamonaviy dunyo, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun oʻrtacha oylik ish haqining hattoki yarmidan koʻproq miqdorida jarima belgilanishini normal holat sifatida hisoblamaydi va buni xorijiy davlatlarning qonunchiligida avtomobil yoʻllarida harakat tezligini meʼyoridan oshirganlik uchun belgilangan jazo sanksiyalari orqali koʻrishimiz mumkin. Bunda bir narsani alohida taʼkidlash joizki, bir qator xorijiy davlatlarda hattoki inson oʻlimi bilan yakunlanuvchi avtotransport hodisalari qanchalik ortib bormasin, yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorining oshirilishi mazkur muammoga yechim sifatida qaralmaydi.

    Misol uchun Oʻzbekiston Respublikasining 3.6.1-sonli yoʻl transport hodisasi natijasida oʻlim darajasi Milliy indikatoriga muvofiq, 2000-yilda yoʻl transport hodisasi oqibati oʻlim holatlari har 100 ming aholi jon boshiga nisbatan 8,6 mingni tashkil etgan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2019-yilga kelib 6,2 mingga kamaydi, vaholanki mazkur davr mobaynida avtomobil yoʻllarida harakat tezligi meʼyoridan oshirganligi uchun jazo sanksiyalarining miqdori deyarli oʻzgarmagan.

    Xorijiy davlatlarning qonunchiligida yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jazo choralari qancha miqdorda belgilangan?

    Xorijiy davlatlarda yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun belgilangan jazo sanksiyalarining miqdori va ularning aholining oʻrtacha oylik ish haqi nisbati alohida eʼtibor talab etadi. Ayrim davlatlarning Yoʻl harakati qoidalariga koʻra avtomobil yoʻllarida transport vositasining tezligiga nisbatan quyidagi cheklovlar va ularga nisbatan jazo sanksiyalari qoʻllanilgan:

    Fransiya Respublikasida eng yengil jazo sanksiyasi sifatida belgilangan tezlikni 20 km soatgacha oshirganlik uchun 68 yevro miqdorida jarima, eng ogʻir jazo sanksiyasi sifatida belgilangan tezlikni 50 km soatdan oshirganlik uchun 1,500 yevro miqdorida jarima belgilangan. Fransiya Statistika va iqtisodiy tadqiqotlar milliy institutining maʼlumotga koʻra 2020-yil uchun oʻrtacha oylik ish haqi 3 085 yevroni tashkil etgan, bunda 68 yevro oʻrtacha oylik ish haqining 2,2 foizini, 1,500 yevro esa oʻrtacha oylik ish haqining 50 foizini tashkil etadi;

    Polsha Respublikasida eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan oshirganlik uchun 50 zlotagacha jarima, eng ogʻir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 50 km soatdan oshirganlik uchun 400 dan 500 zlotagacha jarima belglangan. Polsha Statistika bosh boshqarmasining 2020-yil uchun maʼlumotlariga koʻra mamlakatda oʻrtacha oylik ish haqi 5411 ming zlotani tashkil etadi. Bunda, 50 zlota oʻrtacha oylik ish haqining 1 foizini, 500 zlota esa oʻrtacha oylik ish haqining 10 foizini tashkil etadi;

    Finlyandiyada eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan oshirganlik uchun – 170 yevro (aholi yashash punktida), 140 yevro (aholi yashash punktidan tashqari joyda) jarima, eng ogʻir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 48 km soatdan 50 km soatgacha oshirganlik uchun – belgilangan kunlik tarifning 28 barobari (aholi yashash punktidan tashqari joyda) jarima belgilangan. Finlyandiya Statistika boshqarmasining maʼlumotlariga koʻra 2020-yilda mamlakatdagi oʻrtacha oylik ish haqi 3 313 yevroni tashkil etadi. Bunda, 170 yevro oʻrtacha oylik ish haqining 5,1 foizini tashkil etadi;

    Ozarbayjon Respublikasida eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan 20 km soatgacha oshirganlik uchun – 10 manatgacha jarima; eng ogʻir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 61 km soat va undan yuqorigacha oshirganlik uchun – 250 manatgacha jarima belgilangan. Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra 2021-yilning 1-mart holatiga oʻrtacha oylik ish haqi 692,3 manatni tashkil etadi. Bunda, 10 manant oʻrtacha oylik ish haqining 1,5 foizini, 250 manat esa oʻrtacha oylik ish haqining 36 foizini tashkil etadi;

    Germaniya Federativ Respublikasida eng yengil jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 10 km soatdan oshirganlik uchun – 30 yevro jarima; eng ogʻir jazo sanksiyasi sifatida tezlikni 70 km soat va undan yuqorigacha oshirganlik uchun – 680 yevrogacha jarima belgilangan. Federal statistika boshqarmasining maʼlumotiga koʻra 2021-yilda oʻrtacha oylik ish haqi 4,035 yevroni tashkil etadi. Bunda, 30 yevro oʻrtacha oylik ish haqining 0,1 foizini, 680 yevro esa oʻrtacha oylik ish haqining 16,8 foizini tashkil etadi.

    Yuqoridagi statistik maʼlumotlarni koʻrishimiz mumkinki, tezlikni meʼyoridan oshirganlik uchun oʻrtacha oylik ish haqqiga nisbatan eng yengil jazo chorasi 5,1 foizdan, eng ogʻir jazo chorasi esa 36 foizdan oshmayapti, Oʻzbekiston Respublikasida esa mazkur holat oʻrtacha oylik ish haqqiga nisbatan eng yengil jazo chorasi 10 foizni, eng ogʻir jazo chorasi esa oʻrtacha oylik ish haqining deyarli 3 barobarini tashkil etyapti, yaʼni eng ogʻir jazo chorasi qoʻllanilgan taqdirda aksariyat fuqarolar 3 oylik daromadlarini jarima uchun toʻlashiga toʻgʻri kelyapti.

    Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun Oʻzbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar qonunchiligining tahlili hamda bugungi koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq shart-sharoitlarning fuqarolar iqtisodiy imkoniyatlariga taʼsiri quyidagilarni xulosa qilish imkoniyatini bermoqda:

    birinchidan, bugungi kunda Oʻzbekiston Respublikasida transport vositalari haydovchilarining belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganligi uchun qonunchilikda oʻrnatilgan jazo sanksiyalari aholining iqtisodiy imkoniyatlariga mutanosib emas hamda ularni qayta koʻrib chiqish ehtiyojini keltirib chiqarmoqda;

    ikkinchidan, 2020-yilda boshlangan va 2021-yilda ham butun dunyoda davom etayotgan koronavirus pandemiyasi Oʻzbekistonda aholining iqtisodiy-ijtimoiy holatiga oʻz taʼsirini oʻtkazdi hamda buning oqibatida baʼzi fuqarolarimizning daromadlarida uzilishlar boʻlmoqda;

    uchinchidan, Yoʻl harakati qoidalariga rioya etilishini nazorat qilishning aniq mexanizmlarini va huquqiy asoslarini shakllantirish zarur. Masalan, tadbirkorlik subyektlari tomonidan avtomatlashtirilgan foto- video tasvirga olish vositalaridan foydalanilgan holda avtomobil yoʻllarida transport vositalarining harakat tezligi tasvirga olinganda tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyatining qonuniyligini taʼminlash maqsadida koʻchma ustunga vaqtinchalik yoʻl belgilisini oʻrnatgan yoki oʻrnatmaganligini aniqlashtirish masalasi ochiqligicha qolmoqda;

    toʻrtinchidan, Yoʻl harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorini belgilashda asosiy indikator sifatida aholining oʻrtacha oylik ish haqini hisobga olishni bugungi shart-sharoitlar talab qilmoqda.

    Mazkur takliflarning amaliyotda oʻz ifodasini topishi:

    birinchidan, fuqarolar, ayniqsa, haydovchilarning iqtisodiy shart-sharoitini yaxshilashga;

    ikkinchidan, jarimalar miqdorlarini bugungi kun talablari asosida qayta koʻrib chiqilishi va adolatli tarzda belgilanishiga;

    uchinchidan, koronavirus pandemiyasi sharoitida aholini qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlarning tizimliligini taʼminlashga xizmat qiladi.

    Akbarshoh TESHABOYEV,

    Amirbek KENJAYEV

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi

    Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari

    instituti xodimlari