Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining ayrim moddalari sanksiyalarida kodeksning prinsiplariga nomuvofiq boʻlgan kamchiliklar mavjud. Xususan, baʼzi huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jazo choralarining miqdori kodeksning insonparvarlik va odillik prinsiplariga mos kelmaydi. Mazkur omillarga koʻra, qonun loyihasi bilan kodeksdagi 5 ta moddaning sanksiyasi miqdori kamaytirilmoqda.
Jumladan, yoʻl harakati sohasidagi huquqbuzarliklar uchun belgilangan maʼmuriy javobgarliklar miqdori zamon talablari va xavflilik darajasiga mos emas. Bunga transport vositasini boshqarish vaqtida haydovchilarga bluetooth, quloqchin va qoʻlni band qilmaydigan boshqa garnituralardan foydalanish, transport vositasi salonining old qismiga oʻzboshimchalik bilan monitor (displey) oʻrnatish uchun javobgarlik belgilanganligi hamda haydovchilarning belgilangan tezlik harakatini oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlamagan holda javobgarlikka tortish holatlarini misol sifatida keltirish mumkin.
Bu borada fuqarolarning takliflari inobatga olingan va xorij tajribasidan kelib chiqqan holda qonunchilikka oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda. Xususan, muddati oʻtgan sugʻurta polisi yoki sugʻurta polisida nazarda tutilmagan shaxs avtotransport vositasini boshqargani uchun (1351-moddaning birinchi qismi), transport vositalari egalari tomonidan sugʻurta polisini olmaganlik uchun (1351-moddaning ikkinchi qismi) jarima miqdori fuqarolar uchun ikki baravarga, mansabdor shaxslar uchun uchdan bir qismga kamaytirilmoqda.
Bundan tashqari, haydovchilarga transport vositasini boshqarish paytida bluetooth, quloqchin va qoʻlni band qilmaydigan boshqa garnituralardan foydalanishga ruxsat berilyapti. Transport vositasi salonining old qismiga oʻzboshimchalik bilan monitor (displey) oʻrnatish uchun javobgarlik bekor qilinishi, belgilangan harakat tezligini oshirib yuborganda tezlikni oʻlchaydigan maxsus uskunalar qayd etgan tezlikdan soatiga 5 kilometr ayirib tashlagan holda hisoblash belgilanmoqda.
Qonun bilan yoʻl harakati sohasidagi huquqbuzarliklarga kiritilayotgan muhim oʻzgarishlardan biri transport vositasini boshqarish huquqini beruvchi hujjat, sugʻurta polisi, texnika pasporti boʻlmagan haydovchilarga Oʻzbekiston Respublikasida berilgan shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida transport vositasini boshqarish huquqi berilmoqda. Bunda ushbu hujjatlar mavjudligini DYHXX xodimi transportni toʻxtatgan joyida elektron tizim orqali tekshiradi.
Yuqoridagilar bilan birga, yoʻlovchilarni litsenziyasiz tashish bilan shugʻullanganlik uchun jarima miqdori uch baravarga, pasport tizimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdori ikki baravardan koʻproqqa kamaytirilmoqda, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.