Fan – taʼlim – ishlab chiqarishning uzviy aloqadorligi qanday imkoniyatlarni ishga solishga asos boʻladi?

    Fan 7 Iyul 2023 2625

    Butun insoniyat fan–taʼlim va ishlab chiqarishning amaliy natijalaridan bahramand boʻlib kelmoqda. Zotan, taraqqiyot ushbu tizimlarning uzviy aloqadorligiga bogʻliq.

    Mamlakatimizda ham texnoparklar, robototexnika va mexatronika, IT texnologiyalar, muqobil energetika hamda biotexnologiya innovatsion loyihalar, startaplar jadal rivojlanayotir.

    Ayni paytda bu muhim uch tizimning yaqin oʻtimishdagi holatini koʻrib beixtiyor “Oqqush, choʻrtan baliq va qisqichbaqa” ertagi yodga keladi. Nima uchun deysizmi? Chunki, oldinlari oʻta tarqoq uch tizim, yaʼni fan–taʼlim–ishlab chiqarish xuddi shu ertakdagidek, uch tomonga sudragan holda samarasiz faoliyat yuritardi. Ayrim soha va tarmoq kadrlar diplomi tokchalarda chang bosib yotar, tegishli sohaga oʻqigan, ammo ishsiz mutaxassislar ham oz emasdi. Ilm-fan yutuqlari esa qogʻozda qolib ketar, ishlab chiqarish samaradorligi juda pasayib ketgandi.

    Bu kamlik qilganidek, iqtisodiyotning haqiqiy lokomotivi boʻlgan injener, texnolog, agronom-mexanizator kabi muhim mutaxassislar kamayib, bu kabi sohalarga eʼtibor yetarli darajada emasdi. Vaholanki, fan – taʼlim – ishlab chiqarish tizimlarining uzviy aloqadorligini taʼminlash har bir davlatning barqaror rivojlanishida muhim omil hisoblanadi...

    Hozirda yurtimizda fan–taʼlim–ishlab chiqarishda uzviy xalqa tiklanib, klaster shaklida faoliyat yuritishi uchun barcha zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Jumladan, oliy taʼlim oʻquv jarayonlariga ishlab chiqarish korxonalarining malakali va tajribali mutaxassislari ham jalb qilinayotir. Oʻz navbatida, oliy oʻquv yurtlari talabalari, professor-oʻqituvchilari va ilmiy xodimlari ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot va stajirovka oʻtashi tizimli yoʻlga qoʻyilmoqda.

    Endi oliy oʻquv yurtlari iqtisodiyotdagi zamonaviy korxonalarning rivojlanish istiqbollaridan kelib chiqqan holda mutaxassislar tayyorlaydi. Talabalar olayotgan nazariy bilimini innovatsion hamkorlik asosida xuddi oʻsha korxonalarda amaliy tomondan mustahkamlaydi. Ular shu davrda oʻzlarini qiziqtirgan mavzuda innovatsion loyihalarni shakllantirish, yaratilgan ishlanmalarni korxonalar amaliyotiga joriy etish va tijoratlashtirish faoliyatini amalda oʻrganishadi. Masalan, joriy yilning oʻzida “Oʻzbekneftgaz” jamiyatining 3 ta ishlab chiqarish korxonasi, 6 ta taʼlim tashkiloti va 4 ta ilmiy-tadqiqot va malaka oshirish muassasasidan iborat neft va gaz sohasida taʼlim — ishlab chiqarish klasteri tashkil etildi. Oliy taʼlim muassasalarida dars berish uchun ishlab chiqarish korxonalarining malakali va tajribali 20 nafar mutaxassisi jalb qilindi, talabalar hamda professor-oʻqituvchi va ilmiy xodimlarning ishlab chiqarish korxonalarida amaliyot va stajirovka oʻtashi tashkil etildi. Shu qatorda iqtidorli talabalar uchun ishlab chiqarish korxonalari stipendiyalari joriy etildi. Bu yuqorida aytilgan uch tizimning uygʻunlikda ishlashiga oid ayrim natijalar, xolos.

    “Oʻzbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarish korxonalarining 24 xodimiga bakalavriat va 6 nafariga magistraturada oʻqish uchun tavsiyanoma berilgan. Ahamiyatlisi, oʻquv-kontrak toʻlovlari ishlab chiqarish korxonalari tomonidan amalga oshirilgan.

    Buning mantiqiy davomi sifatida korxonalar qoshida oʻquv markazlari ochilib, ularda xodimlar qayta tayyorlash va malakasini oshirish kurslarida oʻqishi yoʻlga quyildi.

    Taʼlim, fan va ishlab chiqarishning oʻzaro sherikchiligi kadrlarning nazariy va amaliy tomondan innovatsion qobiliyati shakllanishiga asos boʻlmoqda. Masalan, Fanlar akademiyasining 65 akademigi 33 ta akademik litsey, 27 ta kasb-hunar kolleji, 29 ta oliy taʼlim muassasasiga biriktirildi. Endi ustozlar iqtidorli yoshlarni topish, ularni tegishli mutaxassisliklarga jalb eta olish imkoniyati yaratildi.

    Albatta, ilm-fan haqida gapirilganda gender tengligi indikatorini unutmaslik muhim. Jamiyatda va ilmiy faoliyatda xotin-qizlar faolligini yanada oshirish, ularning samarali ishtiroki yuzasidan shart-sharoitlar yaratilishi natijasida bugungi kunda ilmiy darajada tasdiqlanganlar tarkibida ayollarning ulushi 40 foizga yaqinni tashkil etadi (DSc boʻyicha 31 foiz, PhD boʻyicha 36 foiz).

    Yoki yana bir misol. Oʻtgan yili “Hududiy elektr tarmoqlari” AJning “Elektr energiyasini hisobga olishni avtomatlashtirish markazi”da “Oʻzbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini raqamlashtirish sharoitida elektr tarmoqlari korxonalarini innovatsion rivojlantirish” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi. Gruziya, Koreya, Rossiya va Germaniyaning soha ekspertlari, energetika kompaniyalari vakillari hamda olimlar, ilmiy va amaliy xodimlar, doktorantlar va bakalavriat talabalari ishtirok etgan tadbir yakunida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ va Toshkent davlat texnika universiteti oʻrtasidagi hamkorlik Memorandumi” imzolandi. Shuningdek, “2021–2025-yillarda Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universitetida “Elektr taʼminoti” sohasi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish” boʻyicha “Yoʻl xaritasi” tuzildi va unda belgilangan vazifalar tizimli amalga oshirilmoqda. Bu kabi tadbirlar ishlab chiqarish korxonasi va oliy taʼlim oʻrtasidagi hamkorlikning yorqin ifodasi desak mubolagʻa boʻlmaydi.

    Oxirgi yillarda yurtimizda olib borilayotgan tub islohotlar natijasida ilm–fan va innovatsiyalar ustuvor sohaga aylanmoqda. Jumladan, bitta ilmiy loyihani moliyalashtirish hajmi 3,5 barobar koʻpayib, mamlakatimizning yetakchi oliy oʻquv yurtlari yirik ilmiy-tadqiqot markazlariga aylanib borishi eʼtiborga loyiqdir. Endi oliy taʼlim muassasasining vazifasi faqat talabalarni oʻqitish emas, balki izchil ilmiy faoliyat olib borishi, yoshlarni ilmiy tadqiqotlarga jalb qilishi va yirik loyihalarni amalga oshirishi ham lozim.

    Aytaylik, Toshkent davlat texnika universitetida faoliyat koʻrsatayotgan 18 ta ilmiy­tadqiqot va innovatsiya markazida professor–oʻqituvchilar, tadqiqotchilar, yosh olimlar va iqtidorli talabalar iqtisodiyotning turli tarmoq va sohalarini ilmiy–texnik rivojlantirishga xizmat qiladigan ustuvor yoʻnalishlarda tadqiqotlar olib bormoqda. Fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro manfaatli hamkorlik mexanizmini yoʻlga qoʻyish hamda raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ularni ish bilan taʼminlash jarayonida ishlab chiqarish korxonalari bilan aloqalarni kuchaytirish maqsadida 7 ta ilmiy-texnik kengash faoliyat yuritayapti. Mazkur universitet tarmoq ishlab chiqarish korxonalari bilan 135 dan ortiq innovatsion korporativ hamkorlik shartnomasi imzolagan.

    Birgina 2021-yili universitetda ishlab chiqarish korxonalari buyurtmasi asosida jami 2956,14 million soʻmlik ilmiy­tadqiqot ishlari bajarilgan edi. Ularni tijoriylashtirish boʻyicha Navoiy kon­metallurgiya kombinati bilan qiymati 1080 million soʻmlik 3 ta loyiha, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati bilan 280 million soʻmlik 1 ta loyiha, “Oʻzbekneftgaz” AJ bilan 102 million soʻmlik 2 ta loyiha, “Qizilqumgeologiya” korxonasi bilan 600 million soʻmlik 1 ta loyiha amalga oshirilgan edi. Bu kabi misollar koʻp boʻlmasa-da, jarayonning boshlanishiga imkon yaratilganining oʻzi dadil qadamdir.

    Xulosa qilar ekanmiz, fan—taʼlim—ishlab chiqarishning klaster shaklida ishlashi iqtisodiyotning haqiqiy lokomotivi boʻlgan injener, texnolog, agronom-mexanizator kabi mutaxassislarning sifat va son jihatdan koʻpayishiga, bu esa oʻz navbatida, sanoatni yuqori malakali kadrlar bilan taʼminlashga, ilm-fan yutuqlarini ishlab chiqarishga toʻgʻridan-toʻgʻri tatbiq etishga xizmat qilishi shubhasiz.

    Feruza OʻSAROVA,

    OʻzR FA huzuridagi Oʻzbekistonning eng yangi tarixi markazi

    direktori v.b., siyosiy fanlar nomzodi, dotsent